
“Kelajak soati” 5-mavzu
1-oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Dars ssenariysi
Dastlabki 25 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.
🟦 1. KIRISH, ASOSIY QISMLAR. Motivatsion qism (10 daqiqa).
Dars avvalida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida oʻqituvchi va murabbiylar obroʻsini oshirish haqidagi fikrlari aks etgan rolik namoyish etiladi.
Oʻqituvchi: Aziz o‘quvchilar!
Bugungi darsimizni boshlashimizdan oldin ekranga nazar tashlasangiz, sizga zamonamiz qahramoni, ingliz tili o‘qituvchisi Billura Ikramova haqida hujjatli film namoyish etamiz.
“Yo‘l” hujjatli filmi. Film Buyuk Britaniyada tahsil olib, Romitandagi 38-maktabda o’qituvchilik qilayotgan Billura Ikromova haqida. Olis cho‘l hududidagi maktabga borish uchun Billura har hafta 250 km masofani bosib o‘tadi va uning o‘quvchilari yutuqlarga erishmoqda.
Filmdan ko‘rinib turibdi-ki, bugungi mavzumizda kimlar haqida gaplashamiz?
O‘quvchilar: Ustoz va murabbiylar haqida.
O‘qituvchi: juda to‘g‘ri. Bugun yurtimizda har yili nishonlanadigan eng aziz bayramlardan biri “1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” haqida gaplashamiz.
Savol!
"USTOZ" so‘zini eshitganingizda nimalar xayolingizga keladi?
Masalan, men ustozimni yonib turgan shamga o‘xshataman. Siz-chi? Keling, shu haqida mashhur insonlar fikrini bilsak, ularning hayotida ustozlari qanday o‘rin tutgan? Videolavhani tomosha qilamiz.
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, akademik Ahmadali Asqarov, boks bo‘yicha ikki karra olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov hamda yosh tadbirkor Hilola Obidova o‘z ustoz va murabbiylari haqida qiziqarli hikoya soʻzlab berishdi.
O‘qituvchi: O‘qituvchi -jamiyat qalbining muhandisi. U nur sochib, zulmatga yo‘l ko‘rsatadi. Uning og‘ir yukini hech bir tarozi tortolmaydi, sabrini esa hech bir kitob bayon eta olmaydi. Ustozlik - bu kasb emas, bu fidoyilikdir! Keling, o‘qituvchi va murabbiylar haqida dunyo bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarni ko‘rib chiqamiz.
Tailand: Har yili 16-yanvar - O‘qituvchilar kuni (Wan Kru) sifatida nishonlanadi. O‘quvchilar ustozlarining oldiga kelib, jasorat va bardamlik timsoli bo‘lgan gullardan iborat maxsus kompozitsiya tortiq qilishadi. O‘qituvchining oldida tiz cho‘kib, peshonasini polga tekkizish (eng yuqori hurmat belgisi) marosimi o‘tkaziladi.
Hindiston: 5-sentabr - O‘qituvchilar kuni bo‘lib, bu sana sobiq prezident va ustoz Sarvapalli Radhakrishnan tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan. Ko‘p joylarda o‘quvchilar o‘sha kuni o‘zlarini ustozdek tutib, kichik sinflarga dars berishadi.
Afrika: O‘qituvchi maktabga kirganda bolalar unga qo‘shiq aytib, raqs bilan kutib olishadi. Har yili O‘qituvchilar kuni o‘qituvchilar uchun maktab sport maydonida maxsus tantanali yurish tashkil etiladi.
Turkiya: 24-noyabrda ustozlar kuni nishonlanadi. O‘quvchilar ustozlariga shaxsiy maktublar yozib, ularni ochiq dars jarayonida o‘qib berishadi.
Finlyandiya: Ustozlar eng yuqori ijtimoiy maqomga ega kasblardan biri hisoblanadi. Maktablarda o‘quvchilar o‘qituvchini ismi bilan chaqirishadi, lekin bu hurmatsizlik emas - bu ishonch va ochiqlik belgisi.
Yaponiya: O‘qituvchiga hurmat ramzi sifatida 7 marta engashib salom berish an’anasi mavjud.
Ø 2024-2025-yillar holatiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 90 millionga yaqin o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda (UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra).
Ø Eng ko‘p o‘qituvchi Hindiston (9 mln), Xitoy (7 mln) va AQShda (3 mln) mavjud.
Ø Dunyo bo‘yicha o‘qituvchilarning qariyb 70% ayollar hisoblanadi.
Ø Albert Eynshteyn: Ilk fizikani o‘z otasidan va boshlang‘ich maktabdagi o‘qituvchisi Max Talmeydan o‘rgangan.
Ø Global Teacher Prize — har yili dunyodagi eng yaxshi o‘qituvchiga beriladigan mukofot. Mukofot miqdori: 1 million AQSh dollari.
Ø Sushma Verma (Hindiston) - 15 yoshida dars bera boshlagan. IQ testi bo‘yicha u 25 yoshdagi odam darajasida edi.
Ø Aristotel — Aleksandr Makedonskiyga shaxsan ustozlik qilgan. Shogirdlari orasida bir necha shoh va sarkardalar bor edi.
Oʻqituvchi: Aziz oʻquvchilar, keling, hozir hammamiz birgalikda mashhur ustoz va shogirdlar haqidagi jumboq-lavhani tomosha qilamiz
Sharq dunyosidagi mashhur insonlarning mashhur ustozlarini toping. Video sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan. O‘quvchilar javoblari tinglangandan keyin, jumboq-lavhani javobli varianti ham beriladi.
Mana azizlarim, har bir insonning porloq kelajagi ortida ustozning duosi, sabri, ishonchi va mashaqqatli mehnati turadi. Zamona shoiri aytganidek:
Iymon qayda edi, ustoz bo‘lmasa,
Urfon qayda edi, ustoz bo‘lmasa.
Sohibqiron qayda, Navoiy qayda,
Cho‘lpon qayda edi, ustoz bo‘lmasa!
Yo‘qsillar yurtiga dunyo keltirgan,
Sahrolar bag‘riga daryo keltirgan,
Ul yurtdan bul yurtga ziyo keltirgan,
Karvon qayda edi, ustoz bo‘lmasa!
(O‘lmasbek Samarqandiy)
O‘qituvchi: Azizlar, qadimda ilmga chanqoq shogirdlar ustozsizlikni zulmatga qiyoslashgan. Mashhur allomalarimiz – Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek, Alisher Navoiy – barchasi ustozlariga chuqur hurmat bilan qaragan. Ustoz-shogird an’anasi bizning madaniyatimizning muhim poydevorlaridan biridir.
Ustod muallimsiz qolsa gar zamon,
nodonlikdan qora bo‘lardi jahon,
degan edi Abdurahmon Jomiy. Yodingizda tuting, har bir buyuk insonning orqasida albatta bir ustoz turgan. Sohibqiron Amir Temur o‘z ustozi Hazrat Mir Sayyid Baraka (Kulol) ni o‘z piri deb bilgan va katta janglarga kirishidan oldin ustozidan duo olgan. Dunyoni larzaga solgan buyuk sarkardaning qabri ham ustozining poyida joylashganligi o‘sha davrda ham ustoz maqomini qanchalik ulug‘langanligidan dalolat beradi
Shu o‘rinda, Samarqand shahridan “Kelajak soati” darsi uchun ustozlar kuniga bag‘ishlangan shu videolavhani e’tiboringizga havola etsak. Goʻri Amir maqbarasida buyuk ustoz-shogirdning qabrlari yonma-yon joylashgan. Bu haqida videolavha beriladi.
3. YAKUNIY QISM (5 daqiqa)
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqlarida ustozlar haqida shunday degan edilar: “Biz ustozlarni har doim boshiga ko‘tarib e’zozlagan ma’rifatparvar xalq vakillarimiz. Tariximizdagi qaysi mashhur ajdodimizni olmaylik ularni barchasi ustozlarga yuksak ehtirom bilan qaraganlariga guvoh bo‘lamiz. Ustozini, muallimini e’zozlagan jamiyat har doim ravnaq topadi va gullab yashnaydi. O‘qituvchining qadr-qimmati baland bo‘lgan xalqning obro‘-e’tibori, albatta, yuksak bo‘ladi. Hayotda har bir ezgulik, har bir kashfiyot va yutuqning zamirida o‘qituvchining mehnati va bardoshi bor desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shu bois, qanday muvaffaqiyat va natijaga erishgan bo‘lsak, albatta, bu yutuqlarda aziz ustozlarimizdan olgan tarbiyamiz, ta’limimiz bizga yo‘ldosh va yelkadoshdir. Ta’lim sohalari ichida eng dolzarbi maktab va eng muhimi o‘qituvchilik”.
Bugun yurtimizda o‘qituvchining obro‘sini oshirish, ularning mehnatini qadrlash borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda:
Mahoratli pedagoglarning mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda;
“Ustoz-shogird” maktablari yo‘lga qo‘yilmoqda, tajribali o‘qituvchilar yoshlarni o‘qitmoqda;
O‘qituvchilarga munosib ishlash sharoiti yaratildi. Hatto, 2024-yil 1-fevralda “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi;
Ijodiy va ilmiy loyihalar uchun grantlar ajratilmoqda;
Ustozlarimiz bir qator davlat mukofotlariga sazovor bo‘lmoqdalar.
Menimcha hozir sanab o‘tilgan islohotlardan keyin ko‘pchilikda o‘qituvchi bo‘lish ishtiyoqi yanada oshdi.
O‘qituvchi: Mana aziz o‘quvchilar, ustoz e’tibori — bu kelajak sari ochilgan eshik ekaniga guvoh bo‘ldingiz. O‘qituvchi o‘z o‘quvchisining ichki dunyosini his qila olsa, u o‘quvchini hayot yo‘nalishini to‘g‘rilay oladi. Bu kasb — bolalarning faqat bilimini emas, taqdirini ham shakllantiradi. Ustoz mehr berib, samimiy ishonch bilan qarasa, har qanday qalbdagi qorong‘ilik yorishadi. Hozirgi kunda ham har birimizning hayotimizda ustoz bor – kimdir o‘qituvchi, kimdir hayot saboqini bergan inson. Muhimi, bu inson bizni o‘zgartirgan, o‘sishga undagan bo‘lsa, u – USTOZ.
Dars hafta hikmati bilan yakunlanadi.
Hafta hikmati:
"Ustoz yonib turgan sham bo’lsa go‘yo,
Sabog‘i taratgay ko‘ngilga ziyo”.