“Kelajak soati” 7-mavzu
Boqiy shaharlarimiz
Dars ssenariysi
Dars boshlanishida har bir o‘quvchiga qog‘ozdan yasalgan samolyotcha tarqatiladi. O‘quvchilarga bu samolyotchalarni parta ustiga qo‘yib qo‘yish, o‘qituvchi aytgan paytda undan foydalanish tushuntiriladi.
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.
🟦 1-qism. Motivasion (tarixiy shaharlar, boqiy shahar tushunchasi, davlatimiz rahbarining bu boradagi oqilona siyosati) (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Bolajonlar, bugungi darsimiz juda qiziq va g‘ururga to‘la bo‘ladi. Bugun biz ajdodlarimiz yashagan, buyuk shaharlar – Samarqand, Buxoro va Xiva haqida gaplashamiz. Bu shaharlar nafaqat O‘zbekistonning, balki butun dunyoning madaniyat durdonalari qatoriga kiradi. Bugungi darsimiz orqali biz bobolarimiz qanchalik bilimli, mehnatsevar va zukko bo‘lganini bilib olamiz.
Biz Samarqand, Buxoro, Xivani "boqiy shaharlar" deymiz. Boqiy shahar nima degani? Hozir tushuntiraman.
Bolajonlar, qanday shaharlarni bilasiz?
(Bolalar shaharlarni sanashadi, ular orasida shahar bo‘lmagan toponimlar ham sanalishi mumkin, masalan, Sirdaryo, Surxondaryo yoki Amerika kabi. O‘qituvchi bir muddat hamma bolalarga o‘zi bilgan toponimlarni sanashiga qo‘yib beradi)
– Bolajonlar, sizlar sanagan joy nomlari orasida shaharlar ham, shahar bo‘lmaganlari ham bor. Shahar bu ko‘p odamlar zich yashaydigan, o‘qiydigan, ishlaydigan gavjum joy. Har bir shahar har xil bo‘ladi: katta, kichik, baland binolari bor, ba’zilarida esa tarixiy binolar ham bor.
Demak, biz shahar nimaligini bilib oldik.
Boqiy degani esa uzoq yashaydigan, hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydigan, juda ko‘p yillik tarixga ega, qadimiy degan ma’nolarni bildiradi.
Demak, boqiy shahar degani bu qadimiy shahar degani.
Vizual kontent:
Boqiy shahardagi “qahramonlar” tilga kirdi.
O‘zbekistonda uchta yirik boqiy shahar bor: Samarqand, Buxoro, Xiva. Ularning har biri bir necha ming yillik tarixga ega. Ular tarixda katta davlatlarning, imperiyalarning poytaxti bo‘lgan.
Bugungi kunda mamlakatimiz rahbari ana shu qadimiy shaharlarni yanada obod qilish uchun juda ko‘p ishlar qilmoqda. Masalan, Samarqandda "boqiy shahar" majmuasi, Xivada "Arda Xiva" degan shaharchalar qurildi va tantanali ochildi. U erda katta tadbirlar bo‘ladi, butun dunyodan mehmonlar bu tadbirlarga, anjumanlarga, sammitlarga, konferensiyalarga kelishmoqda. Ular kelib bizning qadimiy shaharlarimizni ko‘rib, O‘zbekistonning buyuk davlat ekanligiga o‘zlari guvoh bo‘lishyapti.
Shuning uchun bugun biz tasavvurimizda ushbu shaharlarga sayohatga chiqamiz. Ya’ni xayolan partamiz ustidagi samolyotchalarga o‘tirib bu uchala shaharga borib kelamiz.
Vizual kontent:
Boqiy shaharlar feniks (afsonaviy, tirilish qushi) qushiga oʻxshaydi – Nodir Nishonov
O‘qituvchi:
Mana bolajonlar, boqiy shaharlar haqida umumiy ma’lumotlarni bilib oldik. Istaysizlarmi, hozir boqiy shaharlarga xayolan sayohat qilamiz?
O‘quvchilar: Haa!
2-qism. ASOSIY QISM.
Birinchi manzil: Samarqand (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Bolajonlar, hammamiz ko‘zimizni yumamiz. Partalar ustidagi samolyotchalarimizni qo‘limizga olamiz. Tasavvur qiling, biz judayam tez uchadigan samolyotga chiqib bir necha soniyada Samarqandga borib qoldik. Tasavvur qildingizmi?
Samarqand juda qadimiy shahar, olimlar uning yoshini 3 ming yilga boradi deyishadi. Bolajonlar, Samarqand deganda ko‘z oldingizga nima keladi?
Bolalar tasavvurlarini aytishadi. Albatta, bu tasavvurlar orasida Registon maydoni, madrasalar, hech bo‘lmasa gumbazli binolar bo‘ladi.
O‘qituvchi:
– Juda to‘g‘ri aytyapsizlar, bolalar. Samarqand yorqin rangli qadimiy binolari ko‘p shahar. U erda zangori, ko‘k, yashil, qizil, sariq rangli naqshlar chizilgan binolar ko‘p. Kelinglar sizlar bilan hozir qog‘ozdan gumbaz yasaymiz.
Doskaga ushbu suratni chiqarib qo‘yadi.

O‘qituvchi doskaga bo‘r bilan gumbaz shaklini chizadi. O‘quvchilardan moviy yoki ko‘k rangli qog‘ozga shu shaklni chizib, qaychi bilan kesib olishni so‘raydi. O‘zi ham namuna uchun gumbaz shaklini ko‘k qog‘ozdan kesib ko‘rsatadi.
O‘qituvchi:
Ko‘rdingizmi, bolalar, bu shaklni oddiy qog‘ozdan kesib olish uchun biz ancha harakat qildik, ranglar bilan ishladik, shaklni to‘g‘ri chizib olishga urindik. Endi tasavvur qilinglar, Samarqandning Registon maydonidagi bittagina Sherdor madrasasining gumbazi qo‘limizdagi shu gumbazdan qanchalik katta a? Ota-bobolarimiz esa shu qadar puxta usta bo‘lishgan, matematika, geometriya fanlarini shu qadar chuqur bilishganki, bunday katta gumbazlarni to‘ppa-to‘g‘ri, hech qayerga qiyshaymagan qilib qurishgan. Yana unga chiroyli naqshlarni ipga terilgandek tekis qilib chizishgan. Hammasini qo‘lda chizishgan.
🟦 O‘qituvchi tushuntirishi: "Samarqand – qog‘oz tayyorlagan shahar" (2-3 daqiqa)
O‘qituvchi:
Bolajonlar, samarqandlik ota-bobolarimiz faqatgina geometriya yoki me’morchilikda emas, balki kimyo fanida ham ilg‘or bo‘lishgan. Shu sababli ular dunyoga dong‘i ketgan Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarishgan.
Vizual kontent:
Videorolik. Samarqand qog‘ozi.
O‘qituvchi (juda diqqatli ohangda):
– Bolajonlar, sizlar kabi boshqa bolalar bu ajoyib shahar haqida she’r ham yozgan ekan!
Samarqand
G‘ururimsan, ona shahrim,
Hamon o‘sha-o‘shasan.
Mingyilliklar aro porlab
Turgan ulug‘ go‘shasan.
Har qariching menga aziz,
Bebahodir har g‘ishting.
Charog‘onsan, yuksaklikda
Yulduzlarga bo‘ylashding.
Samarqandim, ona shahrim,
Diyorimning ko‘rkisan.
Sen ulug‘lar vatanisan,
Allomalar yurtisan.
Charos Rahmatullayeva,
Samarqand viloyati Ishtixon tumani, 92-maktab, 7-sinf
Ikkinchi manzil: Buxoro (10 daqiqa)
– Bolajonlar, endi yana samolyotchalarimizga chiqamiz-da Samarqanddan 270 kilometr G‘arbdagi Buxoro shahriga uchib boramiz. Qani hammamiz ko‘zlarimizni yumib yana tasavvur qilaylik-chi.
O‘qituvchi qog‘oz samolyotchani qo‘liga oladi, "vizzz" deb og‘zaki samolyotning ovoziga taqlid qiladi. Bolalar uning ortidan qaytaradilar. Bir daqiqaga ko‘zlarini yumib tezkor samolyotda Buxoroga uchadilar.
O‘qituvchi:
– Endi biz Buxoroga yetib keldik! Buxoroni “Ilm va hikmat shahri” deb atashadi. Bu yerda minglab yillar oldin katta olimlar va faylasuflar yashagan. Ana u yerdagi Kalon minorasiga qaranglar!”
Doskada Minorayi Kalonning surati paydo bo‘ladi.

O‘qituvchi:
- Bolajonlar, bu Minorayi Kalon. Ya’ni katta minora degani. U rostdan ham juda katta. Balandligi 47 metrga teng. Bu 16 qavatli binoga teng balandlik.
Bugun ko‘p qavatli uylar qanday qurilishini ko‘rganmisizlar? Albatta, kranlar yordamida quriladi a? Minorayi Kalonning yoshi 998 yilga teng. Ya’ni qariyb 1000 yil degani! Tasavvur qilyapsizmi, bundan 1000 yil avval ko‘tarma kranlar bo‘lmagan bir paytda ota-bobolarimiz bunday katta binoni qanday qurishgan ekan a?
Albatta ilm-fan va aql bilan qurishgan. Bu juda murakkab inshoot bo‘lgan, uni qurish uchun bir necha yillar ketgan, ko‘plab me’morlar, ya’ni hozirgi tilda aytganda injener quruvchilar va arxitektorlar ishlashgan,
(Ekranda minoraning yuqoridan pastga qaragan tasviri ko‘rsatiladi.)
Bu minorani qurish uchun faqat tosh emas, bilim ham kerak bo‘lgan. Qurilishda matematika, geometriya, tuproqshunoslik va tabiat fanlari yordam bergan. Shu fanlarni yaxshi bilgan odamlargina shunday go‘zal binolar qurishgan.
O‘qituvchi savol beradi:
"Agar siz minora qurishda qatnashgan bo‘lsangiz, qaysi fanni yaxshi bilishingiz kerak deb o‘ylaysiz?"(Bolalar javob berishadi.)
Qisqa amaliy faoliyat: O‘qituvchi bolalarga geometriya shakllari (to‘g‘ri burchak, aylana, ustun) rasmini ko‘rsatadi va so‘raydi:
"Qaysi shakllar minorada ko‘p ishlatilgan deb o‘ylaysizlar?”
Bolalar taxmin qilishadi.
O‘qituvchi:
Bilasizlarmi, bolajonlar, bobokalonlarimiz bu qadar ilmli va aqlli bo‘lishlariga sabab aynan Buxoro butun Sharqning ilm maskani bo‘lgan. Bu erda ko‘plab madrasalar, ya’ni hozirgi til bilan aytganda, universitetlar bo‘lgan.
Masalan, dunyoga dong‘i ketgan Oksford universiteti tarixini 1000 yil deyishadi.

Tanidinglarmi, "Garri Potter" filmidagi Xogvarts binosi aynan shu yerda suratga olingan.
Buxoroda ham madrasalar ko‘p bo‘lgan, aniqrog‘i 150 dan ortiq madrasa bo‘lgan. Ulardan eng qadimiysi Mirzo Ulug‘bek madrasasi bo‘lgan. U 1437 yilda qurilgan.
Yana Mir Arab madrasasi bo‘lgan. U Minorayi Kalonning shunday yonida joylashgan. Uni butun dunyoda bilishgan va u yerga kelib o‘qishgan. Xuddi hozir sizning akalaringiz-u opalaringiz Angliyadagi Oksford universitetiga borib o‘qishayotgani kabi.

Interaktiv daqiqa (2-3 daqiqa):
O‘qituvchi bolajonlardan katta bo‘lsa dunyodagi qaysi universitetlarda yoki mamlakatlarda o‘qishni orzu qilishi haqida so‘raydi va javob oladi.
Uchinchi manzil: Xiva (10 daqiqa):
–Endi esa, bolajonlar, yana samolyotchalarimizga chiqamiz va Buxorodan yana 442 kilometr g‘arbroqqa uchamiz. Xorazm viloyatida joylashgan Xiva shahriga qo‘namiz!
Avvalo, bolajonlar, shuni bilib qo‘yinglarki, Xivada aeroport yo‘q. Samolyotda borsangiz, siz Urganch shahriga qo‘nasiz va Xivagacha yarim soatda mashinada yetib olasiz. Yoki Buxoroning Kogon shahridan poyezdga chiqsangiz to‘g‘ri Xiva vokzaliga kelib tushasiz. Lekin bizning xayoliy samolyotimiz hamma yerga bora oladi. Shuning uchun biz to‘g‘ri Xivaga qo‘namiz!
– Xiva juda boshqacha shahar. Uning mag‘zi, markazi bo‘lgan Ichan qal’a loydan va yog‘ochdan yasalgan yaxlit qal’a, ya’ni tarixiy ansambldir.
Ichan qal’a hozir mamlakatimizdagi boqiy shaharlar orasida eng o‘ziga xosidir. Chunki bu shaharcha YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan. Lekin u shu qadar tarixiy va noyob shahar bo‘lsa ham, u yerda hali ham odamlar yashashadi, kundalik turmush kechirishadi. Bolalar Xivadagi tarixiy binolar oldida koptok tepib yurishadi. Tor ko‘chalarida ertalab sutchi xolalar "sut-qatiq" deb chaqirib yurishadi. Sizlar ham shunday qadimiy va ertaknamo shaharda bugun yashashni istarmidingiz? Xuddi ertakka tushib qolib yashayotgandek bo‘lasiz, to‘g‘rimi?
Shuning uchun Ichan qal’ani ochiq osmon ostidagi muzey deyishadi.
Ichan qal’a o‘zi nima degani?
Ichan qal’a bu ichkari qal’a degani. Demak uning tashqari qal’asi ham bo‘lgan ekan-da. Albatta bo‘lgan.
Qadimda Xiva juda katta Xorazm davlatining ilmiy va madaniy shaharlaridan biri bo‘lgan. Ichan qal’ada Xorazmshohning o‘zi, oilasi, a’yonlari, davlat xodimlari, ularga xizmat qiluvchi hunarmandlar, ustalar, novvoylar, oshpazlar, savdogarlar, otboqarlar, etikdo‘zlar va shu kabi hunarmandlar yashashgan. Dishan qal’a, ya’ni tashqari qal’ada esa Ichan qal’aga mahsulot yetishtirib etkazib beradigan dehqonlar, chorvadorlar yashashgan.
Xivada madrasalar ham ko‘p bo‘lgan. Misol uchun, Muhammad Aminxon madrasasi yoki Allohqulixon madrasasi — bu yerda bir vaqtlar talabalar diniy fanlar, falsafa, matematika va tarixni o‘rganishgan.
Hozirgi kunda esa Xivada nafaqat tarixiy yodgorliklar, balki mehmonxonalar, muzeylar, turistlar uchun qulay yo‘llar barpo etilgan. Hatto kechasi shahar charog‘on bo‘lib, minor va madrasalar yorug‘lik ostida go‘yo qayta jonlangandek ko‘rinadi.

Qaranglar, bu Ko‘k Minora! Uning devorlari turli xil rangli naqshlar bilan bezatilgan. Xalq orasida u Kaltaminor nomi bilan mashhur. Aytishlaricha, bu hali oxirigacha qurib bitkazilmay qolgan minora ekan. U 1853-yilda qurilishi boshlangan va 1855 yilda qurilish to‘xtatilgan. Bu minora Muhammad Aminxon madrasasi oldida joylashgan. Hozirgi kunda, sayohatchilar bu minoraning oldida suratlarga tushadi, turli xil sovg‘alar xarid qilishadi. Minoraning tepa qismiga fors tilida shoir Muhammadrizo Ogahiy tomonidan: “inson ko‘nglini xursand qiladigan minorai oliy qurildi. Unga o‘xshashini osmon ko‘zi hali ko‘rmagan edi. Shoni olamning amirlari bilan bo‘ldi. U tomoni ayb va nuqsonlardan pok. Agar odil ko‘z bilan qaralsa savr daraxti xuddi xashakka o‘xshab qoladi. Tubo daraxtidan ham dil ochadiganroq bo‘ldi. Uning chiroyli ko‘rinishi yer yuzini va osmonni xuddi jannatga o‘xshatib yubordi. Osmonning garduniga bir ustun ediki, uning vasfiga aql-idrok kamlik qiladi. Shu sababdin Ogahiy uning qurilish yilini yozdi. Intihosi yo‘q falak ustuni 1271-hijriy (1855 milodiy yil) yilda qurildi” shu so‘zlar yozilgandi. Shuncha yillar o‘tsada minora haqiqatan ham o‘z mahobatini yo‘qotmagan.

Qaranglar, xuddi siz tengi bolalar Ko‘k Minora yonida yurishibdi. Ular hech qachon Xivadagi devorlarga chizishmaydi, ularni o‘yishmaydi, ularga zarar yetkazishmaydi.
Agar kimdir bu devorga ismini yozmoqchi bo‘lsa, esda tuting: bu bizning bobolarimizdan qolgan meros. Biz uni avaylab asrashimiz kerak.
🟧 3. YAKUNIY (5 daqiqa)
O‘qituvchi yakunlovchi so‘zi:
– Bolajonlar, bugun biz buyuk shaharlarning qanday bilim, san’at va qadriyat manbai bo‘lganini ko‘rdik.
O‘qituvchining bolalarga murojaati:
– Bolajonlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi "Boqiy shahar" haqida juda chiroyli so‘z aytganlar. U kishining aytishlaricha:
"Boqiy shahar har bir sayyohni afsonadek go‘zallik va tarix bilan tanishtiradi.”
Bu nimani anglatadi? Bu shuni anglatadi-ki, Boqiy shahar – nafaqat eski bino va ko‘chalardan iborat, balki u bizni ertaklardek qadim dunyoga olib boradi. Bu yerda har bir tosh – tarix, har bir minora – hikoya, har bir devor – bilim!
📚 Shuning uchun biz Samarqandni nafaqat o‘z tariximiz deb bilamiz, balki butun dunyo uchun ochiq kitob, ilm, go‘zallik va mehr markazi deb tushunamiz. Va Samarqand, Buxoro, Xiva kabi boshqa yana ko‘plab tarixiy va boqiy shaharlarimiz bor, ular haqida kelgusi darslarimizda yana gaplashamiz.
📖 Maqol:
"Ilm – nur, jaholat – zulmat.”
Bu maqol aynan bugungi darsimizga to‘g‘ri keladi, shunday emasmi?
💬 Hikmatli so‘z:
"Shaharlarning qadimligi – xalqning yodgorligi.”
Shuning uchun bolajonlar, o‘rganayotgan har bir yaxshi so‘zni qalbingizga yozib qo‘ying. Boqiy shaharlarimizning barchasi O‘zbekistonimizda joylashgan!
Kelinglar, bolajonlar, darsimiz so‘ngida qo‘shiq aytamiz.
Karaoke – Vatanjonim qo‘shig‘i
(Po‘lat Mo‘min she’ri, Dilorom Omonullayeva musiqasi)