“Kelajak soati” 7-mavzu

Boqiy shaharlarimiz

Metodologiya

Dars ssenariysi

1 qism. Motivasion “O‘zbekiston - dunyo taniydigan yurt” (15 daqiqa)

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar.

Agar qo‘lingizda har qanday samolyotga o‘tadigan oltin chipta bo‘lsa va jahonning eng qadimgi shaharlariga borish imkoniga ega bo‘lsangiz, qayerga borgan bo‘lar edingiz? Unutmang, siz tanlagan shahar albatta qadimiy bo‘lishi kerak, bo‘lmasa oltin chiptangiz samolyotga o‘tmaydi.

O‘quvchilar javob berganidan so‘ng, ekranda o‘qituvchi “boqiy shahar” nimaligini tushuntiradi.

O‘qituvchi: Bolalar, shahar bu ko‘p odamlar zich yashaydigan, o‘qiydigan, ishlaydigan gavjum joy. Boqiy shahar degani bu qadimiy shahar degani. Boqiy degani esa uzoq yashaydigan, hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydigan, juda ko‘p yillik tarixga ega, qadimiy degan ma’nolarni bildiradi.

O‘qituvchi: Endi esa, bolajonlar, sizlar bilan bir jumboqli o‘yin o‘ynaymiz. Ya’ni yurtimizdagi qadimiy obidalar va an’anaviy maktablarni qanchalik yaxshi bilishingizni tekshiramiz.

Ekranda Boqiy shahar tasvirlari aks etgan jumboq” ko‘rinadi. Jumboqni boshlashdan avval o‘qituvchi undagi obidalar va an’anaviy maktablar nomlarini daftarga yozishni aytadi. Keyingi rolikda javoblar tekshiriladi.

Vizual kontent

Boqiy shahar obidalari va an’anaviy maktablar nomini toping (jumboq)

 

O‘qituvchi: Bu shaharlar yuz yillar emas, ming yillar davomida saqlanib qolgan. Shuning uchun ularni boqiy shaharlar deyishadi. Ular insoniyatning tarixiy xotirasi. Hozir javoblaringizni tekshiramiz.

Vizual kontent

Boqiy shahar obidalari va an’anaviy maktablar. Javoblarni tekshiring!

Endi esa, bolalar, javoblarni tekshiramiz.

 

2-qism. Asosiy  qism.  (Islohotlarning mohiyati)

O‘qituvchi: Birlashgan millatlar tashkiloti ma’lumotga ko‘ra dunyoda
10
0 mingdan ortiq shahar bor. Bu shaharlar orasida esa alohida, qadimiy shaharlar bor. Ularni YUNESKO o‘z ro‘yxatiga olgan.

YUNESKO ro‘yxatiga olingan shaharlar - bu jahon ahamiyatiga ega, madaniy va tabiiy meros deb sanalgan shaharlar bo‘lib, ular insoniyat sivilizatsiyasining bebaho boyligi hisoblanadi. YUNESKO 300 dan ortiq shunday shaharlarni ro‘yxatga olgan. Ular orasida O‘zbekistonning bir emas, 4 ta shahri kirgan.

- Xo‘sh, qanday shaharlarimiz YUNESKO ro‘yxatiga kirgan deb o‘ylaysizlar?

O‘quvchilar javobi.

 

O‘qituvchi: Juda to‘g‘ri.

Haqiqatdan ham Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz shaharlari YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Bundan tashqari Termiz, Marg‘ilon, Qarshi, Urganch kabi boqiy shaharlarimiz bor.

 

Bilsang, javob ber!” (5 daqiqa) - interaktiv viktorina.

O‘quvchilar 2-3 ta kichik guruhga bo‘linadi. O‘qituvchi har bir guruhga savollar beradi:

Savollar namunasi:

·                YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan shaharlar nima uchun “butunjahon merosi” deb ataladi?

·                O‘zbekistondan qaysi shaharlari ro‘yxatda bor?

·                Buxoro nechanchi yilda YUNESKOning ro‘yxatiga kiritilgan?

·                Qadimgi Rim qayerda joylashgan?

·                Samarqand nimasi bilan mashhur?

Guruhlar to‘g‘ri javob bersa, ularga smaylik yoki rangli stiker beriladi.

 

“Samarqand yer yuzining sayqali, Buxoro islom dinining quvvati” degan mashhur jumlalar ham bejizga aytilmagan.

Ayting-chi, dunyoni hayratga solgan bunday shaharlarni kimlar barpo eta olardi?

O‘quvchilar javobi

 

O‘qituvchi: Xuddi shunday, bu shaharlarni qudratli va boy davlatlar egalari bo‘lgan ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz qurgan.

Chunki O‘zbekiston – buyuklar yurti.

Shu yurtda kamol topgan ajdodlarimiz – xoqonlar, sultonlar, xonlar, amirlar, sarkardalar o‘z davrida qudratli davlatlar va imperiyalarga asos solgan edi.

Birgina Sohibqiron Amir Temur timsolida hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Eron-u Iroq, Suriya, Misr, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston kabi jami 27 ta davlat, xullas, yarim dunyoda buyuk imperiya barpo etgan va katta davlatchilik tarixiga asos solgan millatmiz.

 

Vizual kontent:

Boqiy shaharlar feniks qushiga oʻxshaydi – Nodir Nishonov

O‘qituvchi:

Aslida dunyoda shohlar, sarkardalar ko‘p. Lekin ularning aksari faqat buzgan, vayron qilgan.

Ammo bizning bobolarimiz bunyod qilgan, qurgan, yaratgan!

Buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz:

“Agar bizning kuch-qudratimizga shubha qilsang, biz qurgan imoratlarga boq!” deganida ham millatimizning, mamlakatimizning nechog‘lik bunyodkorlik qudratiga ega ekanligiga ishora qilgan edi.

 

Mening orzuyimdagi boqiy shahar” (15 daqiqa) — ijodiy topshiriq

Har bir guruh yoki 2–3 nafardan iborat jamoa “o‘z orzusidagi boqiy shahar”ni chizadi.

Unda:

Shaharning umumiy qiyofasi

Shaharning timsoli bo‘lgan inshoot

Shaharning yoshi

U joylashgan mamlakat (real yoki hayoliy)

U yerda kimlar yashashi, nima bilan mashg‘ul bo‘lishi tasvirlanadi.

O‘quvchilar nima uchun bu hayoliy “boqiy shahar” kelajakda YUNESKO ro‘yxatiga kirishi mumkinligini izohlaydilar.

Taqdimot 1-2 daqiqa bo‘ladi. Bu bolalarning tasavvurini va nutqini rivojlantiradi.

O‘qituvchi:

Bolajonlar, biz Yangi O‘zbekiston davrida o‘z oldimizga yurtimizning qadim shon-shavkatini yana tiklash, shonli tarixini qayta yozish, “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yishni maqsad qilgan xalqmiz.

Bilasizmi, bugun O‘zbekistonga yiliga qancha  sayyoh keladi? Taxminan bo‘lsayam ayting.

O‘quvchilar javobi

 

O‘qituvchi: Ha, aniqroq aytadigan bo‘lsak, 2024-yilda O‘zbekistonga
10 milliondan ortiq sayyoh kelgan. Ular yurtimizga 3,5 mlrd AQSH dollari miqdorida mablag‘ keltirganlar!

Siz o‘quvchilar, bu mablag‘ning iqtisodiyotimiz uchun, aholi farovonligi uchun qanchalik muhim ekanini yaxshi bilasiz.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qo‘ygan paytda:

“Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak”, deb alohida ta’kidlagan edi.

Shuning uchun ham turizm sohasi eng tez rivojlanayotgan 20 ta davlat ro‘yxatida O‘zbekiston 4-o‘rinda qayd etildi.

Endi savol tug‘iladi, xo‘sh, xorijlik sayyohlar O‘zbekistonga nima uchun keladi?

O‘quvchilar javobi.

 

O‘qituvchi: To‘g‘ri va tabiiyki, ular, avvalo, Samarqand, Buxoro, Xiva singari qadimiy  shaharlarimizni, millatning buyuk o‘tmishiga daxldor tarixiy obidalarimizni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, muqaddas qadamjolarimizni ziyorat qilish uchun keladi.

Bundan xulosa shuki, bobolarimiz o‘zlari bunyod etgan imoratlari evaziga bizga shunday katta daromad manbasini, shon-shuhratni meros qoldirgan. Bugun bizning asosiy burchimiz ana shu tarixiy merosni asrab avaylashdan iborat. Buni chuqur anglagan holda Prezidentimiz rahbarligida jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

        

O‘qituvchi.

Mamlakatimizda “Madaniy meros agentligi” tashkil etildi. Qadimiy shaharlarning tarixiy yodgorliklarini restavratsiya qilish ishlari YUNESKO bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

So‘nggi yillarda ushbu maqsadlarga katta mablag‘lar ajratildi.

Masalan, 2020-yilda tarixiy obidalarni ta’mirlash uchun 22,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 3,2 barobarga oshgan. Mamlakatda madaniy merosni yoshlar ongiga singdirish maqsadida turli festivallar, “YUNESKO haftaligi” kabi tadbirlar o‘tkazilmoqda. 2023-yilda Samarqandda xalqaro miqyosdagi sayyohlik forumi o‘tkazilib, O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy qiyofasi jahon hamjamiyatiga yana bir bor namoyish etildi. Buxoroning YUNESKOning “Kreativ shaharlar tarmog‘i”ga kiritilishi esa milliy madaniyatning xalqaro darajada tan olinishi va asrab-avaylanishining yorqin namunasi bo‘ldi. Ayni kunlarda Buxoroda “Birinchi zamonaviy san’at biyenallesi” bo‘lyapti. Biyenalle 5-sentyabrdan 20-noyabrgacha davom etadi. Kuzgi ta’tilda ota-onangiz bilan borsangiz bo‘ladi.

Biyennale mavzusi - “Qalblar dardiga darmon” bo‘lib, u san’at, hunarmandchilik va gastronomiya orqali davolanish g‘oyasiga murojaat qiladi hamda buyuk alloma Ibn Sino haqidagi afsonadan ilhom olgan. Rivoyatga ko‘ra, Ibn Sino qalbi sinib, g‘amga botgan va xastalikka chalingan yosh shahzodani davolash uchun maxsus taom - osh tayyorlagan.

Shu tarzda “ruh va tana uchun darmon” timsoli biyennalening konseptual asosiga aylandi. Tadbirda turli san’at turlari “jismoniy va ruhiy shifo retseptlari” mavzusi atrofida birlashib, o‘ziga xos jamoaviy san’at ziyofatini yaratadi.

O‘qituvchi:

Bolajonlar, sizlar internetda yoki real hayotda turli mamlakatlarning pullarini ko‘rgansiz. Ularda ko‘pincha mashhur shaxslarning suratlari bo‘ladi, a? O‘zbek so‘mida esa nimalarning surati bor? Barakalla, turli tarixiy obidalarning suratlari bor. Hozir pullarimizda aks etgan obidalar haqida bir kontent ko‘ramiz.

 

Vizual kontent

O‘zbek so‘mlarida aks etgan obidalar”

 

O‘qituvchi:

Demak, bolajonlar, ushbu obidalarning pullarimizda aks etishi tarixiy merosimizning o‘ziga xos targ‘ibotidir. Ya’ni biz ularni tez-tez ko‘ramiz: kamida unutib yubormaymiz, ko‘pi bilan esa ularga qiziqib ma’lumot qidiramiz, ularni o‘rganamiz, real hayotda borib ko‘ramiz.

Interaktiv daqiqalar:

“To‘g‘rimi yolg‘onmi?” — blits-viktorina (7 daqiqa)

O‘qituvchi:

YUNESKO shaharlari haqida qisqa jumla o‘qiydi. Bolalar “to‘g‘ri” yoki “yolg‘on” deb javob berishadi. Masalan:

“Rim shahri Xitoyda joylashgan” → yolg‘on

“Samarqand 2001-yilda YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan” → to‘g‘ri

“YUNESKO faqat Yevropadagi shaharlarni ro‘yxatga oladi” → yolg‘on

“Buxoro faqat tarixiy markaz emas, balki kreativ shahar ham” → to‘g‘ri

Javoblarni kim tez va to‘g‘ri aytsa, o‘sha guruhga stiker yoki “tarixiy kalit” beriladi.

Boqiy shaharlar tarixi. (10 daqiqa)

 

3000 yillik tarixga ega bo‘lgan, ammo hanuz navqironlikni saqlab kelayotgan Samarqand shahri qadimgi so‘g‘diy hujjatlarda “Samarkant”, qadimgi yunon va rim manbalarida esa “Marakanda” yoki “Marganda” shakllarida tilga olinadi.

Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida shahar nomi “Semizkent” tarzida uchrab, “semiz” - ya’ni “boy, farovon shahar” ma’nosini anglatgani qayd etiladi.

Samarqand qadimda So‘g‘diyona davlati va keyinchalik Amir Temur imperiyasining poytaxti sifatida mashhur bo‘lgan. Turli davrlarda bu zaminda jahon adabiyoti va ilm-fanining yirik namoyandalari Rudakiy, olim va shoir Umar Xayyom, kalom ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy, fiqh ilmining bilimdoni Burhoniddin Marg‘inoniy, Naqshbandiya tariqatining yetuk vakili Xo‘ja Ahror Valiy, hamda she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy yashab ijod qilganlar. Hadis ilmining buyuk allomasi Imom Ismoil al-Buxoriy Samarqand yaqinida abadiy qo‘nim topgan. Shuningdek, bu muqaddas zaminda yurtning ulug‘ davlat va jamoat arboblari ham tug‘ilib yashab ijod etgan.

Har yili 18-oktabr - Samarqand shahri kuni sifatida keng nishonlanadi.

O‘qituvchi: Bolajonlar, bilasizlarmi, Samarqandda azaldan qog‘oz tayyorlashgan. Samarqand qog‘ozining dong‘i butun dunyoga ketgan. Uni Yevropada ham sotib olishgan, Buyuk ipak yo‘li orqali savdogarlar u yerlarga olib borishgan. Hozir sizlarga Samarqand qog‘ozi qanday bo‘lgani haqida videorolik qo‘yib beraman:

Vizual kontent:

Samarqand qogʻozini ishlab chiqarish jarayoni

 

O‘qituvchi:

Endi esa Registon haqida gaplashamiz.

Registon maydoni esa Samarqandning o‘ziga xos va mos bo‘lgan ko‘zgusidir.

«Registon» so‘zi forscha bo‘lib, «qumloq» degan ma’noni bildiradi. Ko‘pchilik Registon ansamblini sohibqiron bobomiz Amir Temur qurgan, deb biladi. Lekin bu noto‘g‘ri. Amir Temur davrida bu yerda markaziy bozor bo‘lgan, xolos. Registon maydonida dastlab yopiq gumbazli tim qurilgan. Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida bozor timlari ko‘chirilib, Ulug‘bek madrasasi barpo etiladi.

Registon Maydoni - От Registon Square, Uzbekistan1424-yilda esa Ulug‘bek madrasasi ro‘parasida, hozirgi Sherdor madrasasi o‘rnida, Ulug‘bek xonaqosi barpo qilingan.

Keyinchalik, XVII asrda Samarqandning qudratli hukmdori Amir Yalangto‘sh Bahodir Sherdor va Tillakori madrasalarini qurib, Registon maydoni shuhratini yanada oshirdi va hozirgi ko‘rinishiga keltirdi.

 

O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar. Sizlar nima uchun boqiy shaharlarga borishni istaysiz? Keling, shu haqida video ko‘ramiz.

 

Vizual kontent.

Boqiy shaharlardagi obidalarga nima uchun boramiz?

 

O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar endi yurtimizdagi yana bir boqiy shahar xususida so‘zlashsak. Xo‘sh, Buxorodagi tarixiy obidalar haqida nimalar bilamiz?

O‘quvchilar javobi.

 

O‘qituvchi: Barchangizga katta rahmat. Aytish mumkinki, Buxorodagi tarixiy obidalar miloddan avvalgi II asrlardan boshlab qurila boshlangan.

Крепость Арк, Цитадель в Бухаре - Adras TravelMisol uchun, mashhur Buxoro Arki o‘rnida miloddan avvalgi III-II asrlarda ham inshootlar mavjud bo‘lgan. Ark asrlar davomida Buxoro hukmdorlarining qarorgohi, qal’asi bo‘lgan. Muhtasham devorlar bilan o‘ralgan Ark ichida amirning saroyi, devonxona, masjid, kazarma, omborlar joylashgan.

 

Медресе Мири-Араб, БухараArk 1920-yilda Qizil Armiya tomonidan bombardimon qilingan. Shundan so‘ng Ark qisman qayta tiklangan va hozirgi kunda muzey sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bu boqiy shahardagi biz bilishimiz kerak bo‘lgan yana bir tarixiy obida bu Mir Arab madrasasi. Madrasa XVI asrda, Shayboniylar davrida, Buxoro xoni Ubaydullaxon mablag‘i hisobiga 1530-1536-yillarda Shayx Abdulloh (Mir Arab) tomonidan qurilgan. Mir Arabning asl ismi Sayyid Abdulloh bo‘lib, 22 yoshida Samarqandga kelib Xoja Ahrorga shogird tushgan va Naqshbandiya tariqatining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. Madrasa qurilishini o‘zi nihoyasiga yetkaza olmagan, 1536-yil boshida Mir Arab vafot etgan va uning vasiyatiga ko‘ra kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga yetkazgan. Amir Shohmurod madrasa o‘quvchilariga soliqlardan tushgan daromad hisobidan nafaqa (stipendiya) to‘lashni joriy etgan. Madrasani muvaffaqiyatli tamomlagan o‘quvchilarga shahodatnoma berilgan. A’lo baholarda o‘qigan o‘quvchilar turli sovg‘a va naqd pul mukofoti bilan taqdirlangan.

 

O‘qituvchi (biroz tin olib sokinlik bilan):

 

OyinaBilasizlarmi, Buxoro har doim ham gullab-yashnayvermagan. 1920-yilda Mixail Frunze qo‘mondonligidagi Qizil Armiya qo‘shinlari Buxoro amirligiga qarshi hujum boshlab, Buxoroni to‘pga tutdi. Shiddatli otishmalar natijasida shaharning ko‘plab tarixiy binolari, jumladan Minorai Kalon atrofidagi masjid va madrasalar, mahobatli arxitektura majmualariga katta shikast yetdi.

 

O‘sha davrdagi otishmalar nafaqat shahar devorlari va tarixiy qo‘rg‘onlarni vayron qildi, balki asrlar davomida saqlanib kelgan madaniy merosga ham og‘ir zarar yetkazdi. Bu voqea Buxoroning moddiy va ma’naviy qiyofasida chuqur iz qoldirdi. Lekin boqiy shaharlar shuning uchun ham boqiyki, ular har qanday sinovlardan omon chiqishadi, kerak  bo‘lsa Qaqnus qushidek kuldan qayta tiklanib yana gullab yashnashda davom etadi.

 

 

 

 

 

Минарет Калон в Бухаре | Uzbekistan TravelHurmatli o‘quvchilar, O‘zbekistonni dunyoga tanitgan yana bir qadimiy shahrimiz bor. Bu buyuk Xorazmshohlar, Xorazm xonlarining o‘rdasi joylashgan Xiva shahridir.

Xo‘sh, Xivadagi Ichan qal’a tarixini biladiganlar bormi?

O‘quvchilar javobi

 

O‘qituvchi: Darhaqiqat, Xorazm O‘rta Osiyodagi eng qadimiy davlatchilik tarixiga ega. U haqdagi ilk ma’lumotlar “Avesto”, Behistun tosh bitiklarida ham uchraydi.

Demak, 3 ming yil oldin ham Xorazmda turkiy qabilalar yashagan va davlat tizimi bo‘lgan. Xorazmdagi tarixiy obidalar ham o‘sha davrlarda buyon bunyod etilgan, urushlarda vayron bo‘lgan va qayta tiklangan.

Xorazmlik iste’dodli shoir Erkin Samandar bu ko‘hna tarixni quyidagi jo‘shqin misralarida tasvirlaydi:

Bu shaharmi, na yo bir sehr,

Toshlarmi bu, mo‘jizami yo,

Obidalar bag‘rida na sir,

Naqshlarda yonar ne ziyo,

Peshtoqdagi g‘azalmi yo rang

Nafosatning sehri emasmi?

Toshda nido qiluvchi misra

Ogahiyning she’ri emasmi?

Ичан-Кала, ХиваXivaning to‘liq saqlanib qolgan Ichan-qal’asiga tashrif buyurgan kishi o‘zini qadimgi ertaklar shahriga kelib qolgandek his qiladi.  Chunki yon atrof faqat qadimiy masjid-u madrasalar, saroy-u minoralar bilan o‘ralgan. Haqiqiy saroylar, masjidlar, madrasa va minoralar. Ularning qurilganiga kamida 150, 200-yil yoki undan ham ko‘p vaqt bo‘lgan. Bu yerda saqlanib qolgan 17-18 asrlar arxitekturasining ajoyib namunalaridandir.

Xivaning ichki qal’asi (Shahriston) qismi  Dishan qal’a (tashqi qal’a) qismidan kungurador devor bilan ajratilgan. Ichan qal’aga 4 darvoza (Bog‘cha, Polvon, Tosh, Ota darvozalar)dan kirilgan.

Undagi me’moriy yodgorliklarning yaratilish 4 davrga taalluqli:

Birinchisi Mo‘g‘ullar istilosi davriga qadar, bu davrdan Ko‘hna arkning g‘arbiy devori, qal’a devorining shimoliy sharqiy burchagidagi qadim davrga mansub burj va qal’a devori qoldiqlari saqlanib qolgan.

Ikkinchisi Xorazmning 1220-yildagi mo‘g‘ullar istilosidan keyin tiklanish davri. Bu davrda Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa mahobatli binolar qurilgan.

Uchinchi davri XVI-XVII asrlarga to‘g‘ri keladi. Abulg‘ozixon va Asfandiyorxon hukmronlik qilgan davrida Ichan qal’ada 1657-1688-yillarda Anushaxon hammomi, Oq masjid, Xo‘jamberdibek madrasasi bunyod etildi.

To‘rtinchi davri XVIII-XX -asrlarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda masjid, madrasa, tim va toqilar qurildi. Ota darvozadan Polvon darvozagacha katta yo‘l o‘tkazildi. Juma masjid qayta qurildi. Yangi va katta Tosh hovli saroyi, Olloqulixon karvon saroyi, Arab Muhammadxon va Musa Tura madrasalari barpo etildi.

Rivoyat!

Naql qilinishicha, Pahlavon Mahmud Eron va Hindistonda ancha yillar yashagan, kurash tushgan va uni hech kim yenga olmagan.  Bir safar katta bir jangda Pahlavon Mahmud o‘z jonini xatarga qo‘yib, Hind shohini o‘limdan qutqaradi. Shoh bundan minnatdor bo‘lib, “Jasorating ulkan mukofotga munosibdir. So‘ra, istagan tilagingni bajo keltiraman.” deydi. Shunda Pahlavon Mahmud: «Ey buyuk shoh! Bundan ancha yillar muqaddam mening vatandoshlarim - xorazmiylar bu yerga asir qilib olib kelingan. O‘shalarni ozod etsangiz. Birdan bir tilagim shu!», deydi. Shoh hayron bo‘lib: «Ey himmati baland pahlavon! Agar yarim davlatimni tilaganingda, sohibjamol qizimni so‘raganingda ham, toj-u taxtimni senga bag‘ishlagan bo‘lurdim. Sen esa butunlay boshqa narsani so‘rading. Mayli. Vatandoshlaring ozod! Ularni Xorazmga borguncha oziq-ovqat, kiyim-bosh va ulov bilan ta’minlayman!», deydi.

Shunda Pahlavon Mahmud shohga qarab quyidagi mashhur ruboyisini o‘qiydi:

O‘z nafsiga kim bo‘lsa amir, uldir – mard.

Ham o‘zgaga bo‘lmasa haqir, uldir – mard.

O‘tmak sira mag‘lubni tepib mardlik emas,

Tutsa qo‘lidan zabunni er, uldur – mard.

 

Ha, ulug‘ bobokalonimiz ushbu ruboiy orqali “mard inson – o‘z nafsiga egalik (amir) qilgan kishidir, mag‘lubni tepib o‘tgan emas, og‘ir ahvoldagi kishiga yordam qo‘lini cho‘zgan marddir, degan hikmatni ifoda etmoqda.

 

3-qism. Yakuniy qism Boqiy shaharlarni asrash. (5 daqiqa)

Interaktiv mashg‘ulot: “Shaharni asra!”

O‘qituvchi:

1. O‘zbekistonning qaysi qadimiy shaharlarida bo‘lgansiz? Taassurotlaringiz?

2. O‘zingiz tug‘ilib o‘sgan shahar tarixi, uning me’moriy obidalari haqida bilasizmi?

O‘qituvchi: Samarqand shahrining ko‘rki bo‘lgan Registon ansambli yaratilish tarixini bilasizmi?

O‘quvchilar javobi

O‘qituvchi:

 Agar siz boqiy shaharda yashagan bo‘lsangiz, uni kelajak avlod uchun qanday asrab qolar edingiz?”

Har bir o‘quvchi 1 ta g‘oya aytadi (masalan: “axlat tashlamasdim”, “tarixiy binolarni saqlardim”, “turistlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lardim”). To‘g‘ri va mazmunli javob bergan o‘quvchilarga “oltin kalit” beriladi.

 

O‘qituvchi: Bolalar, shu bilan bugungi darsimiz o‘z nihoyasiga yetdi. Bugun faol bo‘lganlarga yaxshi baholar qo‘yiladi.

 

Dars so‘ngida  eng ko‘p “oltin kalit” yoki “smaylik” olgan o‘quvchilarga a’lo baholar qo‘yiladi.