“Kelajak soati” 7-mavzu

Boqiy shaharlarimiz

 Metodologiya

Dars ssenariysi

 Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).

 

1. KIRISH. Motivatsion qism. “Oʻzbekistonning tashrif qog‘ozlari

(10 daqiqa)

Oʻqituvchi:Aziz oʻquvchilar.

Keling, bir soniyaga tasavvur qiling-a, siz sayohatga chiqdingiz.

Yo‘l xaritangizda Samarqand, Buxoro, Xiva, Marg‘ilon, Qo‘qon.

Qaysi shaharga birinchi borishni xohlardingiz? Nima uchun aynan shu yerga?

Oʻquvchilar javobi

…Ha, har biringizning tanlovingiz ortida qiziq sabab bor.

Chunki bu shaharlar shunchaki manzil emas. Ular O‘zbekistonning shonli xotirasi, faxri va g‘ururidir.

Boqiy shaharlar bu xalqning ruhi, biz esa bugun ana shu ruh bilan suhbatlashamiz.

Boqiy shaharlar mamlakatimiz uchun qanday ahamiyatga ega? Keling, mutaxassislardan so‘raylik-chi.

🎬 Vizual kontent

Samarqanddan Shoshtepagacha – ular feniks qushi – Nodir Nishonov

Oʻqituvchi: Toʻgʻri, haqiqatdan ham Vatanimiz buyuk tarixga, boy madaniy merosga ega!

- Demak, qanday tarixiy va buyuk  shaharlarimiz bor ekan?

Oʻquvchilar javobi

Oʻqituvchi: Juda toʻgʻri.

Haqiqatdan ham Samarqand, Buxoro, Xiva, Urganch, Qoʻqon, Toshkent, Shahrisabz, Termiz, Margʻilon, Qarshi kabi boqiy shaharlarimiz bor.

“Samarqand yer yuzining sayqali, Buxoro islom dinining quvvati” degan mashhur jumlalar ham bejizga aytilmagan.

Aytingchi, dunyoni hayratga solgan bunday shaharlarni kimlar barpo eta olardi?

Oʻquvchilar javobi

 

Oʻqituvchi: Xuddi shunday, bu shaharlarni qudratli va boy davlatlar egalari boʻlgan ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz qurgan.

Chunki Oʻzbekiston buyuklar yurti.

Shu yurtda kamol topgan ajdodlarimiz – xoqonlar, sultonlar, xonlar, amirlar, sarkardalar oʻz davrida qudratli davlatlar va imperiyalarga asos solgan edi.

Birgina Sohibqiron Amir Temur timsolida hozirgi Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Moʻgʻuliston, Afgʻoniston, Pokiston, Hindiston, Eronu Iroq, Suriya, Misr, Turkiya, Gruziya, Ozarbayjon, Armaniston kabi jami 27 ta davlat, xullas, yarim dunyoda buyuk imperiya barpo etgan va katta davlatchilik tarixiga asos solgan xalqmiz.

Har safar Amir Temur bobomiz biror mamlakatni ishg‘ol qilgandan so‘ng mamlakatga qaytar ekan, to‘g‘ri Samarqandning Registon maydoniga ot o‘ynatib kirib kelgan. Bu yoqda u kishini do‘mbiralar, nog‘oralar, karnay-surnaylar chalib g‘alaba kuylari bilan kutib olishgan. Samarqand shunchaki poytaxt shahar emas, ko‘p muzaffarlarni ko‘rgan qaddi va g‘ururi baland shahar.

Shu bilan birga u buyuk Temur bobomiz abadiy qo‘nim topgan joy.

Aynan ana shu buyuk ajdodlarimiz asrlar davomida katta-katta shaharlarni bunyod etdilar, muazzam imoratlarni tikladilar.

Bu obidalar hozir ham dunyoni hayratga solmoqda va jahon meʼmorchiligining nodir durdonalari sifatida xorijiy sayyohlarni oʻziga rom etmoqda.

Aslida dunyoda shohlar, sarkardalar koʻp. Lekin ularning aksari faqat buzgan, vayron qilgan.

Ammo bizning bobolarimiz bunyod qilgan, qurgan, yaratgan!

Buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz:

“AGAR QUDRATIMIZGA SHUBHA QILSANG, BIZ QURGAN IMORATLARGA BOQ!” deganida ham millatimizning, mamlakatimizning nechogʻlik bunyodkorlik qudratiga ega ekanligiga ishora qilgan edi.

Albatta, dunyo ahlining ham buyuk Sohibqironga boʻlgan ehtiromi yuksak edi.

Misol uchun, rus knyazlari Oltin Oʻrda istibdodidan xalos etganligi uchun Yeles shahrida bobokalonimizga yodgorlik, Tobolsk yaqinida esa minora qurdirgan.

Fransuzlar esa Amir Temurga oltindan haykal oʻrnatgan.

1853-yilda Angliyaning “Old Vik” teatrida Karl Marloning “Buyuk Temur” spektakli sahnalashtirilgan. Gʻarbning mashhur rassomi Rembrandt ham Sohibqiron suratini ishlagan.

Ha, aziz oʻquvchilar, biz vujudida ana shu buyuk hoqonlar, sarkardalar, shohlar va beklarning qoni oqayotgan millatmiz!

Oʻz oldimizga yurtimizning qadim shon-shavkatini yana tiklash, shonli tarixini qayta yozish, “Uchinchi Renessans” poydevorini qoʻyishni maqsad qilgan xalqmiz.

Biz boqiy shaharlardagi obidalarga nima uchun boramiz?

O‘quvchilar javobi.

O‘qituvchi: Kelinglar, shu savolga javobni mana bu video orqali birga qidiramiz.

 

🎬 Vizual kontent

Boqiy shaharlardagi obidalarga nima uchun boramiz?

 

O‘qituvchi: Bilasizmi, bugun Oʻzbekiston sayyohlik sohasidan yiliga qancha daromad qiladi? Taxminan boʻlsayam ayting.

Oʻquvchilar javobi

Oʻqituvchi: Ha, aniqroq aytadigan boʻlsak, 2025-yilga kelib bu koʻrsatkich 3,5 mlrd. AQSH dollariga yetdi!

Siz oʻquvchilar, bu mablagʻning iqtisodiyotimiz uchun, aholi farovonligi uchun qanchalik muhim ekanini yaxshi bilasiz.

Haqiqatdan ham, bugun Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning yuragi, javohiri sifatida yirik turizm markaziga aylanmoqda.

Mintaqaning boshqa mamlakatlarida bunday salohiyat, bunday tarix yoʻq!

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qoʻygan paytda:

“Hamma oʻz tarixini ulugʻlaydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yoʻq. Bu merosni chuqur oʻrganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak”, deb alohida taʼkidlagan edi.

Shuning uchun ham Birlashgan Millatlar tashkilotining xalqaro turizm tashkiloti tomonidan (UNWTO) turizm sohasi bo‘yicha eng tez rivojlanayotgan 20 ta davlat roʻyxatida Oʻzbekiston 4-oʻrinda qayd etildi. (2020 yil).

Endi savol tugʻiladi, xoʻsh, xorijlik sayyohlar Oʻzbekistonga nima uchun keladi?

Oʻquvchilar javobi.

Oʻqituvchi: Toʻgʻri va tabiiyki, ular, avvalo, Samarqand, Buxoro, Xiva singari qadimiy shaharlarimizni, millatning buyuk oʻtmishiga daxldor tarixiy obidalarimizni oʻz koʻzi bilan koʻrish, muqaddas qadamjolarimizni ziyorat qilish uchun keladi.

Bundan xulosa shuki, bobolarimiz oʻzlari bunyod etgan imoratlari evaziga bizga shunday katta daromad manbasini, shon-shuhratni meros qoldirgan.

Bugun bizning asosiy burchimiz ana shu tarixiy merosni asrab avaylashdan iborat.

Buni chuqur anglagan holda Prezidentimiz rahbarligida jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

O‘qituvchi: Endi esa, bir jumboqli o‘yin o‘ynaymiz. Ya’ni yurtimizdagi qadimiy obidalar va an’anaviy maktablarni qanchalik yaxshi bilishingizni tekshiramiz.

Ekranda Boqiy shahar tasvirlari aks etgan jumboq” ko‘rinadi. Jumboqni boshlashdan avval o‘qituvchi undagi obidalar va an’anaviy maktablar nomlarini daftarga yozishni aytadi. Keyingi rolikda javoblar tekshiriladi.

 

Vizual kontent

Boqiy shahar obidalari va an’anaviy maktablar nomini toping (jumboq)

 

O‘qituvchi: Bu shaharlar yuz yillar emas, ming yillar davomida saqlanib qolgan. Shuning uchun ularni boqiy shaharlar deyishadi. Ular insoniyatning tarixiy xotirasi. Hozir javoblaringizni tekshiramiz.

 

Vizual kontent

Boqiy shahar obidalari va an’anaviy maktablar. Javoblarni tekshiring!

 

 

 2. ASOSIY QISM. Islohotlar mohiyati. (25 daqiqa)

 

O‘qituvchi: O‘quvchilar, sizlar o‘zbek so‘mlaridagi suratlarga hech e’tibor berganmisizlar?

Yonidan yangi o‘zbek so‘mi kupyuralaridan birini chiqarib ko‘rsatadi.

O‘qituvchi: Qaranglar, bu yerda qaysi obida aks etgan?

O‘quvchilar javobini tinlaydi.

O‘qituvchi: Kelinglar endi so‘mimizda aks etgan suratlar haqida videorolik tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

O‘zbek soʻmlarida aks etgan boqiy shaharlar

 

Ko‘rib turganingizdek, mamlakatimizdagi me’moriy obidalar va qadimiy shaharlar davlat siyosati darajasida himoya qilinadi va targ‘ib etiladi, hatto pullarimizga ham tasvirlari tushirilgan. Madaniy merosimizni asrab avaylash shu bilan chekinib qolmaydi, albatta.

Avvalo, mamlakatimizda “Madaniy meros agentligi” tashkil etildi.

Qadimiy shaharlarning tarixiy yodgorliklarini restavratsiya qilish ishlari YUNESKO bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

Shu maqsadda Prezident Farmoni (26.05.2020-6000-son) asosida YUNESKO shafeligida Xalqaro maslahat qoʻmitasi tashkil etildi.

Soʻnggi 5 yilda ushbu maqsadlarga katta mablagʻlar ajratildi. 

Misol uchun, 2020-yilda tarixiy obidalarni taʼmirlashga 22,8 mlrd. soʻm ajratilgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 3,2 barobarga oʻsdi.

“Buxoro”, “Samarqand”, Ichan qalʼa, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qoʻqon” davlat muzey-qoʻriqxonalari chegaralari aniq belgilandi va muhofazaga olindi.

Samarqand xayoli (5 daqiqa)

Interaktiv mashgʻulot:

Oʻqituvchi: Samarqand shahrining koʻrki boʻlgan Registon ansambli yaratilish tarixini bilasizmi?

Oʻquvchilar javobi

Oʻqituvchi: Albatta, fikrlaringiz juda qimmatli.

Samarqand haqida nima eshitgansiz? Uni odatda nima deb atashadi?”

(o‘quvchilar javob berishadi: Temur shahri, Registon shahri, ilm markaziva h.k.)

Oʻqituvchi: To‘g‘ri! Samarqand bu faqat me’morlik yodgorligi emas, bu ilm, madaniyat va sivilizatsiyaning yuragi. IX asrda bu yerda dunyodagi ilk qog‘oz ishlab chiqarish ustaxonasi ochilgan. Samarqand qog‘ozi butun Sharqda eng yuqori sifatli hisoblangan. Bu yerda Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk siymolar yashagan. Ulug‘bek rasadxonasida yaratilgan astronomik jadvallar haligacha Yevropada ham qo‘llaniladi.

Savol: Samarqand qog‘ozi nima uchun muhim bo‘lgan deb o‘ylaysiz? Qanday fan yoki sohalar uning yordamida rivojlangan?

(o‘quvchilar: Yozuv, kitoblar, ilm, huquq va h.k.)

O‘qituvchi xulosa qiladi: “Ana shunday. Qog‘oz bilimning eshigi edi. Samarqand ilmning beshigi bo‘lgani uchun u hech qachon yo‘qolmagan. Shuning uchun ham u Boqiy shahar’ hisoblanadi.”

3000 yillik tarixga ega boʻlgan va hamisha navqiron Samarqand shahri qadimgi soʻgʻdiy hujjatlarda “Samarkant”, qadimgi Yunon va Rim mualliflari asarlarida “Marakanda”, “Marganda” shakllarida uchraydi.

Abu Rayhon Beruniy, Mahmud Qoshgʻariy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida esa shahar nomi “Semizkent” boʻlgani va “Semiz (boy) shahar” maʼnosini bildirgani bayon etilgan.

Samarqand qadimgi Soʻgʻdiyona davlati, Amir Temur imperiyasi poytaxti sifatida ham mashhur.

Turli davrlarda bu yerda jahon mumtoz adabiyotining namoyandasi Rudakiy va olim hamda shoir Umar Xayyom, kalom ilmining asoschisi Abu Mansur Motirudiy va fiqx ilmining bilimdoni Burxoniddin Margʻiloniy, Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi Xoʻja Axrori Valiy, sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiylar yashab ijod etdilar.

Hadis ilmining buyuk bilimdoni Imom Ismoil al-Buxoriy Samarqand yaqinida abadiy qoʻnim topdi.  Sharof Rashidov, Islom Karimov kabi davlat va jamoat arboblari shu zaminda kamol topdilar.

Samarqand dunyoning borib koʻrish tavsiya etilgan 50 ta eng buyuk  shaharlari roʻyxatiga kiritilgan va Afina, Rim, Parij, Bagʻdod kabi shaharlar bilan bir qatorda eʼzozlanadi.

Ha, Samarqandni oddiy shaharlarga tenglashtirib boʻlmaydi!

Har yili 18-oktabr Samarqand shahri kuni sifatida keng nishonlanadi.

Bayram munosabati bilan taniqli shoir va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Farmon Toshev qalamiga mansub ushbu sheʼr ham Samarqand taʼrifida alohida diqqatga sazovor:

 

Otgan har tong karomatli  muazzam Samarqandda,

Maʼrifatu zako bunda, ilm-fan Samarqandda.

 

Koʻhna tarix guvohlari ohorli, bedor, hushyor,

Uygʻoq goʻyo Temurning qalbi ham Samarqandda.

 

Gʻarb-u Sharqni bogʻlaganda Buyuk Ipak yoʻllari,

Barcha iqlim karvonlari tutashgan Samarqandda.

 

Oqillarga beshik boʻlgan   Uygʻonish shamchirogʻi,

Dunyo dardiga har dam bor malham Samarqandda.

 

Teran fikrat bergaydir hadislar zakovati,

Buxoriy ibratidan nurli sham Samarqandda.

 

Xizr, anbiyo, shayxlar, avliyolar koʻp bunda,

Motrudiy, ad-Daromiy ham Qusam Samarqandda.

 

Ulugʻbek yulduzlari koʻngilning mavji kabi,

Alisher Navoiydan nekqadam Samarqandda.

 

Yetti iqlim hayrati yetmish tomirda gʻurur,

O, Yangi Oʻzbekiston boʻy choʻzgan Samarqandda.

 

Samarqanddagi “Boqiy shahar” majmuasi haqida nimalarni bilasiz?

O‘quvchilarning javobi

Samarqanddagi “Boqiy shahar” majmuasi haqida quyidagi ma’lumotlarni bilishingiz lozim:

•  Bu majmua “Silk Road Samarkand” turistik markazi doirasida barpo etilgan etnografik-tarixiy maydon.

•  U  17 gektar maydonni tashkil qiladi.

•  Unda 44 ta bino bor.

•  Majmuaning umumiy qismi Silk Road Samarkand turistik klasteri doirasida bo‘lib, umumiy maydoni 260 gektarga ega turistik markazning bir bo‘lagidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur shahar shakil kompleksda qadimiy va zamonaviy me’morlik uyg‘unligi yaratildi. Uning ochilishi nafaqat mamlakatda, balki jahon hamjamiyatida ham katta qiziqish uyg‘otdi. Davlat rahbari ta’kidlaganidek, “Boqiy shahar” majmuasi Samarqandning yangi tashrif qog‘oziga aylandi ya’ni u hozirgi zamonning madaniyat, turizm va xalqlar do‘stligini birlashtiruvchi markazi sifatida O‘zbekistonning yuzi va kelajakka bo‘lgan ishonch ramziga aylandi.

Buxoro Ma’naviyat va din markazi (5 daqiqa)

Hurmatli oʻquvchilar endi yurtimizdagi yana bir boqiy shahar xususida soʻzlashsak. Xoʻsh, Buxorodagi tarixiy obidalar haqida nimalar bilamiz?

Oʻquvchilar javobi

O‘qituvchi:

“Buxoro haqida gap ketganda ko‘z oldimizga nima keladi?”

(o‘quvchilar: Minorai Kalon, “madrasalar, ilm ahli va h.k.)

“To‘g‘ri! Buxoro bu ma’rifat va din markazi bo‘lgan shahar. Bu yerda IX–X asrlarda yuzlab madrasalar faoliyat yuritgan.

Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk olimlar Buxoro maktabidan chiqqan.

Minorai Kalon bu faqat me’morlik moʻjizasi emas, balki, bugungi kungacha turib, inson yaratgan go‘zallik ham abadiy bo‘lishi mumkin degan timsol.

Oʻqituvchi: Barchangizga katta rahmat. Aytish mumkunki, Buxorodagi tarixiy obidalar miloddan avvalgi II asrlardan boshlab qurila boshlangan.

Misol uchun, mashhur Buxoro Arki oʻrnida miloddan avvalgi III-II asrlarda ham inshootlar mavjud boʻlgan.

Ark asrlar davomida Buxoro hukmdorlarining qarorgohi, qalʼasi boʻlgan.

Kelinglar, endi Ark haqida bir videorolik tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Buxoro Arkidan “BUXORO”ni qidiramiz

 

Oʻqituvchi: Buxoro madaniyati eng yuksalgan oʻrta asrlarda Arkda Rudakiy, Firdavsiy, Abu Ali Ibn Sino, Forobiy, Umar Xayyom kabi buyuk zotlar yashagan.

Abu Ali ibn Sino bunday yozadi: “Bu yer kutubxonasidan shunday kitoblarni topdim, ularni oldin ham, keyin ham hech qayerda koʻrmadim. Ularni oʻqib chiqdim va menga olam sirlari ayon boʻldi”. 

Shu muqaddas zaminda tugʻilgan Imom Buxoriy 600 ming hadis toʻplab, shundan 100 ming sahih, 200 ming zaif hadisni yod bilani, bu hadislarni toʻplashda 90 mingdan ziyod kishining huzurida boʻlgani bilan butun islom dunyosiga Buxoroni tanitdi.

Ulamolardan boʻlmish Hokim ismli kishi aytadi: “Bu dunyo ostin-ustun qilib yuborilsa ham, Buxoriy kabi hadis biluvchi va uni yodlovchi odam topilmaydi”.

Ha, Buxoroning qadim obidalarida shunday buyuklarning nigohi, tosh koʻchalarida izlari bor. Buxoro Arki ham ana shunday abadiyatga daxldor tarixiy majmuadir.

 

Muhtasham devorlar bilan oʻralgan Ark ichida amirning saroyi, devonxona, masjid, kazarma, omborlar joylashgan.

Ark 1920-yilda Qizil Armiya tomonidan bombardimon qilingan. Shundan soʻng Ark qisman qayta tiklangan va hozirgi kunda muzey sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.

Сибирский В.М. Штурм крепости Арк. Старая Бухара.

Медресе Мири-Араб, Бухара

Bu boqiy shahardagi biz bilishimiz kerak boʻlgan yana bir tarixiy obida bu Mir Arab madrasasi.

Madrasa XVI asrda, Shayboniylar davrida, Buxoro xoni Ubaydullaxon mablagʻi hisobiga 15301536-yillarda Shayx Abdulloh (Mir Arab) tomonidan qurilgan.

Mir Arabning asl ismi Sayyid Abdulloh boʻlib, 22 yoshida Samarqandga kelib Xoja Ahrorga shogird tushgan va Naqshbandiya tariqatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan. Madrasa qurilishini oʻzi nihoyasiga yetkaza olmagan, 1536-yil boshida Mir Arab vafot etgan va uning vasiyatiga koʻra kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga yetkazgan.

Amir Shohmurod madrasa oʻquvchilariga soliqlardan tushgan daromad hisobidan nafaqa (stipendiya) toʻlashni joriy etgan.

Madrasani muvaffaqiyatli tamomlagan oʻquvchilarga shahodatnoma berilgan. Aʼlo baholarda oʻqigan oʻquvchilar turli sovgʻa va naqd pul mukofoti bilan taqdirlangan.

Masalan, Kamoliddin ismli qoʻshrabotlik oʻquvchi madrasani aʼlo baholar bilan yakunlagach, unga amir Abdulahad (1859-1911 yillar) sarupo kiygizib, “Qurʼoni karim” va “Al-Jomeʼ as-sahih” kitoblarini sovgʻa qilib saroyda ishlashga taklif etgan.

Shoʻrolar davrida faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan, 1945-yilda yana tiklangan. Oʻquv muddati 4 yil. Diniy fanlar hamda umumtaʼlim fanlari, arab, ingliz, rus va fors tillari ham oʻrgatiladi.

 

 

 

Xiva xazinasi (5 daqiqa)

Interaktiv mashg‘ulot

O‘qituvchi:

“Endi kelinglar, Xivaga bordik, deb tasavvur qilaylik. Ko‘z oldimizga nima keladi?”

(o‘quvchilar: Ichan-Qal’a, Kalta minor, saroyla, hunarmandlar)

 

“To‘g‘ri! Xiva bu yerda har bir g‘isht san’atga aylangan shahar.

Ichan-Qal’a jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kirgan yagona jonli shahar.

Bu yerda har bir xonadonda bir hunar bor: kulolchilik, naqqoshlik, zargarlik, chodir tikish.

Xivaliklar har ishni qalb bilan qilish’ni yaxshi bilishgan”.

 

Interfaol savol:

Oʻqituvchi: Agar siz Xivaga borsangiz, nimani ko‘rmoqchi yoki nimani o‘rganmoqchi bo‘lar edingiz?

(o‘quvchilar javob berishadi)

Oʻqituvchi: Demak, 3 ming yil oldin ham Xorazmda turkiy qabilalar yashagan va davlat tizimi boʻlgan. Xorazmdagi tarixiy obidalar ham oʻsha davrlardan buyon bunyod etilgan, urushlarda vayron boʻlgan va qayta tiklangan.

“Har bir tosh, har bir koʻhna devor – sening oʻtmishing, sening oʻzingdir”, deb bejizga aytishmagan. Chunki ajdodlarimizdan meros bu tarixiy obidalar bizga juda katta ruhiy madad beruvchi betakror madaniy meros sifatida abadiyatga daxldordir.

Ana shunday obidalardan yana biri bu Xivadagi Ichan qalʼadir.

Xivaning ichki qalʼasi (Shahriston) qismi va Dishan qalʼa (tashqi qalʼa) qismidan kungurador devor bilan ajratilgan.

Ichan qalʼaga 4 darvoza (Bogʻcha, Polvon, Tosh, Ota darvozalar)dan kirilgan.

Undagi meʼmoriy yodgorliklarning yaratilish 4 davrga taalluqli:

Birinchisi Moʻgʻullar istilosi davriga qadar, bu davrdan Koʻqna arkning gʻarbiy devori, qalʼa devorining shimoliy sharqiy burchagidagi qadim davrga mansub burj va qalʼa devori qoldiqlari saqlanib qolgan.

Ikkinchisi Xorazmning 1220-yildagi moʻgʻullar istilosidan keyin tiklanish davri. Bu davrda Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa mahobatli binolar qurilgan.

Uchinchi davri XVI- XVII asrlarga toʻgʻri keladi. Abulgʻozixon va Asfandiyorxon hukmronlik davrida Ichan qalʼada 1657-1688-yillarda Anushaxon hammomi, Oq masjid, Xoʻjamberdibek madrasasi bunyod etildi.

Toʻrtinchi davri 18-20-asrlarni oʻz ichiga oladi. Bu davrda masjid, madrasa, tim va toqilar qurildi. Ota darvozadan Polvon darvozagacha katta yoʻl oʻtkazildi. Juma masjid qayta qurildi. Yangi va katta Tosh hovli saroyi, Olloqulixon karvon saroyi, Arab Muhammadxon va Musa Tura madrasalari barpo etildi.

3. YAKUNIY QISM (5 daqiqa)

Oʻqituvchi: Mana bugun biz yurtimizdagi qadimiy va boqiy shaharlardan ayrimlari, ya’ni eng mashhurlari haqida gaplashdik. Shuningdek, hali Shahrisabz, Qo‘qon, Marg‘ilon, Toshkent, Qarshi kabi qadimiy shaharlarimiz ko‘p.

Kelinglar, hozir sizlar bilan bir jumboq o‘yin o‘ynaymiz.

Boqiy shahar tasvirlari (jumboq)

Boqiy shaharlardagi turli inshootlar va obidalarning suratlari ko‘rsatiladi. O‘quvchilar ularning nomini va joylashgan shaharini topishi kerak. Har bir to‘g‘ri javob uchun bitta smaylik beriladi.

Yakun:

Yakunda boqiy shaharlar haqidagi o‘quvchilarning savollariga o‘qituvchi javob beradi.