“Kelajak soati” 7-mavzu

MAKTABGACHA YOSHDAGI TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI:

“MENING SHAHRIM-MENING MAHALLAM”

Davra suhbatining maqsadi:                                                        

-Tarbiyalanuvchilarda Vatanga, shahriga, mahallasiga mehr, g‘urur va hurmat tuyg‘usini shakllantirish;

-O‘z yashash joyi, ko‘chalari, mahalla obyektlari haqida tasavvurlarini boyitish;

-Ijtimoiy faol bo‘lish, o‘z shahrini asrash va go‘zallashtirishga intilish ruhida tarbiyalash;

-Og‘zaki nutqni rivojlantirish va guruhda muloqot qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash.

 

Kutilayotgan natija:

-Tarbiyalanuvchilar o‘z shahri va mahallasi haqida oddiy jumlalar bilan gapira oladi;

-Shahar va mahalla  nomlab aytib bera oladi (masalan: bolalar maydonchasi, bog‘cha, do‘kon, ko‘cha, park);

-O‘z mahallasidagi ijobiy jihatlar haqida fikr bildiradi;

-Shahriga va mahallasiga nisbatan ijobiy his-tuyg‘ularini ifoda eta oladi (rasm, so‘z, qo‘shiq orqali);

-Jamoa bilan faol ishtirok etadi va o‘z fikrini bayon etadi.

Kerakli jihozlar:

-Shahar va mahalla hayotiga oid rasmlar (park, maktab, bog‘cha, mahalla guzari, sport maydonchasi);
- Proyektor yoki ekran (agar mavjud bo‘lsa).

 

Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa

 

 

I.KIRISH QISMI:

Tarbiyachi: - Assalomu alaykum, bolajonlar! Bugun sizlar bilan muhim mavzuda suhbatlashamiz! Aytingchi, mahalla nimaligini bilasizmi?

(Quyidagi rasmlar kartochka  yoki ekran orqali ko‘rsatiladi.)

 

 A cartoon illustration of a street with a house and trees | Premium Vector A cartoon drawing of a road with a house and trees | Premium AI-generated  vectorPeople Sitting Front House Illustration Stock Vector (Royalty Free)  545884660 | Shutterstock       

 

Tarbiyachi: Bolajonlar, rasmda nimalarni ko‘ryapsiz? (uylar, odamlar, katta va kichiklar)

Bolalar javobi tinglanadi.

Tarbiyachi: Mahalla – bu uyimiz, qo‘ni-qo‘shnimiz, biz yashaydigan ko‘cha, biz o‘ynaydigan o‘yin maydonchasi, uyimizga yaqin bo‘lgan do‘konlar, nonvoyxona, choyxona, bog‘chamiz. Mahallada qoʻni-qoʻshni, katta-kichiklar, oʻrtoqlaringiz boʻladi. Bularning barchasi siz yashayotgan mahallada joylashadi.  Kimdir hovlida yashasa? kimdir koʻp qavatli uyda yashaydi.

Aytingchi, bolajonlar, qaysi biringiz hovlida, qaysi biringiz ko‘pqavatli uyda yashaysizlar?

Bolalar javobi tinglanadi.

Tarbiyachi: Uylar ko‘chani, ko‘chalar esa mahallani tashkil qiladi.  Qayerda yashamaylik, biz, oʻz uyimizni yaxshi koʻramiz. Shundaymi?

Bolalar: HA!!!

Tarbiyachi:Demak, yaxshi ko‘rar ekanmiz uyimizni va mahallamizni ozoda,  tartibli, saranjom-sarishta tutishimiz kerak.

Tarbiyachi: Bolajonlar,  mahalla bu - siz tugʻilib oʻsgan joy. Har bir mahallaning oʻz qoidalari bor. Siz mahallangizdagi qoidalarga amal qilishingiz kerak. Mahallada  qanday  tartib-qoidalar boʻlishi mumkin? Kim biladi?

(Bolalar tarbiyachi savoliga javob bera olmasalar, tarbiyachining oʻzi bolalarga yordam beradi):

1. Mahallada qoʻshnilar ahil yashashadi.

2. Bolalar  kattalarni koʻrganda  qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, “Assalomu alaykum” deb, salom berib oʻtishadi.

3. Bemorlardan xabar olinadi.

4. Koʻcha eshik oldi  doimo toza turadi, koʻchalarga  daraxtlar, gullar ekiladi.

5. Gullarni,  daraxtlarni  parvarishlashda  oilaning kichik a’zolari, ya’ni sizlar ham yordamlashasiz-a? Bolajonlar, oilada qanday ishlarni bajarasizlar? (Bolalar javobi tinglanadi).

6. Mahalladoshlar daraxtlar soyasidagi o‘rindiqlarda suhbatlashib, dam olib oʻtirishadimi?

7. Mahallamiz ko‘chalariga qarang, toza, daraxtlar, gullar  ekilgan. Bu gullarni, daraxtlarni parvarish qilishda sizga oʻxshash bolalar yordam beradilar.

 “Botir va uning mahallasi” nomli hikoya

 

Tarbiyachi: Botir ismli bola o‘z mahallasini juda yaxshi ko‘radi. U har kuni bog‘chaga borishda mahalladagi ko‘kalamzorlikni tomosha qiladi, ko‘chani toza tutadi, mahalladagi kattalarga salom beradi. Bir kuni yangi qo‘shni ko‘chib keladi. Botir unga mahalladagi bolalar maydonchasi, sport maydonchasi va bog‘chasini ko‘rsatadi. Bu orqali Botir shahrini va mahallasini sevishini isbotlaydi.

Hikoya tugagach, bolalardan so‘raladi:

Tarbiyachi: Siz Botirning o‘rnida bo‘lsangiz, yangi qo‘shniga yana nimalarni ko‘rsatgan bo‘lardingiz?

Mahallamiz koʻchalaridan mashinalar yuradi.  Koʻchalarda yurishni oʻz qoidasi bor. Atrofga eʻtibor bering. Mahallada mashinalar yuradigan joylar bor. Piyodalar yuradigan yoʻlaklar bor. Biz doimo mana shu yoʻlaklardan yurishimiz kerak.  Hech qachon koʻchaning oʻrtasida oʻynamang. Koʻchaning oʻrtasida oʻynash hayotingiz uchun xavfli bo‘lishi mumkin!

 

Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:

1. Bugun qaysi mavzuda suhbatlashdik?

2. Mahallangizni nomi nima?

3. Mahallangizda qanday binolar joylashgan?

4. Yashayotgan koʻchangiz haqida gapirib bering?

5. Koʻchangizni ozoda tutasizmi?

          6. Mahallada yashashning  qanday qoidalari bor?                                                      

 

 

 

 

 

 

Yod olish uchun she’r

 

Mening mahallam

Sevarbek Elboyev

 

_________ nomi bilan,

                                         Ataladi mahallam.

                                         U ham bir kichik o‘lkam,

                                         Ko‘chalari keng, ko‘rkam.

 

        Olimlar yashar unda,                                    Ishonmaysiz, gapimga,

        Kelib ko‘ring, bir unga.                                 Qarindoshdek yosh qari.

        Shunga amin bo‘larsiz                                  Katta-kichik inoqdir

        Mehmon bo‘lib ketarsiz!                              Yashaydi ahil bari!

 

XULOSA

  • Biz yashayotgan shahar va mahalla — bu bizning uyimiz. Uni sevish, asrash va go‘zallashtirish — har birimizning burchimiz.
  • Biz mahallamiz bilan faxrlanamiz! Uni do‘stlarimizga va mehmonlarga xursand bo‘lib ko‘rsatamiz!