“Kelajak soati” 8-mavzu
MAKTABGACHA YOSHDAGI TARBIYALANUVCHILAR UCHUN DAVRA SUHBATI: “ONA TILIM – JON-U DILIM”
Metodologiya
I. KIRISH QISMI:
Tarbiyachi: Aziz bolajonlar! Bugun biz sizlar bilan juda go‘zal, hammamizga yaqin bo‘lgan ona tilimiz haqida suhbatlashamiz!
Har bir inson uchun eng shirali, eng aziz va eng suyukli til bu uning ona tilidir. Bolajonlar, mana bu rasmlarga qaranglar. Bolalar o‘z ona tillarida mazza qilib kitob o‘qiyaptilar.


Endi esa, bolajonlar, sizlar bilan ajoyib video tomosha qilamiz.
Video
Oʻzbek tili tarixi boʻylab sayohat
Interfaol suhbat: (savol-javob shaklida)
Tarbiyachi tomonidan quyidagi savollar beriladi:
– Bolajonlar, sizlar qaysi tilda gaplashasizlar?
– Ona tilimiz qanday til?
– Nega ona tilini yaxshi ko‘ramiz?
– Uyda onangiz bilan qaysi tilda suhbatlashasiz?
– Kitoblar, ertaklar qaysi tilda o‘qiladi?
(Bolalarning javoblari tinglanadi).
Tarbiyachi: Bolajonlar, men sizlarga bir ertak aytib beraman. Diqqat qilib eshitinglar, chunki ertak so‘ngida sizlarga savollar beraman.
“SO‘ZLAR YURTI MALIKASI” haqida ertak
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Uzoq-uzoqlarda “So‘zlar yurti” degan mo‘jizaviy bir mamlakat bor ekan. Bu yurtda turli so‘zlar yashar ekan: “Salom”, “Rahmat”, “Iltimos”, “Mening ismim...”, “Ona”, “Vatan” va boshqa chiroyli, muloyim so‘zlar bor ekan. Bu yurtda malika Tilgo‘zal hukmronlik qilar ekan. U so‘zlarni tarbiyalab, har doim pokiza, chiroyli, odobli bo‘lishlariga yordam berar ekan.
Ammo bir kuni So‘zlar yurti qorong‘ilashib qolibdi. Nega deysizmi? Chunki ba’zi bolalar “salom” o‘rniga “hay”, “rahmat” o‘rniga “okey” so‘zlarini ishlata boshlabdi. So‘zlar bu gaplarni eshitib, xafa bo‘libdi. “Ona”, “Vatan”, “Til” so‘zlari esa yig‘labdi.
Shunda malika Tilgo‘zal barcha bolalarni yig‘ib, shunday debdi:
– Aziz bolalar! Ona tilimiz eng shirin, eng go‘zal til. Har bir so‘zni hurmat bilan ishlating. Chiroyli so‘zlashgan bola donishmand bolaga aylanadi!
Bolalar bu gaplarni eshitib, xatolarini tushunibdi. Ular yana “Salom!”, “Rahmat!”, “Iltimos!”, “Kechirasiz”, “Xo‘p bo‘ladi” deb so‘zlashishni boshlashibdi. Shundan keyin, so‘zlar yurti yana nurga to‘libdi. Malika esa bolalarni mehr bilan quchibdi.
Shunday qilib, so‘zlar yurti yana quvonchli, go‘zal mamlakatlardan biriga aylangan ekan.
Ertakdan keyingi suhbat savollari:
1. So‘zlar yurti qayerda joylashgan edi?
2. Nima sababdan yurtda qorong‘ilik tushdi?
3. Malika tili go‘zal bolalarga nima dedi?
4. Siz qaysi chiroyli so‘zlarni ishlatasiz?
5. Ona tilimizda qanday gapirsak to‘g‘ri bo‘lar ekan?
Bolalar yod olishi uchun she’rlar
Ona tilim, boy tilim,
Qalbimdagi jon tilim.
O‘zbek elin dunyoga,
Tanitgan polvon tilim.
Tilim mening boyligim,
Osmondagi oyligim.
Sen bilan ona tilim,
Faxr tuyar yuragim!
XULOSA:
Tarbiyachi: Qadrli bolajonlar, bugun biz sizlar bilan ona tilimiz haqida ko‘p foydali ma’lumotlar oldik. Har birimiz o‘z tilimizni yaxshi ko‘rib, to‘g‘ri va go‘zal so‘zlashishga harakat qilaylik. Chunki til – bu bizning boyligimiz, faxrimiz!