“Kelajak soati” 8-mavzu
21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni
DARS SSENARIYSI
Dastlabki 10 daqiqada kirish va mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.
-
Kirish. Motivatsion qism (10 daqiqa)
Ona tili tushunchasi
(Fon musiqa: “Alla” qo‘shig‘i yangraydi.)
O‘qituvchi:
Bolajonlar, sizlar hayotda birinchi eshitgan ovoz kimniki edi?
O‘quvchilar: -
Onamniki (oyimniki)
O‘qituvchi:
To‘g‘ri, bolajonlar! Har birimiz dunyoga kelganimizda ilk eshitgan so‘zimiz onamizning so‘zi bo‘lgan. Ana shu so‘z o‘zbek tilida aytilgan! Shuning uchun ham o‘zbek tili – bu onamizning tili, onamizning ovozidir!
Fondagi alla ovozi asta pasayadi, keyin o‘chadi.
Vizual kontent:
“Ona tili” ijtimoiy rolik
O‘qituvchi:
– Bolajonlar, sizlarga oyijoningiz doim shirin so‘zlar aytadilar-a? Ana shu so‘zlar oddiy so‘zlar emas, ularda mehr bor, yaxshi niyat bor, sevgi bor. Boshqa tillarni kitoblardan va darslardan o‘rganamiz, ammo ona tilimizni onamizdan o‘rganamiz. Bu saboqda bizning birinchi ustozimiz – onamiz bo‘ladi. Shuning uchun biz o‘zbek tilini sevamiz – chunki u onamizning mehriga to‘la til.
Interaktiv mashg‘ulot: “Onam aytgan so‘zlar”
Bolalarga yurakcha shaklida qog‘oz tarqatiladi.
O‘qituvchi doskaga daraxt chizadi.
Topshiriq: onangiz sizni erkalab chaqiradigan so‘zlarni qog‘ozchaga yozing.(masalan: “jonim”, “farishtam”, “qalbim”, “sevinchim”, “hayotim”)
Keyin o‘qituvchi aytadi:
– Qaranglar, bolajonlar, har birimizga onamiz mehr bilan murojaat qiladi. Mana shu so‘zlar – o‘zbek tilining eng go‘zal so‘zlaridir.
Bolalar qog‘oz yurakchalarni doskadagi daraxtga yopishtirishadi – “mehr daraxti” paydo bo‘ladi.
O‘qituvchi: Ko‘rdingizmi, bolajonlar, o‘zbek tilimiz mana shu daraxtday ulkan. So‘zlar esa undagi yaproqchalar. Bu yaproqchalar juda ko‘p. Daraxtimizning ildizlari esa chuqurga ketgan. Shu sababli bu tilimiz umrboqiy, ya’ni o‘lmaydigan til.
Tilimiz o‘lmasligiga, mangu yashashiga aynan sizlar sabab bo‘lasizlar desam ishonasizlarmi? Olimlar aytishganki, qaysi tilda bolalar gaplashmay qo‘ysa, o‘sha til yo‘qolib ketar ekan. Bolalar o‘z ona tilida gaplashsa, demak, bu til hech qachon o‘lmaydi. Bolajonlar, sizlar zehningiz o‘tkir, ko‘p tillarni o‘rganasizlar, albatta. Bu juda kerak. Biroq o‘z ona tilingizda gaplashishni unutmang. Shunda onangizning tili – o‘zbek tili yashayveradi.
Bilasizmi, butun dunyoda o‘zbek tilini o‘rganishni istaydigan minglab insonlar bor. Biz xuddi ingliz, fransuz, koreys tillarini o‘rganganimizdek, xorijliklar ham bizning tilimizni o‘rganishadi, sevishadi. Hozirgi ko‘radigan videoimiz shu haqida.
Vizual kontent:
Tilimizda so‘zlayotgan, tilimizni tinglayotgan dunyo – ROLIK
O‘qituvchi:
Ona tilimiz orqali biz ming yillar oldin yashagan ota-bobolarimiz yaratgan asarlarni o‘qiymiz, o‘rganamiz. O‘z navbatida bugun yaratilayotgan yangi fikrlar, g‘oyalarni ham aynan tilimiz orqali ifodalab, yozib, kelajak avlodlarimizga qoldiramiz. Demak, ona tilimiz bizni ota-bobolarimiz bilan bog‘laydi. Kelajakda esa farzandlarimiz, nabiralarimiz, avlodlarimizni biz bilan bog‘laydi.
Bolajonlar, har bir davlatning o‘zining ramzlari bo‘ladi. Ya’ni uning madhiyasi, bayrog‘i, gerbi bo‘ladi, shundaymi? Davlatning davlat, millatning millat ekanini ko‘rsatuvchi yana bir muhim belgi bor – bu davlat tili.
1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.
U paytlar hali O‘zbekiston mustaqil davlat ham emas edi. Mustaqilligimizga birinchi qadamlar aynan o‘zbek tilimiz “davlat tili” bo‘lganidan boshlangan. Davlat tili bo‘ldi degani bu o‘sha mamlakatda barcha davlat ishlari, rasmiy ish yuritish, ta’lim avvalo o‘zbek tilida bo‘ladi degani. Tushunyapsizlarmi, bugun qanday muhim kun, qanday muhim bayram.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida ham O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir, deb belgilab qo‘yilgan.
1989-yildan beri har yili 21-oktabrda “Davlat tili haqidagi qonun” qabul qilingan kun sifatida nishonlab kelingan. Biroq bu kun bayram deb atalmagan edi.
Faqat yangi O‘zbekiston davriga kelib, ya’ni 2020 yil 10 aprelda bu kun “O‘zbek tili bayrami” kuni deb belgilandi. Bunda Prezidentimizning tilimizga e’tiborlari katta rol o‘ynadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday deydilar (bu iqtibosni ekranga chiqarish yoki doskaga yozib qo‘yish kerak):
“Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin”.
Shavkat Mirziyoyev
O‘qituvchi:
Endi esa, bolajonlar, o‘zbek tili va adabiyotiga, san’atga va ijodga alohida mehr qo‘ygan, shu fanlarni yaxshi ko‘radigan bolalar o‘qiydigan “Abdulla Qodiriy” nomidagi ijod maktabi haqida videorolik ko‘ramiz:
Vizual kontent:
“Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi” haqida
O‘qituvchi:
Bolajonlar, agar ona tili, o‘qish, adabiyot kabi fanlarni yaxshi o‘qisangiz va kitob o‘qishni yaxshi ko‘rsangiz, kelajakda shu maktabda o‘qishingiz mumkin.
Endi esa sizlarga bir voqeani aytib beraman.
-
Asosiy qism. Til – ma’naviyat ko‘zgusi (25 daqiqa)
Muammoli vaziyat:
Zilola boshqa tillarni yaxshi o‘rganmoqda. Inglizcha qo‘shiqlar aytadi, rus tilida multfilmlar tomosha qiladi. Ammo maktabda ona tili darsiga unchalik qiziqmaydi. “O‘zbek tilini hammamiz bilamiz-ku, nega yana o‘rganishimiz kerak?”, - deydi u.
O‘qituvchi:
-
Xo‘sh, aziz o‘quvchilarim, Zilolaning fikrlari to‘g‘rimi?
(O‘quvchilar o‘z fikrlarini bildiradilar. O‘qituvchi javoblarni umumlashtiradi)
-
Albatta, chet tillarini o‘rganish judayam yaxshi. Lekin ona tili – bu bizning dilimiz, ruhimiz, millatimizning yuragi. Shunday ekan, Zilola o‘z tilini chuqurroq o‘rganishga harakat qilishi kerak. Chunki ona tilini bilish boshqa tillarni o‘rganishga ham asos bo‘ladi.
Interaktiv o‘yinlar.
(Fon: milliy kuy, masalan, tanbur yoki rubob musiqasi.)
O‘qituvchi:
Bolajonlar, sizlar har kuni o‘zbek tilida gapirasizlar, to‘g‘rimi? Lekin bilasizmi, bu til ming yillar oldin ham bor bo‘lgan!
Hatto bizning buyuk bobolarimiz – Alisher Navoiy, Bobur, Ahmad Yugnakiy, qutb Xorazmiy va boshqalar ham shu tilda yozgan! Kelinglar, shu haqida bir video ko‘ramiz.
Vizual kontent:
Oʻzbek tili tarixi boʻylab sayohat
O‘qituvchi:
Hozir biz vaqt mashinasiga o‘tiramiz va “qadimiy so‘zlar yurti”ga sayohat qilamiz! U yerda so‘zlar gapiradi, ularda tarix va sir yashaydi!
O‘qituvchi:
Ko‘zlarimizni yumamiz. Vaqt mashinasiga o‘tirganimizni tasavvur qilamiz. Bundan 500 yil ortga, Navoiy va Bobur bobolarimiz zamoniga boramiz.
O‘qituvchi o‘zbek tilining tarixiy va boy til ekanligini o‘quvchilarga tushuntirish uchun doskaga dazmol, qalam, bilaguzuk aka-uka bolalarning rasmini ilib qo‘yadi va o‘quvchilarga yuzlanib ularni muloqotga chorlaydi:

.png)
.png)
.png)
O‘qituvchi: Doskada qanday rasmlarni ko‘ryapsiz?
O‘quvchilar: Dazmol, qalam, bilaguzuk, aka-ukalar
O‘qituvchi: To‘g‘ri. Ana endi, mana shu so‘zlar rus tilida qanday nomlanishini ham ayta olasizmi?
O‘quvchi: Utyug, karandash, braslet, brat
O‘qituvchi: Bilasizmi, bolalar, “utyug”, “karandash”, “braslet”, “brat” so‘zlari aslida o‘zbekcha so‘zlardir. E’tibor bering, o‘quvchilar!
-
Turkiy tildagi “ber atadan”(bir otadan) birikmalaridan ruscha “brat” so‘zi yasalgan.
– Turkiy tildagi “belezek”(bilarzik, bilaguzuk) so‘zidan ruscha “braslet” so‘zi yasalgan.
– Qadimgi turkiy tildagi “qora tosh” birikmasidan ruscha “karandash” so‘zi yasalgan.
– Qadimgi turkiy tildagi “o‘tli yuk” (olovli yuk) birikmasidan ruscha “utyuk” so‘zi yasalgan.
Ko‘rdingizmi aziz, o‘quvchilar, hozirgi kunda ba’zi tillarda keng foydalanib kelinayotgan bir qancha so‘zlarning kelib chiqish tarixi bizning ona tilimizga borib taqaladi. Bu bilan biz haqli ravishda faxrlansak arziydi. Ona tilimiz juda chiroyli, boy tarixga ega bo‘lgan til. Bu tilni sevmaslik, qadrlamaslik mumkinmi?! Ona tilimizni asrash unga bo‘lgan mehrdan boshlanadi.
Doskaga “Men ona tilimni sevaman, chunki...” jumlasi yozib qo‘yiladi. O‘quvchilar ushbu jumlani o‘z fikrlari bilan to‘ldirib aytadilar. Bunda har bir o‘quvchi o‘z fikrlarini erkin ifodalash imkoniyatiga ega
Slaydlarda ona tilini asrash yo‘llari va buning ahamiyati haqida ma’lumotlar beriladi.
bo‘ladilar.
– “Men ona tilimni sevaman, chunki...”(Chunki, bu onajonim tilidir)
– “Men ona tilimni sevaman, chunki...”(Chunki, men shu tilda so‘zlashaman)
– “Men ona tilimni sevaman, chunki...”(Chunki, bu til bizning tilimiz)
– “Men ona tilimni sevaman, chunki...”(Chunki, bu til bobolarimizdan meros til)
She’rlar aytish
O‘quvchilar ona tili haqidagi she’rlarni yod aytadilar. Har bir o‘quvchi she’rni ifodali o‘qish va mazmunini tushuntirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
She’rlar
Ona tilim
Ming yildirki bulbul kalomi
O‘zgarmaydi yaxlit hamisha.
Ammo sho‘rlik to‘tining holi
O‘zgalarga taqlid hamisha.
Ona tilim, sen borsan, shaksiz,
Bulbul kuyin she’rga solaman.
Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz,
Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.
Abdulla Oripov
O‘zbek tili
O‘zbek tili so‘zga boy.
Sizga ayon hoynahoy.
Bu tilda so‘zlaganda,
Bulbullar qilar xanda.
Men shu tilda so‘zlayman.
Va shu tilda kuylayman.
Navoiyning g‘azali
Bu tilda xo‘p mazali.
Tilini sotganlarni,
Gunohga botganlarni
Bo‘lding, deya havoyi
Kechirmagay Navoiy.
Rivoyat: Til qadri
(Rivoyat o‘qituvchi tomonidan hikoya qilib beriladi. 3-4 sinf o‘quvchilari o‘qituvchi yordamida rivoyatni sahnalashtirishga oldindan tayyorlanishlari mumkin. )
Qadim zamonda bir dono podshoh bo‘lgan ekan. U o‘z xalqining donishmandligiga ishongan va ko‘pincha ularning donoligi va zehnini sinab ko‘rish uchun turli savollar berardi. Kunlardan bir kun, podshoh o‘z a’yonlariga e’lon qildi: “Men uchta savol bilan butun xalqimga murojaat qilmoqchiman. Kimki eng dono javobni topsa, unga qimmatbaho sovg‘a beraman va uni o‘z maslahatchim qilib tayinlayman”.
Podshoh quyidagi savollarni berdi:
“Dunyodagi eng shirin narsa nima?”
“Dunyodagi eng achchiq narsa nima?”
“Dunyodagi eng qimmatli xazina nima?”
Kimdir “asal eng Shirin”, “zahar eng achchiq”, “oltin eng qimmatli” dedi. Boshqalar “muhabbat eng Shirin”, “xiyonat eng achchiq”, “sog‘lik eng qimmatli” deb javob berdilar.
Ammo podshohga hech bir javob ma’qul bo‘lmadi. Nihoyat, bir yosh yigit kelib, shunday javob berdi:
“Ulug‘ hukmdor, uchala savolingizga bitta javob bor – bu til. Til eng shirin narsadir, chunki u orqali biz sevgi, mehr va ezgu so‘zlarni aytamiz. Ammo til eng achchiq narsa ham bo‘lishi mumkin, chunki u orqali yomon so‘zlar, g‘iybat va yolg‘on ham aytiladi. Va nihoyat, til eng qimmatli xazinadir, chunki u bizning kim ekanligimizni, bizning bilimimizni, madaniyatimizni va tarixiy merosimizni saqlaydi va avlodlarga yetkazadi”, – debdi.
Podshoh bu javobdan g‘oyat mamnun bo‘ldi va dedi: “Sen haqsan, yigit. Til – bu inson qalbining ko‘zgusi. Uni qanday ishlatishimiz bizning kim ekanligimizni ko‘rsatadi. Tilingni asra – bu sening o‘zligingdir”.
Shunday qilib, yosh yigit podshohning eng ishongan maslahatchisi bo‘ldi va til qadri haqidagi bu hikmat butun mamlakatga tarqaldi.
(Rivoyat mazmuni yuzasidan tahlil o‘tkaziladi. O‘quvchilar fikri so‘raladi va umumlashtiriladi)
– Rivoyat nima haqida ekan?
– Rivoyatdan qanday xulosa chiqardingiz?
Xulosa: Har bir inson o‘z tilini ardoqlasa, u xalqini, tarixini, Vatanini asraydi.
Interaktiv o‘yin: “Qaysi so‘z shirinroq?”
O‘qituvchi:
Bolajonlar, quloq solinglar. Men ikki xil so‘z aytaman, sizlar qaysi biri chiroyli va mehrli ekanini tanlanglar.
Masalan:
-
“Tur tez!”↔️ “Iltimos, tezroq tur!”
-
“Yo‘qol!”↔️ “Boshqa vaqtda kel, iltimos”.
-
“Ber!”↔️ “Iltimos, shundan bersang bo‘ladimi?”
Bolalar qaysi so‘z yaxshi ekanini aytishadi.
Xulosa:
O‘zbek tilida har bir so‘zni go‘zal aytish mumkin, agar qalbda mehr bo‘lsa!
-
Yakuniy qism. Sen mening faxrimsan, ey ona tilim (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Aziz bolajonlar, bugun sizlar bilan jonajon ona tilimiz, o‘zbek tili haqida gaplashdik. Bugun tilimizning bayrami. Bu juda buyuk til, unda butun dunyoda 50 milliondan ortiq odam gaplashadi. Bu tilni saqlab qolish va rivojlantirish bizning vazifamiz.
Bolalar, sizlar tilimiz rivojlanishiga qanday hissa qo‘shishingizni tushundingizmi? O‘zbek tili gullab-yashnashi va yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun nima qilishmiz kerak ekan?? Albatta, bu tilda gaplashishimiz, tilimizni chuqur o‘rganishimiz, unda chiroyli so‘zlarni aytishimiz, o‘zbek tilidagi asarlarni o‘qishimiz va she’rlarni yodlab aytib yurishimiz kerak. Biz gapirsak, biz unutmasak tilimiz yashayveradi.
Hafta hikmati bolalar bilan birga takrorlanadi:
Tilga hurmat – o‘zligimizga hurmat!
(Barcha o‘quvchilar hafta hikmatini baralla takrorlaydilar)
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, til – millatning o‘zligi. Demak til bayrami yurt shodiyonasidir. Mana shu shodiyona barchamizga muborak bo‘lsin! O‘zligimiz, g‘ururimiz bo‘lgan ona tilimiz barhayot bo‘lsin!
Darsimizni O‘zbek tilidagi go‘zal qo‘shiq bilan tugatamiz.
Sevara Nazarxonning “Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘i qo‘yib beriladi
Muhammad Yusuf she’ri
Sevara Nazarxon musiqasi