“Kelajak soati” 8-mavzu
21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni
DARS SSENARIYSI
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.
🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)
Har bir partada har bir o‘quvchi uchun alohida so‘z yozilgan qog‘oz qo‘yilgan. Qog‘ozni to‘rt buklangan yo o‘rama shaklida qo‘yish, yoki konvertga solib qo‘yish mumkin. Asosiysi, o‘quvchi u yerda qanday so‘z yozilganini bir qarashda o‘qiy olmasin.
O‘qituvchi:
Salom, bolalar. Bugun “kelajak soati” darsimiz juda muhim va qiziq mavzuga bag‘ishlangan. Bugun biz yaqinlashib kelayotgan “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan o‘zbek tili haqida gaplashamiz.
Hammangizning oldingizda qog‘oz bor va unda bir so‘z yozilgan. Hozir men ruxsat berishim bilan so‘zni ochib o‘qiysiz va 2 daqiqa ichida shu so‘z ishtirokida bitta gap tuzib o‘sha qog‘ozchaga yozasiz va mana bu katta qutiga tashlaysiz.
O‘quvchilar o‘qituvchining buyrug‘iga ko‘ra bir vaqtda qog‘ozni ochib, undagi so‘z ishtirokida gap tuzib yozishadi. Sinfda navbatchi o‘quvchi avvaldan tayyorlab qo‘yilgan qutini aylantirib unga o‘quvchilarning qog‘ozlarini yig‘ib chiqadi.
O‘qituvchi:
Mana, bolalar, sizlar so‘zlarni gapga aylantirdinglar va biz uni bir qutiga jamladik. Bu qutimiz – tildir. U so‘zlardan va gaplardan iborat. Lekin eng asosiysi, agar sizlar bo‘lmaganingizda va shu so‘zlar ishtirokida gap tuzib qutiga tashlamaganingizda, “til” deb nomlangan qutimiz bo‘sh bo‘lar edi. Demak, tilimiz bor bo‘lishi uchun sizlar bor bo‘lishingiz va tilimizdagi so‘zlardan gaplar tuzishingiz, ya’ni shu tildan foydalanishingiz kerak. Tushundingizmi, sizlar naqadar ahamiyatli va muhim ishni qilasizlar – tilimizni saqlab, uning yashashini ta’minlaysizlar.
O‘zbek tili avvalo onamiz tili bo‘lgani uchun ham u bizga qadrli. O‘zbek tilidagi birinchi ustozimiz – onamiz. Ular har kuni bizga o‘z mehrini shu tilda ifoda etgani uchun ham biz bu tilni sevamiz. Tug‘ilgan zahotimiz onamiz bizni erkalab aynan shu tilda gapirgan, keyin har kuni shu tilda alla etgan. Hozir ham eng shirin so‘zlarini, mehrni ona tilidan eshitamiz. Shu haqida video ko‘ramiz.
Vizual kontent:
“Ona tili” ijtimoiy videorolik
Video yuzasidan 3 daqiqa muhokama qilinadi. Bolalardan o‘z onasi ularni nima deb erkalab chaqirishi, ota-onasi bilan qaysi tilda muloqot qilishi so‘raladi. O‘zbek tilida ko‘proq gaplashish, she’rlar yodlash, nutqlar so‘zlashga chorlanadi.
O‘qituvchi:
Bilasizlarmi, bugungi kunda dunyoda taxminan 7000 ta til mavjud. Ammo har ikki haftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu degani – agar xalqlar o‘z ona tillarini asramasa, kelajakda ko‘p tillar tarixga aylanib ketadi.
Antiutopik mashq:
(o‘qituvchi bolalarga o‘zlarini bo‘sh qo‘yib, tasavvur (fantaziya)ga erk berishni so‘raydi)
Bir daqiqaga tasavvur qiling-chi, ertalab uyg‘ondingiz-u birdan o‘zbek tilini unutib qo‘ydingiz. Ya’ni O‘zbekcha gapira olmayapsiz. Olaylik, Afrikaning silbo tilida gapiradigan bo‘lib qoldingiz. Atrofdagilarning o‘zbek tilidagi gaplarini ham tushunmayapsiz. Shunda nima bo‘ladi?
Birinchi galda ota-onangiz bilan gaplasholmay qolasiz, chunki ularni tushunmaysiz va ularga o‘zingizning fikrlaringizni ham tushuntira olmaysiz. Ikkinchidan, shu paytgacha o‘zbek tilida yaratilgan hamma kontentlardan foydalana olmaysiz: o‘zbek tilidagi sevimli multfilmlar va filmlarni ko‘rolmaysiz, qo‘shiqlarni mazza qilib eshita olmaysiz, kitoblarni o‘qiy olmaysiz. Natijada, tariximizni bilmay qolasiz. Tarixni bilmadingizmi, demak, o‘zingizning kimligingizni ham bilmaysiz. Sen kimsan, kimning avlodisan degan savollarga javob berolmaysiz. Shunda kimdir kelib sen “mening qulimsan” desa ham ishonib qul bo‘lib ketaverasiz. Ya’ni o‘zligimizdan ayrilamiz. Kimligini bilmagan odamlarni aldash, o‘zining aytganini qildirish oson-da. Uchinchidan, ota-onalaringiz boshqalar bilan o‘zbek tilida gaplashishsa ham tushunmay turaverasiz, axborot ololmaysiz, kimdir buni sizga tarjima qilib berishini kutasiz, ya’ni birovga qaram bo‘lasiz, atrofdan, hodisalardan uzilib qolasiz. Endi tushundinglarmi, tilimiz naqadar muhim ekanligini.
Dunyoda hamma xalqlar o‘zining yashab qolishi uchun milliy oshxonasini emas, milliy taomlarini ham emas, hatto milliy urf-odatlarini ham emas, eng birinchi navbatda, milliy tilini asraydi. Chunki Yevropacha yoki xitoycha milliy kiyim kiygan odam gapirganda o‘zbek tilida toza gapira boshlasa, siz uning boshqa xalq libosini kiygan o‘zbek ekanini tushunasiz. Demak, eng birinchi navbatda insonning muloqot qiladigan ona tiliga qarab uning qaysi xalqqa va millatga tegishli ekanini bilamiz. Shu sababli ham jadid bobolarimiz “Til yashasa, millat yashaydi”, deyishgan va o‘zlari ochgan maktablarda o‘zbek tilini o‘rgatishgan. Bugun esa dunyoda o‘zbek tilini tanishyapti, o‘rganishyapti. Hozir tilimizni bizdan boshqalar – xorijliklar qanday o‘rganishayotgani haqida video ko‘ramiz.
Vizual kontent:
Tilimizda so‘zlayotgan, tilimizni tinglayotgan dunyo
Mana biz o‘zbek tili bayramini nishonlash arafasida turibmiz. 1989-yil 21-oktabr sanasi millatimiz uchun muhim sanalardan biridir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda qariyb ellik million odam o‘zbek tilida gaplashar ekan. Bu yer yuzi aholisining har 150 kishidan biri o‘zbek tilida so‘zlashishini anglatadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Til xalqni xalq qilgan buyuk qadriyatdir. Ona tili Vatanning mazmundor ovozidir”, - deb ta’kidlaydilar. 2019-yil 21-oktabr kuni davlatimiz rahbari “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. 2020-yil 10-aprelda esa “O‘zbek tili bayrami” kunini belgilash to‘g‘risida Qonun qabul qilindi va 21-oktabr yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.
Muhtaram Prezidentimiz faqat qonunlar imzolash bilan cheklanib qolganlari yo‘q, balki tilimizni butun dunyoga eng yuqori minbarlardan turib keng yoya boshladilar. Xususan, BMT minbarida ham o‘zbek tilida nutq so‘zlashni odat qildilar. Mana, yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida ham Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilida nutq so‘zladi! Bu bilan Prezidentimiz tilimizga e’tiborni har kim amalda ko‘rsatishi kerakligi haqida chiroyli shaxsiy ibrat ko‘rsatdilar.
ASOSIY QISM. Ona tilining tarixiy ildizlari va lug‘at boyligi bilan tanishtirish (25 daqiqa)
O‘qituvchi:
Til asrlar osha boyib, sayqallanib boradi. O‘zbek tili lug‘at boyligiga ko‘p tillardan, jumladan, arab, fors-tojik va rus tillaridan so‘zlar o‘zlashgan. Shu bilan bir qatorda o‘zbek tilidagi so‘zlar ham boshqa tillarning lug‘at boyligiga qo‘shilgan.
Quyidagi rasmlarga e’tibor bering. Nimalarni ko‘ryapsiz?
.png)
– Bu so‘zlar boshqa tillarda ham ishlatilishidan xabardormisiz?
– Yana qanday so‘zlarimiz chet tillar lug‘ati tarkibiga kiritilgan?
Rasmlarda ifodalangan sandiq, ketmon, kurash, atlas, adras kabi so‘zlar boshqa tillarda ham ishlatiladi. Bunday so‘zlarimizning ko‘pligi, so‘nggi paytlarda o‘zbek tilining katta minbarlarda yangrayotganligini eshitib, faxrga to‘lamiz.
O‘qituvchi:
Mana sizlar maktabga chiqibsizlarki, ona tili, o‘zbek tili fanlarini o‘qib kelasizlar. Shu fanlarning darsliklarini kimlar yozganini bilasizlarmi? Masalan, 5-sinf “Adabiyot” darsligi ustida kimning ismini ko‘rgansizlar? Hozir shu darslik mualliflaridan birin bo‘lgan Nazokat Yusufjonova bilan orzular haqida ajoyib videorolik ko‘ramiz. Ko‘ring, tinglang, chiroyli o‘zbekcha nutqdan zavqlaning.
Vizual kontent:
“Orzularingizni yozib qoʻying” – Nazokat Yusufjonova
O‘qituvchi: Ko‘rdingizmi, bolalar. Hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang. Agar orzuga erishish uchun o‘qisangiz va intilsangiz, albatta, u amalga oshadi, o‘zingiz kutmagan holatda bo‘lsa ham.
O‘qituvchi: Bolalar, hozir siz bilan o‘zbek tili haqidagi ayrim qonun normalari to‘g‘risida ham gaplashamiz.
Biz darsimiz boshida 21-oktyabrda o‘zbek tiliga “Davlat tili” maqomi berilganini aytdik. Ya’ni 1989-yil 21-oktyabr kuni “Davlat tili haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingan. Shu qonunda nimalar deyilganini bilasizlarmi?
Kelinglar, qonunchiligimizda belgilangan davlat tiliga oid ayrim normalar haqidagi testlarni yechamiz.
(Monitorda testlar videosi chiqariladi. O‘qituvchi test savollarinig javoblarini o‘quvchilar qog‘oz yoki daftarga belgilab borishi kerakligini, videoning ikkinchi qismida javoblarni tekshirib olish mumkinligini aytadi. Savollar soni: 3 ta)
Vizual kontent:
Davlat tili bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlariga oid test savollari
O‘qituvchi:
Endi esa, o‘quvchilar, amaliy mashg‘ulotga o‘tamiz. Quyidagi savollarga javob berib ko‘ringlar-chi.
– Til qoidalari qay holatlarda buziladi?
– Qayerlarda bu qoidalarning buzilganining guvohi bo‘lgansiz?
– Har kuni televizor orqali va ko‘cha-ko‘yda berilayotgan reklamalarga sizning munosabatingiz qanday?
.png)
– Yuqoridagi reklamalardan qanday xatolar topdingiz? Yana shunday reklamalarni uchratganmisiz?
O‘quvchilar: (Har bir savolga o‘z munosabatlarini bildiradilar)
O‘qituvchi: Ofarin, javoblaringiz juda ham yaxshi! Endi siz bilan birgalikda til me’yorlari, ya’ni qoidalari bilan tanishamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Reklama to‘g‘risidagi Qonunining 5-moddasiga ko‘ra, davlatimiz hududida reklama davlat tilida berilishi bilan birga, reklama beruvchining xohishiga ko‘ra boshqa tillarda ham e’lon qilinishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 42-moddasiga ko‘ra, davlat tilini mensimaganlar eng kam ish haqining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
– O‘quvchilar, tilni mensimaslik deganda nimani tushunasiz?
(O‘quvchilar fikri tinglanadi)
Aziz bolajonlar, yuqoridagi qoidalarga amal qilishga odatlaning, bilib olganlaringizni boshqalarga o‘rgating.
Aziz o‘quvchilar, o‘zbek tili juda boy tarixga ega. Qadimgi turkiy yodgorliklardan tortib, Navoiy asarlarigacha bo‘lgan manbalar bizning til boyligimizdir. O‘zbek – turkiy tili yozma adabiyotining rivojlanishida Mahmud Koshg‘ariy, Ahmad Yugnakiy, Yusuf Xos Hojib va Alisher Navoiy kabi mutafakkirlar munosib hissalarini qo‘shganlar. Misol uchun, Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘atit turk” asari ilk ko‘p tilli turkiy lug‘at bo‘lib hisoblanadi. U 1000 yil oldin yozilgan.
XV asrda yashab ijod qilgan so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy o‘z asarlarida turkiy tilining haqiqiy latofatini, boyligini, boshqa tillardan kam emasligini isbotlab berdi. Shekspir asarlarida salkam 20 mingta, Servantes 18 mingga yaqin, Alisher Navoiy esa 26 ming 35 ta betakror so‘z ishlatgan.
Ba’zi odamlar nutqida o‘zbek tilini buzib chet el so‘zlari, vulgarizmlar (qo‘pol so‘zlar) qo‘shib aytilayotganining guvohi bo‘lamiz. Afsuski, bu biz uchun oddiy holdek tuyuladi. Aslida, bu tilga hurmatsizlik. Tasavvur qiling, sinfda oppoq ko‘ylagingizning bir necha joyiga siyoh to‘kilib ketsa, siz xijolat bo‘lib sinfda o‘tirolmaysiz. Tilga yot so‘zlarni qo‘llash bundan ham achinarli ahvol aslida. Biz hammamiz bir bo‘lib harakat qilsak, natijaga erishamiz. Avval o‘yla, keyin so‘yla deganlaridek, aytayotgan har bir so‘zimizga e’tibor qaratishimiz darkor.
Nutqimiz chiroyli va boy bo‘lishi uchun adabiyotni ko‘p o‘qishimiz kerak. Har qanday tilni rivojlantiruvchi eng samarali vosita – adabiyotdir. O‘zbek tilining rivojiga ham ko‘plab daho ijodkorlar o‘z asarlari bilan hissa qo‘shishgan. Qani, siz ularni bilasizmi, taniysizmi? Buni sinash uchun jumboqli videoni ko‘ramiz. Siz videoda aks etgan buyuklarimizning ismlari va mashhur asarlarini aytishingiz kerak.
1) O’zbek tili rivoji yo’lida: kimlarni tanidingiz? (Jumboq)
2) O’zbek tili qahramonlari. Javoblaringizni tekshiring!
O‘qituvchi:
O‘zbek tili eng boy tillardan biri sanaladi. Keling, siz bilan hozir bir o‘yin o‘ynaymiz. O‘zbek tili naqadar boy til ekanligini isbotlaymiz. Mening qo‘limda bir necha metrli qalin ip bor. Men mana shu ipni barmog‘imga bog‘lab bir so‘z aytaman, siz so‘zning oxirgi ikkita harfini olib, yangi so‘z aytasiz va ipni barmog‘ingizga bog‘laysiz. Qolgan o‘quvchilar ham xuddi shunday davom etadi. Qani, ko‘raylik-chi, hamma so‘z topa oladimi?
(“Zanjir” va “So‘zlar charxpalagi” metodi asosida mavzu mustahkamlanadi. Masalan, olma-ma’no-norin-insho-shoir-iroda…… O‘yin oxirida so‘ngi o‘quvchi ipni olib kelib ustozning barmog‘iga bog‘laydi).
.png)
.png)
O‘qituvchi:
Qadrdon shogirdlarim, ko‘rdingizmi, tilimiz qanchalar boy va betakror ekanligini. Ipning boshi menda edi. Oxiri ham mening qo‘limda. Bu o‘yin bilan nimani sezdingiz?
Bolalar: (2-3 o‘quvchi “tilimiz so‘zlarga boy va yaxlit mukammal tizim ekan” degan mazmunda javob beradi, agar bu javobni ayta olishmasa, o‘qituvchi o‘zi shunday xulosani aytishi kerak)
O‘qituvchi: Ofarin, bolalar! Haqiqatdan ham, biz ahil va birdamlikda yashashimiz, birgalikda harakat qilishimiz kerak, shundagina eng kuchli millat bo‘la olamiz.
O‘quvchilarim, yana bir metoddan foydalanib sizga ona tilimizning naqadar boy va cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini ko‘rsatmoqchiman. Rasmga diqqat bilan qarang, nimani ko‘ryapsiz? Keling, shu rasm asosida inson tana a’zolari ishtirok etadigan iboralar topamiz..png)
Masalan: “Og‘zi qulog‘ida”, “Tepa sochi tikka bo‘ldi”, “Oyog‘ini qo‘liga olib yugurdi”, “Tishining oqini ko‘rsatmadi”, “Burnini har joyga suqadi”, “Og‘zi bo‘sh”, “Qoshini qoqdi”, “Qulog‘i ding bo‘ldi”, “Boshi devorga tegdi” va hokazo.
(O‘quvchilar fikri tinglanadi)
O‘qituvchi: Juda yaxshi javob berdingiz, ana ko‘rdingizmi, tilimiz nihoyatda boy til. Biz bu usul orqali odam anatomiyasi fanini ham yodga oldik.
O‘qituvchi:
Bolajonlar, sizlar jadid bobolarimiz haqida eshitgansiz, a? Ular 100 yillar avval zamonaviy, ya’ni hozir sizlar o‘qiyotgandek maktablarni ochishgan, o‘zbek tilidan ajoyib asarlar, aqlli darsliklar yaratishgan. Biz bugun ularning asarlarini o‘qib o‘zbek tilining go‘zalligini, kuchini va boyligini his qilamiz. O‘zbek tilida birinchi roman yozgan jadid bobomiz kimligini bilasizlarmi?
O‘quvchilar javob berishadi.
O‘qituvchi: Barakalla. Abdulla Qodiriy bobomiz o‘zbek tilida birinchi roman yozganlar. Hozir Toshkentda Abdulla Qoliriy bobomiz nomidagi ijod maktabi bor, u yerda san’atni, ijodni, jumladan, o‘zbek tili va adabiyotini juda sevadigan va yaxshi biladigan bolalar o‘qishadi. Shu maktab haqida video ko‘ramiz.
Vizual kontent:
“Abdulla Qodiriy” nomidagi ijod maktabi
O‘qituvchi:
Aziz o‘quvchilar, sizlar ham shu maktabda o‘qishingiz mumkin, yoki litsey, universitetlarga kirib o‘zbek tili va adabiyoti fanini chuqur o‘rganishingiz mumkin. Eslab qoling, fanning til va adabiyotni o‘rganuvchi bu yo‘nalishi “filologiya” deyiladi.
3. YAKUNIY QISM (10 daqiqa)
O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar, xalqimizning g‘ururi, millatimizning yuzi bo‘lgan Ona tilimiz mangu yashasin!
Barchangizga o‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin !!!
Uyga vazifa: Sizga muhim topshiriq! Guruhlarga bo‘linib, “Biz o‘zbek tilini asraymiz” shiori ostida she’r yodlash chellenjini tayyorlang va o‘quvchilar orasida uni targ‘ib qiling.
Bugungi darsimizni esa Gulsanam Mamazoitova ijrosidagi “O‘zbekiston” qo‘shig‘i bilan yakunlaymiz. Qo‘shiqning so‘zlariga diqqat qiling va o‘zbek tilining mahobatini his qiling.
Vizual kontent:
Gulsanam Mamazoitova. O‘zbekiston. (Iqbol Mirzo she’ri)
“Agar Jannat ko‘kda bo‘lsa, ostidadur O‘zbekiston,
Agar Jannat yerda bo‘lsa, ustidadur O‘zbekiston!”