“Kelajak soati” 8-mavzu

21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni

Metodologiya

 

DARS SSENARIYSI

Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi.

1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)

Oʻqituvchi: Aziz o‘quvchilar! Keling, bugungi darsimizni siz haqingizda so‘rashdan boshlay. Masalan, orangizda kimlarda IELTSdan sertifikati bor?

(Qo‘llar ko‘tariladi. Kulish.)

Kimlar IELTSdan 6, 7, 8, 9 ball olishni orzu qiladi?

(O‘quvchilar qo‘l ko‘tarishadi)

Kimlar chet elda o‘qishni xohlaydi?

(Yana ko‘tariladi.)

Ajoyib. Bu orzularingiz – juda yaxshi. Bugungi dunyoda chegaralar juda shartli bo‘lib qoldi, dunyoga chiqish imkoniyatlari kengaydi. Chet tillarini o‘rganish imkoniyatlari ham ko‘paydi. Lekin… qani shunday bir narsani tasavvur qiling:

Siz chet eldasiz. IELTSdan 8 balingiz bor. TOP universitetlardan birida o‘qiysiz. Bir necha tillarda gapirasiz. Universitetingizda madaniy tadbir bo‘lyapti va sizdan o‘z madaniyatingiz va tilingiz haqida ma’lumot berishingizni, ona tilingizdagi eng qadimiy manbalarni aytib berishingizni so‘rashdi (ishoning, xorijdagi universitetlarda bunday kechalar ko‘p bo‘ladi). Yoki shunchaki sizdan bolaligingizda yashagan tumaningiz nomi nimani anglatishini so‘rashdi. Siz bu topshiriqlarni bajara olasizmi? O‘zingiz haqingizda ma’lumot bera olasizmi? O‘zingizni, o‘zligingizni, tilingizni bilasizmi? Masalan, o‘zbek tilida “parol” so‘zining tarjimasi nima deb so‘rashsa, javob bera olasizmi?

(Qisqa pauza.)

Ana ko‘rdingiz, ko‘pchiligingiz bilmadingiz. Chunki ingliz tili sizning yuragingizni tushuntirolmaydi. Fransuz tili sizning bolalik xotiralaringizni aytolmaydi. Nemis tili onangiz sizni erkalab aytgan iboralarni ifoda qila olmaydi.

Doskaga yozadi:

Chet tili – bu ko‘prik. Ona tili – bu ildiz.”

Hech bir ko‘prik ildizingizsiz sizni uzoqqa olib borolmaydi. Agar siz o‘z tilingizni yo‘qotsangiz, o‘zligingizni ham yo‘qotasiz. Ingliz tili siz uchun dunyo eshigini ochadi, ona tilingiz esa sizning yuzingizni ochadi, kimligingizni bildiradi.

Interaktiv element – “O‘zingizni qanday tarjima qilasiz?”

O‘qituvchi savol beradi:

Agar chet elda Sen kimsan? deb so‘rashsa, ingliz tilida qanday javob berasiz?”

O‘quvchilar javob berishadi:

– “I’m a student”, “I’m from Uzbekistan”, “I want to be a doctor”…

So‘ng savolni kuchaytirib qayta beradi:

Qayerdansiz? Mamlakatingiz haqida gapirib bering? U yerda qanday odamlar yashaydi, oʻzlarini kim deb bilishadi? O‘ziga xos tomonlaringiz nima? Masalan, Pokiston, Afg‘oniston yoki Turkiya xalqidan farqingiz nima”, deyishsa-chi?

(Bu savol yoshlarni javob izlashga majbur qiladi. Hatto kulgi bilan boshlansa ham, jiddiy fikr tug‘iladi.)

O‘qituvchi: IELTS 8.0 – bu sizning imkoniyatingiz. Ya’ni o‘zingiz uchun dunyoni kengroq qilish imkoniyati bo‘lishi mumkin. Biroq ona tilingiz mana shu dunyodagi o‘z o‘rningiz va ildizingizni belgilovchi muhim qadriyat. Sizlar xorijiy universitetlarda o‘qiyotganingizda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan turli talabalarni ko‘rasiz. Ular uchun sizning IELTS dan 8-9 ballaringiz qiziq emas, o‘z tilingizda ijro etib bera oladigan qo‘shiq yoki she’ringiz, ikki og‘iz nutqingiz va o‘zingiz haqingizda ular bilmaydigan xos (eksklyuziv) ma’lumot, ya’ni o‘zligingiz qiziq.

Bugun ana shu o‘zligimizning asoslaridan biri bo‘lgan o‘zbek tili haqida gaplashamiz.

Qo‘shimcha ta’sirli gaplar qo‘shsa bo‘ladi:

    • Siz IELTS topshirish uchun grammatikani yod olyapsiz… lekin ona tilingizni yod olishingiz shart emas. Uni bilasiz, u sizga tekinga kelgan boylik. Tilimiz boyligidan foydalanmasangiz, siz aslida uzoqdagi sarob ortidan quvib oldidagi buloqni bosib ko‘mib ketgan sahrodagi darbadar bo‘lib qolishingiz mumkin.

    • Inglizcha va o‘zbekchani aralashtirib gapirish – kreativ. Lekin o‘zbekchada sof va chiroyli gapira olish – sizning kuchli tomoningiz.

    • Endi tasavvur qiling, kelajakda siz katta siyosatchi, deputat, vazir, hatto prezident bo‘ldingiz. Minbarda qaysi tilda nutq so‘zlaysiz? Albatta, o‘z saylovchilaringizning ko‘pchiligi uchun ona tili bo‘lgan o‘zbek tilida. Dunyoning qaysi mamlakatidagi qanday TOP universitetda o‘qimang, yuqori darajada karyera qilish uchun baribir davlat tilini bilishingiz kerak.

ASOSIY QISM. Ona tilining jamiyat hayotidagi ahamiyatini tushuntirish (25 daqiqa)

O‘qituvchi:

Avvalo barchangizni eng muhim va yuragimizga yaqin bayram – 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami bilan tabriklayman. 1989-yil 21-oktabr sanasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Bu mustaqillik sari ilk qadamlardan biri bo‘lgan. Bu tarixiy voqea xalqimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lib, milliy o‘zlikni anglash yo‘lidagi ahamiyatli bosqichlardan biri bo‘ldi.

O‘zbek tili – buyuk tarixga, betakror boylikka ega til. Bu tilni rivojlantirish har birimizning burchimiz!”, deb Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev e’tirof etganlar.

Go‘zal o‘zbek tili bugun xalqaro minbarlarda yuksak martabali insonlar nutqida yangramoqda. Esingizda bo‘lsa, BMT Bosh Assambleyasining 2020-yildagi 75-sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilk marotaba to‘liq o‘zbek tilida nutq so‘zlaganlar. Mazkur tarixiy hodisa tilimiz nufuzi oshayotganini ko‘rsatadi va butun bir millatga faxr tuyg‘usini berdi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida ham hurmatli Prezidentimiz bu an’anani davom ettirib, o‘zbek tilida nutq so‘zladilar. Bu bilan davlat tilining xalqaro obroʻyi oshdi, dunyo xalqaro “shu ekan-da o‘zbek tili” deb uni tinglab ko‘rdi.

 

Bundan tashqari ba’zi xalqaro tashkilotlarning rasmiy hujjatlarida o‘zbekcha atamalar asl shaklda saqlanmoqda. Misol uchun, YUNESKO xalqaro tashkilotining moddiy va nomoddiy madaniy meroslar ro‘yxatiga: kurash, do‘ppi, chopon, palov, lazgi, askiya, shashmaqom, atlas, adras va boshqa so‘zlar o‘zbek tilida kiritilgan. Bundan tashqari “Mahalla” termini BMT Bosh Assambleyasining rasmiy hujjatlarida aynan o‘zbek tilidagi shaklida qo‘llaniladi. Bu esa atamaning xalqaro darajada e’tirof etilganidan dalolat beradi.

Qiziqarli ma’lumot sifatida shuni aytish joizki, o‘zbek tili dunyoda turkiy tillar ichida eng ko‘p so‘zlashuvchilar soniga ega ikkinchi til hisoblanadi (birinchisi turk tili, unda 85 million odam gaplashadi). Ayni kunda dunyo bo‘ylab 70 ga yaqin universitetlarda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitiladi.

Aziz o‘quvchilar, bugungi kunda futbolga qiziqmagan inson ham unga qiziqish bildirmoqda. Chunki O‘zbekiston ilk bor futbol bo‘yicha Jahon chempionatida qatnashadi. Bu kabi maydonlarda bizning tilimiz, madaniyatimiz, yurtdoshlarimizning fikrlari va bayonotlari ham e’tiborga olinadi. Futbolchi Abbos Fayzullayevning rus tilida berilgan savolga o‘zbekcha javob bergani videosini ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Yoki bo‘lmasa, Abduqodir Husanovning “Manchester siti” jamoasiga transfer qilinganini bilasiz-a? Shu transferdan keyin “MS” klubi o‘z Instagram sahifasini o‘zbek tilida ham yurita boshladi. Demak, har bir yosh o‘z muvaffaqiyatlari bilan o‘zbek tilini butun dunyoga olib chiqishi mumkin ekan. Demak, siz ham buni qila olasiz!

Mana sizlar maktabga chiqibsizlarki, ona tili, o‘zbek tili fanlarini o‘qib kelasizlar. Shu fanlarning darsliklarini kimlar yozganini bilasizlarmi? Masalan, 5-sinf “Adabiyot” darsligi ustida kimning ismini ko‘rgansizlar? Hozir shu darslik mualliflaridan birin bo‘lgan Nazokat Yusufjonova bilan orzular, ularga intilish va orzularning ushalishi haqida video ko‘ramiz.

Vizual kontent:

Orzularingizni yozib qoʻying” – Nazokat Yusufjonova

O‘qituvchi: Adabiyot darsligi muallifi bilan intervyudan keyin adabiyotning tilimiz uchun ahamiyati haqida ikki og‘iz gapirsam. Har qanday tilning boyligi o‘sha tilda yaratilgan shoh asarlar bilan belgilanadi. Ya’ni, bir daho chiqadi va o‘z ona tilida buyuk asar yaratadi. Shu bilan bu til buyuk tillar qatoriga kiradi. Olaylik, Servantes “Don Kixot” asari orqali ispan tilining, Shekspir “Romeo va Julyetta”, “Gamlet” kabi asarlari bilan italyan tilining, Dante “Ilohiy komediya” bilan italyan tilining buyukligini ko‘rsatdi. Alisher Navoiy bobomiz esa turkiy tilda tarixda birinchi va yagona “Xamsa” asarini yozib tilimizning buyukligini tarix zarvaraqlariga muhrladi.

Shu sababli ham hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tili va tafakkuri rivojiga katta hissa qo‘shgan adiblar, shoirlar, yozuvchilarni alohida e’zozlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida “Adiblar xiyoboni” kompleksini joriy qilish haqida Farmon berdilar. Bugungi kunda “Adiblar xiyoboni” bog‘ini hammangiz bilsangiz kerak. Hozir shu bog‘ga sayohat qilamiz.

Vizual kontent:

Adiblar xiyoboni – qiziqarli shartlar

O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar, o‘zbek tilini nafaqat tarixda o‘tgan marhum shoir-u yozuvchilar, balki bugungi kunda faoliyat yuritayotgan zamondosh daholarimiz ham rivojlantirishmoqda. Bugun ham shoirlarimiz, yozuvchilarimiz o‘zbek tilida juda chiroyli asarlar yaratishyapti. Sizlar bugun yashab ijod qilayotgan qanday o‘zbek shoir va yozuvchilarini bilasizlar?

O‘quvchilar javob berishadi.

O‘qituvchi: Juda soz. Bugungi kunda eng taniqli shoirlardan biri, atoqli adib, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim sizlar uchun maxsus o‘z she’rlaridan o‘qib beribdilar. Kelinglar, bu she’rni tinglaylik va tilimiz go‘zalligini, ohangdorligini, so‘zlarga boyligini his qilaylik.

Vizual kontent:

Usmon Azim. “Yomg‘ir” she’ri

O‘qituvchi: Endi esa adabiyot borasidagi bilimlarimizni sinab ko‘ramiz: mashhur adiblar va ularning asarlari haqida qiziqarli jumboqni yechib ko‘ramiz. Videoda siymolari chiqqan adib, olim va tarjimonlarning ismlari va asarlarini aytishingiz kerak.

Vizual kontent

1) Ozbek tili rivoji yolida: kimlarni tanidingiz? (Jumboq)

2) Ozbek tili qahramonlari. Javoblaringizni tekshiring!

O‘qituvchi: Aziz o‘quvchilar. Bilasizki, muhtaram Prezidentimiz o‘zbek tilini rivojlantirishga alohida eʼtibor berib kelmoqdalar. U kishi: Til xalqni xalq qilgan buyuk qadriyatdir. Ona tili Vatanning mazmundor ovozidir , deb ta’kidlaydilar. 2019-yil 21-oktabr kuni davlatimiz rahbari “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. 2020-yil 10-aprelda esa “O‘zbek tili bayrami” kunini belgilash to‘g‘risida Qonun qabul qilindi va 21-oktabr yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi.

Hozir Sizlar qonunni qanchalik bilishingizni tekshiramiz: qonunchiligimizda belgilangan davlat tiliga oid ayrim normalar haqidagi testlarni yechamiz.

(Monitorda testlar videosi chiqariladi. O‘qituvchi test savollarinig javoblarini o‘quvchilar qog‘oz yoki daftarga belgilab borishi kerakligini, videoning ikkinchi qismida javoblarni tekshirib olish mumkinligini aytadi. Savollar soni: 5 ta)

Vizual kontent:

Davlat tili bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlariga oid test savollari

O‘qituvchi: Hurmatli o‘quvchilar, o‘zingiz angladingizki, o‘zbek tili buyuk til. Biz bu buyuk tilning yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun barchamiz birdek harakat qilishimiz zarur. Qani, birgalikda qanday ishlarni amalga oshirish mumkinligini ko‘rib chiqaylik-chi (o‘qituvchi o‘quvchilarga yuzlanadi).

Yozgan matnlarimizda, xabarlarimizda o‘zbekcha adabiy til me’yorlariga amal qilaylik;

– “O‘zbekcha gapir” chellenjini ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtiraylik;

Yangi so‘zlar o‘rniga mavjud o‘zbekcha atamalardan foydalanaylik (masalan, “sms” o‘rniga “xabar”, “ok” o‘rniga “xo‘p” kabi);

Kitob o‘qish madaniyatini kuchaytiraylik. Ayniqsa, o‘zbek adabiyotiga, tarixiy asarlarga, she’riyatga qiziqish uyg‘otaylik;

Tilni boyitish uchun ota-bobolarimiz merosini, maqollarni, matal va iboralarni yodlab, amaliyotda ishlataylik;

O‘zbek tilining shevalarini ham qadrlaylik, biroq adabiy tilga hurmat bilan qaraylik;

Boshqa tildagi adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilaylik.

O‘qituvchi o‘quvchilardan til haqidagi eng sevimli she’rlari yoki iqtibosdan misollar aytishlarini so‘raydi:

Ming yillarkim bulbul kalomi

O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.

Ammo sho‘rlik to‘tining holi

O‘zgalarga taqlid hamisha.



Ona tilim, sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin she’rga solaman

Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.

(Abdulla Oripov)



O‘qituvchi: Avar elining taniqli shoiri Rasul Hamzatov “Mening Dog‘istonim” asarida shunday yozadi: “Parijda dog‘istonlik rassomni uchratib qoldim. U inqilobdan keyin xorijga ketgan, o‘sha joyda uylangan va yurtiga qaytmagan…

Parijdan qaytganimdan keyin rassomning qarindoshlarini izlab topdim. Hayratlanarlisi, uning onasi hali hayot ekan. Onasining uyiga to‘plangan qarindoshlari o‘z Vatanini tashlab ketib, uni o‘zga yerlarga almashtirgan o‘g‘il haqidagi hikoyani g‘amgin tinglashdi. Ular adashgan o‘g‘ilni kechirganday bo‘lishdi, tirik ekanidan suyunishdi. Shunda birdan onasi so‘rab qoldi:

Sizlar avarcha so‘zlashdinglarmi?

Yo‘q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha.

Ona yuziga qora chodrasini tushirdi, bizda onalar o‘z o‘g‘lining o‘lganini eshitganda shunday qilishadi…

Uzoq jimlikdan keyin ona dedi:

Rasul, sen yanglishibsan, mening o‘g‘lim allaqachon o‘lgan ekan. Agar mening o‘g‘lim hayot bo‘lganida, avar onasi o‘rgatgan tilni unutmagan bo‘lardi…”

Ha, ona o‘g‘lidan voz kechgan edi. Ona tilini unutish, tinglagan ona allasidan uzoqlashish, tetapoya davrida “Ota”, “Ona” deb chiqqan zabonida gaplasha olmaslik manqurtlikdir. Ona tilini unutganlar o‘likdir. Til bu – ona, uni unutgan – onasidan kechgan bo‘ladi. Tilni asrang. “Avar onasi tilni asradi, til esa elni asradi”.

Aziz o‘quvchilar, sizga ushbu hikoya qanday ta’sir qildi? Keling, taassurotlarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.

(O‘qituvchi o‘quvchilar bilan yuqoridagi hikoyani muhokama qiladi)

    1. YAKUNIY QISM (10 daqiqa)

O‘qituvchi: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev: “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga sadoqat va ehtiromni, ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”, deganlar. Bu oliyjanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak. Darsimizni hafta hikmati bilan yakunlaymiz.

O‘qituvchi Erkin Vohidovning “Ona tilim o‘lmaydi” sheʼrini yodlab kelishni uyga vazifa qilib topshiradi.

O‘quvchilarning savollariga javoblar.

Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.