“Kelajak soati” 8-mavzu

 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami kuni”

Metodologiya

 

Asosiy dars mashg‘uloti

 

I qism. “Davlat tili – millatning ruhi va iftixori”

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli talabalar, millatimizning ertangi kuni, kelajagimizning tayanchi bo‘lgan aziz yoshlar!

Bugungi uchrashuvimizning asosiy maqsadi – ona tilimizning, xususan, davlat tilining hayotimizdagi beqiyos ahamiyatini chuqur anglashdir.

Iosif Brodskiy aytgan edi: “Millatning tili u egalik qiladigan narsalarning eng yaxshisidir”. Tilning ahamiyati va zaruratini ta’kidlash uchun eng mos ifodalardan biri shu – bizda millat sifatida saqlab, ardoqlab, rivojlantirishimiz zarur bo‘lgan qadriyatlar ro‘yxatining eng boshida tilimiz turadi.

O‘zbek tili dunyoda 50 million atrofida odam gaplashadigan til ekanini e’tiborga olsak, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida emas. Biroq faqat son bilan masala hal bo‘lganida edi.

Zamonaviy dunyoda til bu odamlar bir-biri bilan muloqot qiluvchi vositagina emas, ma’rifat tarqatuvchi manba bo‘lishi ham kerak. Aks holda u ta’sirini yo‘qotadi. Til bu tafakkurga bog‘liq hodisa ekan, uning rivoji ham tafakkur rivoji bilan chambarchas bog‘liq.

Olaylik, odam qorni ochligi, joni og‘riyotgani yoki kundalik turmush sharoitida nimagadir ehtiyoji borligini har qanday o‘zi bilgan tilda ayta oladi. Jahonda 50 million odam shunday maishiy ehtiyojlarini o‘zbek tilida aytyapti. Biroq insonning ma’naviy, aqliy ehtiyojlari ham bor: sifatli asar o‘qish, ilmiy maʼlumotlarni izlash va qabul qilish, yaxshi film ko‘rish va hokazo. Masalan, Nobel mukofoti olgan yozuvchining asarlarini qaysi tilda o‘qiydi o‘zbek? Albatta, o‘zbek tilida o‘qishi kerak. Ya’ni, o‘zbek tilimiz ingliz, rus, fransuz, ispan kabi buyuk tillar kabi bo‘layotgan hodisalarga, yangiliklarga hozirjavob bo‘lishi lozim. Bugun o‘zbek tili bayrami kunida bizning tilimiz oldida shunday buyuk maqsad turganini aytishimiz lozim. Ya’ni, o‘zbek tili yo‘qolib ketish oldida turgan, yashab qolishga intilayotgan tillar qatorida emas, xayriyat. O‘zbek tilimiz rivojlanish va jahon tillari qatoriga qo‘shilishga da’vo qila oluvchi til.

Mustaqillik yillarida biz xalq va davlat sifatida tilimiz uchun katta ish qildik: uni mustaqil mamlakatning davlat ramzi sifatida ham, qadim tarixga ega elatni identifikatsiyalovchi muhim unsur sifatida ham saqlab qoldik va avlodlarga yetkazib kelmoqdamiz. Til to‘g‘risida turli bahslar, tortishuvlar ko‘p bo‘lib tursa-da, tan olish joiz, ayrim qo‘shnilarimizga qiyoslaganda, tilimiz o‘z mavqeini saqlab qoldi.

Ayniqsa, so‘nggi bir necha yilda o‘zbek tilining davlat tili sifatida o‘rni va mavqeini yuksaltirish yo‘lida qator salmoqli ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zlashi bundan bir necha yillar avval ilk bora tarixiy hodisa bo‘ldi, bugunga kelib esa bu go‘zal odatga aylanib bormoqda.

 

Prezidentimiz o‘zbek tilini mustaqillik kabi ulug‘ qadriyatdir, dedilar. Xususan:

Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak”, degan edilar. Tarixga nazar tashlasak, O‘zbekistonning mustaqilligi uchun ilk harakatlar ham aynan tilimizga davlat tili maqomi berilishidan boshlanganini ko‘rishimiz mumkin. Demak, ertaga nishonlaydigan O‘zbek tili bayramimiz qaysidir ma’noda Mustaqillik bayrami bilan egizakdir.

Davlat tiliga oid islohotlar nafaqat hujjatlarda, farmon-u qarorlarda, balki amalda ham yaqqol ko‘rinyapti. Bunga yorqin misollardan biri “Adiblar xiyoboni” kompleksidir. Ushbu kompleks so‘nggi yillarda amalga oshirilgan katta ma’naviy-ma’rifiy loyihadir. Ko‘pchiligingiz bu xiyobonga borgansiz. Ammo keling hozir ushbu bog‘ haqida tayyorlangan qiziq lavhani tomosha qilamiz.

 

Vizual content

Adiblar xiyoboni – qiziqarli shartlar

 

Professor-o‘qituvchi: Endi sizlarga quyidagi savol bilan murojaat qilmoqchiman: “O‘zbek tilini mukammal bilish va undan to‘g‘ri foydalanish sizning kelajakdagi kasbiy va shaxsiy muvaffaqiyatingizga qanchalik hissa qo‘shadi, deb o‘ylaysiz?”

Talabalar: (Bir nechta talabalar javob beradi).

Professor-o‘qituvchi: Til – bu xalqning eng katta boyligi, uning tarixiy xotirasi va madaniy merosini asrab-avaylaydigan eng muhim vositadir. Har bir millat o‘z tilida fikrlaydi, orzu qiladi, his-tuyg‘ularini ifodalaydi. Agar til yo‘qolsa, millatning o‘zi ham asta-sekin yo‘qoladi. Shu bois, davlat tiliga ega bo‘lish – bu millatning mustaqilligi, o‘zligini saqlab qolish va kelajak avlodga yetkazish kafolatidir.

Davlat tili – bu nafaqat rasmiy muloqot vositasi, balki jamiyatning barcha sohalarida birdamlik va tushunishni ta’minlovchi yagona poydevordir. U qonunlar, ta’lim, fan, madaniyat, OAV va diplomatik aloqalarda asosiy aloqa tilidir. Davlat tili orqali xalq o‘z tarixini o‘rganadi, madaniyatini rivojlantiradi va o‘z mustaqil siyosiy qarashlarini shakllantiradi.

Ona tili insonning shaxs sifatida shakllanishida ham beqiyos ahamiyatga ega. Til orqali inson tafakkuri kengayadi, milliy qadriyatlarga hurmat shakllanadi, ma’naviy olami boyiydi. Ayniqsa, davlat tili maqomiga ega bo‘lgan til jamiyatda huquqiy himoyaga ega bo‘ladi, bu esa uning rivojlanishi va kelajak avlodga sof holda yetib borishini ta’minlaydi.

Demak, davlat tili – bu xalqning ruhi, uning birligini mustahkamlovchi, o‘zligini himoya qiluvchi va dunyoga tanituvchi eng muhim ramzdir.

Shu bilan birga til xalqaro madaniy diplomatiya vositasi ham. Agar xorijga chiqqaningizda, olaylik, Koreyada o‘sha yerlik odam kelib sizga o‘zbek tilida “Xush kelibsiz” desa, sizda darrov bu shaxsga nisbatan simpatiya paydo bo‘ladi. Hech bo‘lmasa, uni bir umrga eslab qolasiz va bu hodisani ko‘pchilikka aytib berasiz, shundaymi? Albatta, bu sizning nafaqat shu shaxsga, balki umuman bu mamlakat xalqiga va davlatiga nisbatan fikringizga ijobiy ta’sir qiladi. Bir og‘iz ona tilingizda aytilgan so‘z shundan muhim zanjir reaksiyasini yuzaga keltirishi mumkin. Bugungi kunda tilning mana shu bog‘lovchi, birlashtiruvchi xususiyatidan diplomatik vosita sifatida yaxshi foydalanilyapti. Ya’ni xorijliklar o‘zbek tilini o‘rganishi uchun sharoitlar yaratilyapti. Hozir shu haqida video ko‘ramiz.

 

Vizual kontent:

Tilimizda so‘zlayotgan, tilimizni tinglayotgan dunyo…

 

Professor-o‘qituvchi: Hurmatli aziz talabalar, keling endi davlat tilining huquqiy-ma’muriy jihatlarini o‘rganib chiqsak.

O‘zbek tili – o‘zbek xalqining milliy iftixori, tarixiy xotirasi va madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanadi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun bilan belgilandi. Bu hujjat o‘zbek xalqining o‘zligini anglashida, milliy birlik va mustaqillik sari intilishida muhim qadam bo‘ldi. 1991-yil mustaqillik e’lon qilingach, davlat tili maqomi yanada mustahkamlanib, 1992-yilgi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili — o‘zbek tilidir” deb mustahkamlab qo‘yildi. Yangilangan Konstitutsiyamizda ham ushbu norma aynan 4-moddada aks etgan.

Davlat tili maqomi tilning nafaqat rasmiy hujjatlar va boshqaruv jarayonida qo‘llanishini, balki ta’lim, ilm-fan, madaniyat, ommaviy axborot vositalarida keng ishlatilishini ham kafolatlaydi. Bu orqali tilning lug‘at boyligi, adabiy me’yorlari va grammatik tizimi asrab-avaylanadi va rivojlantiriladi. Ona tilida ta’lim olish imkoniyati esa yosh avlodning o‘z tarixini, madaniyatini va qadriyatlarini chuqur anglashiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda o‘zbek tili 50 milliondan ortiq insonning ona tili bo‘lib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘rganilmoqda. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda tanilishi, ilmiy va texnologik jarayonlarga integratsiyalashuvi bo‘yicha davlat darajasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu sababli o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi – faqat tarixiy hodisa emas, balki millatning kelajagini belgilovchi strategik qarordir.

 

II qism. “Ona tilimiz – ajdodlar merosi, kelajak poydevori”

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar! Ko‘zlaringizni yumib, bir lahza o‘tmishga – ota-bobolarimizning so‘z, adabiyot, ilm va san’at gullab-yashnagan davrlariga sayohat qilaylik. Bugun siz bilan shu zaminning buyuk daholari ona tilimizni asrab-avaylash va uni yuksak darajaga ko‘tarish yo‘lida qoldirgan bebaho merosi haqida suhbatlashamiz.

Alisher Navoiy ulug‘ mutafakkir. U “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida ona tilining qudratini ilmiy asoslar bilan isbotlab, turkiy tilning boyligi va go‘zalligini yorqin misollar bilan ko‘rsatdi. Navoiy tilning ahamiyati va e’tibori haqida quyidagi hikmatli so‘zlarni aytadi: “Odam – tili bilan boshqa hayvonlardan imtiyozlidir. Uning tili orqali boshqa odamlardan afzalligi bilinadi. Til – shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq noma’qul bo‘lib chiqsa – tilning ofatidir”.

Zahiriddin Muhammad Bobur – buyuk sarkarda va adib, “Boburnoma” asari orqali nafaqat tarixiy voqealarni, balki o‘zbek tilining ifoda imkoniyatlarini ham abadiylikka muhrladi. Bobur o‘zining nafis tili, aniq ifodasi va boy lug‘ati bilan ona tilimizning badiiy qudratini butun dunyoga namoyon qildi.

Ogahiy – XIX asrning so‘z san’atkori, tarixchi va tarjimon. U o‘zbek tilida ko‘plab tarixiy asarlar yaratib, fors va arab tillaridagi eng muhim ilmiy-badiiy manbalarni ona tilimizga o‘girdi. Uning ishlari o‘zbek tilining ilmiy va diplomatik salohiyatini yuksaltirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Cho‘lpon – XX asr boshidagi ma’rifatparvar yozuvchi va shoir. U o‘z asarlari bilan o‘zbek tilining ozodlik va erkinlik timsoliga aylanishida muhim rol o‘ynadi. Cho‘lponning she’rlari va nasriy asarlarida ona tilimizning zamonaviy adabiyotdagi imkoniyatlari to‘la namoyon bo‘ldi.

Aziz talabalar! Tilimizni yuksaltirish yo‘lidagi bu buyuk meros – bizning bebaho boyligimiz. Agar tarixda ikki buyuk uyg‘onish davri – IX–XII asrlar Sharq Renessansi va XIV–XV asrlar Temuriylar davrida ilm-fan va adabiyot yuksalgan bo‘lsa, bugun bizning qo‘limizda yangi imkoniyat – tilimizni dunyo miqyosida yuksaltiradigan Uchinchi Renessans davrini yaratish bor.

Tilni sevgan millat – o‘zligini asraydi, o‘zligini asragan millat esa tarixda abadiy qoladi.

Kelinglar, shu o‘rinda o‘zbek adabiyoti haqidagi bilimlaringizni sinovdan o‘tkazamiz. Marhamat, jumboqli mashq.

Vizual kontent

1) Ozbek tili rivoji yolida: kimlarni tanidingiz? (Jumboq)

2) Ozbek tili qahramonlari. Javoblaringizni tekshiring!

 

III qism. Til va siz: Hayotingizni o‘zgartiradigan beshta savol.

Professor-o‘qituvchi: Endi sizlarni bilim haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashishga, o‘zaro fikr almashishga chorlayman.

1. Agar bir kun uyg‘onib, o‘z ona tilingizni unutib qo‘ysangiz, hayotingizda nima o‘zgarardi? Bu sizga qanday ta’sir qilardi?

Talabalar: (Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi)

2. Ona tili bo‘lmasa, millatning o‘zligini nima saqlab qoladi, deb o‘ylaysiz? Sizningcha, millat uchun tilning eng muhim jihati nimada?

Talabalar: (Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi)

3. Ona tilidan faqat shaxsiy muloqot uchun foydalanish kifoyami yoki uni ilm-fan, adabiyot, texnologiya va davlat boshqaruvida ham rivojlantirish kerakmi? Nega?

Talabalar: (Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi)

4. O‘z fikringizni yetkazishda siz nimaga ko‘proq ishonasiz: so‘z boyligingizgami yoki hissiyotlaringizgami? Tanlovingiz sababini tushuntirib bera olasizmi?

Talabalar: (Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi)

5. Agar siz 100 yil keyingi avlodga ona tilimiz haqida atigi bitta maslahat qoldirish imkoniga ega bo‘lsangiz, nima der edingiz va nega aynan shu maslahatni tanlagan bo‘lardingiz?

Talabalar: (Bir nechta talabaning fikrlari eshitiladi)

Endi esa davlat tili to‘g‘risidagi huquqiy bilimlarimizni tekshirib olamiz. Huquqiy testlar yechamiz. Marhamat, monitorga qaraymiz.

(Monitorda testlar videosi chiqariladi. Professor-o‘qituvchi test savollarinig javoblarini talabalar qog‘oz yoki daftarga belgilab borishi kerakligini, videoning ikkinchi qismida javoblarni tekshirib olish mumkinligini aytadi. Savollar soni: 10 ta.)

Vizual kontent

Davlat tili bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlariga oid test savollari

 

IV qism. V qism. “Davlat tilining kelajagi – bizning qo‘limizda”

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar! Bugungi suhbatimiz davomida sizlar bilan o‘zbek tilining tarixi, davlat tili maqomi, uning millat hayotidagi o‘rni va buyuk shaxslarning til haqidagi fikrlarini muhokama qildik. Endi esa kelajakka qaraylik. Davlat tilining rivojlanishi – bu faqat hukumat yoki tilshunos olimlarning vazifasi emas, balki har bir ongli fuqaroning, ayniqsa, siz – yoshlarning qo‘lida.

Davlat tilining taraqqiyoti – bu millat sha’ni va kelajagi uchun eng muhim masalalardan biridir. Uning rivoji, avvalo, bizning kundalik hayotimizdagi amaliy harakatlarimizga bog‘liq. Shu bois, har birimiz quyidagi uch asosiy yo‘nalishda faol bo‘lishimiz zarur:

Birinchidan, til madaniyatiga rioya qilish. Har bir matn, nutq yoki yozishmada imlo va uslub qoidalariga qat’iy amal qilish, jumlalarni aniq va ravon tuzish, keraksiz so‘zbozlikdan qochish – bu tilimizning obro‘sini oshiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham savodli yozish, shevaga yoki qo‘pol so‘zlashuvga berilmasdan, adabiy tilda ifoda etish – har bir ziyoli yoshning kundalik burchi bo‘lishi kerak. Chunki tilimizga e’tibor – o‘zimizga bo‘lgan hurmatdir.

Ikkinchidan, ilm-fan va texnologiya sohalarida o‘zbek tilidan foydalanish. Ilmiy maqolalar, texnik hujjatlar, darsliklar, dasturiy ta’minot va qo‘llanmalarni o‘zbek tilida tayyorlash, zamonaviy ilm-fan atamalarini to‘g‘ri tarjima qilib amaliyotga joriy etish orqali biz tilimizning zamonaviy rivojiga katta hissa qo‘shamiz. Bu – o‘zbek tilini faqat adabiyot va san’at tili emas, balki zamonaviy texnologiyalar va ilm-fanning ham yetuk ifoda vositasiga aylantirish demakdir.

Uchinchidan, tilni targ‘ib qilish. O‘zbek tilidagi madaniy tadbirlar, adabiy uchrashuvlar, teatr sahnalari, onlayn loyihalar va xalqaro forumlarda faol qatnashish – tilimizni keng miqyosda targ‘ib qilishning samarali yo‘lidir. Shuningdek, chet ellarda o‘zbek tilini o‘rgatish va targ‘ib qilish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali biz uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishimiz mumkin.

Shunday ekan, sizlardan so‘rayman: O‘zbek tilining kelajagi uchun eng katta tahdid nima bo‘lishi mumkin? Va talaba sifatida siz davlat tilini rivojlantirish yo‘lida qanday amaliy ish qilishingiz mumkin?

Unutmang: Til – millatning yuragi va ruhidir. Uni asrab-avaylash, boyitish va kelajak avlodlarga beg‘ubor holda yetkazish – barchamizning eng oliy vazifamizdir. Agar biz o‘z tilimizni sevib, uni ilm, madaniyat va hayotning barcha jabhalarida faol qo‘llasak, u nafaqat yashaydi, balki yanada porlab, kelajak avlodlarga abadiy meros bo‘lib qoladi.

Kun hikmati:

Tilini boyitgan inson – qalbini boyitadi, qalbini boyitgan inson esa butun dunyoni yoritadi”.

 

Professor-o‘qituvchi: O‘zbek tilining ohangi, jozibasi, musiqiyligi, butun go‘zalligi adiblarimiz ijodida yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, atoqli shoir, O‘zbekiston xalq shoiri, tirik afsona Usmon Azimdan uning mashhur she’rini yaralish tarixi bilan birga tinglaylik. O‘ylaymanki, bugungi ma’ruzamizga ushbu chiqish ajoyib mazmun va bezak beradi.

 

Vizual kontent

Usmon Azim. Yomg‘ir she’ri

 

Professor-o‘qituvchi: Aziz talabalar! Til – millatning ruhi, o‘zligimizning eng chuqur ildizi. U bizni bir-birimizga bog‘laydi, tariximiz bilan kelajagimizni tutashtiradi. Agar tilimizga e’tibor bersak, uni asrasak, boyitsak va zamonga mos rivojlantirsak, biz o‘z milliy qiyofamizni ham asraymiz.

Shuni unutmang: har bir savodli yozilgan jumla, to‘g‘ri talaffuz qilingan so‘z, o‘zbek tilida yaratilgan yangi ilmiy atama yoki ijodiy asar – bu tilimizning kelajagi sari qo‘yilgan kichik, ammo juda muhim qadamdir.

Bugundan boshlab siz aytgan har bir so‘z va yozgan har bir satr millatning madaniy xazinasi bo‘lishi mumkin. Tilni sevish – bu shunchaki burch emas, bu bizning avlodlar oldidagi eng katta mas’uliyatimizdir.

Til yashasa millat yashaydi!