“Kelajak soati” 9-mavzu

MAKTABGACHA TA’LIM TASHKILOTLARI TARBIYALANUVCHILARI UCHUN DAVRA SUHBATI: “O‘ZBEKISTONNING TABIIY BOYLIKLARI”

Davra suhbatining maqsadi:                                                                      

- O‘zbekistonning asosiy tabiiy boyliklari haqida ma’lumot berish;

- Tabiiy boyliklarning inson hayotidagi o‘rni va ularni asrash zarurligini tushuntirish;

- Tabiiy boyliklarga nisbatan hurmat va ehtiyotkorlik tuygʻusini uygʻotish;

- Atrof-muhitni kuzatish, fikr aytish, savol-javob qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish.

Kutilayotgan natijalar:

-        O‘zbekistonning tabiiy boyliklari haqida aytib bera oladi;

-        Har bir boylikning foydasi haqida fikr yurita oladi;

-        Tabiiy boyliklarni asrash zarurligini tushunadi;

-        O‘zbekistonning ba’zi boyliklarini (gaz, suv, paxta, mevalar, oltin) nomlab bera oladi;

-        Bu boyliklar hayotda nima uchun kerakligini tushunib yetadi;

-        Tabiatni asrash kerakligini anglaydi.

Kerakli jihozlar:

-        Suv, yer, minerallar, o‘simliklar, quyosh, havo kabi tushunchalar tasvirlangan rasmli kartochkalar;

-        Tabiat, suv, tuproq kabi elementlar tasvirlangan kitoblar.

Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa

 

I.KIRISH QISMI:

Tarbiyachi qo‘lida tuvakdagi gul bilan kirib keladi. Bolalardan “bu nima” deb so‘raydi. Bolalarning javobini eshitgach, tuvakdagi gulni deraza tokchasiga olib borib qo‘yadi, pardani ochib quyoshga biroz qaraydi, so‘ng gulga suv quyadi.

Tarbiyachi: Assalomu alaykum, aziz bolajonlar! Bilasizlarmi, biz yashayotgan Yer sayyorasi juda go‘zal va mo‘jizalarga to‘la. Unda daraxtlar, hayvonlar, suvlar, havo va quyosh kabi ko‘plab boyliklarimiz bor. Bu narsalarning barchasini tabiiy boyliklar deb ataymiz.

 Ular bizga ovqat, toza havo, ichimlik suvi va uylarimizni qurish uchun kerak bo‘lgan materiallarni beradi. Lekin, agar biz bu boyliklarni ehtiyot qilmasak, ular tugab qolishi mumkin. Masalan, suvni behuda sarflasak yoki daraxtlarni ko‘p kesib yuborsak, kelajakda bu narsalardan foydalana olmaymiz. Shu sababli, tabiiy boyliklarimizni asrash juda muhim!

Bolalarga turli rasmlar ko‘rsatiladi va suhbat davom ettiriladi.

 

 

 

Tarbiyachi: Bolajonlar, suv bizga nima uchun kerak?

Bolalarning javoblari tinglanadi.

Suv – bu hayot manbai! Biz har kuni suv ichamiz, chunki u bizni sog‘lom qiladi. O‘simliklar ham suv ichadi, shunda ular o‘sadi. Hayvonlar va qushlarga ham suv kerak. Suvsiz hech kim yashay olmaydi. Shuning uchun suvni isrof qilmaslik kerak!

 

Tarbiyachi:  Quyosh nuri nima uchun kerak?

 Bolalarning javoblari tinglanadi.

Quyosh nuri bizga issiqlik va yorug‘lik beradi. U kunimizni yorug‘ qiladi, o‘simliklarni o‘stiradi. Quyoshsiz Yer qorong‘i va sovuq bo‘lib qoladi. Shuning uchun quyosh juda muhimdir!  

Tarbiyachi: O‘simliklarga gul, daraxt, sabzavot va mevalar kiradi. Daraxtlar o‘sib bizga havo beradi, hayvonlar va odamlar nafas oladi. Ular yashashi uchun tuproq kerak. Tuproq bu yerimizning yumshoq joyidir. Unda o‘simlik ildiz chiqaradi va oziq oladi. Agar tuproq yaxshi bo‘lsa, o‘simlik sog‘lom o‘sadi. Biz gul ekamiz, daraxt parvarish qilamiz,  ularning barchasi tuproqda o‘sadi.

Bilasizlarmi, bolajonlar bizda qazilma boyliklarimiz ham bor. Bular oltin, mis, neft, gaz. Ularni yer ostidan olamiz.

Bu boyliklardan biz doimo kundalik ishlarimizda foydalanamiz. Bu boyliklarni isrof qilmay, asrashimiz kerak! Chunki tabiiy boyliklar bizga tabiatning sovg‘asidir.

Davra suhbati uchun savollar:

1.    O‘zbekistonning qaysi tabiiy boyliklarini bilasiz?

2.    Sizningcha, eng foydali tabiiy boylik qaysi? Nega?

3.    Tabiiy boyliklarni asrash uchun nimalar qilish mumkin?

4.    Uyda suv, gaz, elektrdan qanday foydalanasiz? Isrof bo‘lmasligi uchun nima qilasiz?

 

Tarbiyachi: Bolajonlar qani kim aytadi, qanday qilib tabiiy boyliklarimizni asrashimiz mumkin?

Bolalarning javoblari tinglanadi.

Bolalar birgalikda tarbiyachi ortidan takrorlaydi!

 

1.Tishlaringizni yuvayotganda suvni o‘chirib qo‘yamiz! Bu orqali ko‘p suvni tejashimiz mumkin!

2.Xonadan chiqayotganda chiroqlarni o‘chirib yuramiz! Bu elektr energiyasini tejaydi!

3.Daraxtlar havoni tozalaydi va hayvonlar uchun uy bo‘ladi. Daraxt ekish orqali tabiatga yordam beramiz. Bog‘larga borganda axlatlarni yig‘ishtamiz va atrof-muhitni toza saqlaymiz!

Interaktiv o‘yin

 O‘yin qoidasi. Har bir tarbiyalanuvchi o‘ziga yoqqan tabiiy boylikni tanlab, uning nima uchun foydali ekanini aytib beradi. “Agar men tabiatni asrasam…” deb boshlanadigan gapni davom ettirish. Suratga qarab tabiiy boyliklarni topish.

XULOSA

-        O‘zbekistonning tabiiy boyliklari  haqida bilishadi.

-        Ularni asrash kerakligi haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.

-        Tabiiy boyliklarga nisbatan hurmat va ehtiyotkorlik tuygʻusi uygʻonadi.

Hozir esa sizlarga O‘zbekistonimizni dunyoda taniqli qilgan milliy ramzlari, ya’ni belgilari haqida video qo‘yib beraman.

Vizual kontent

Milliy atributlar O‘zbekiston haqida (hikoya)