“Kelajak soati” 9-mavzu
“Kelajak soati” darsining 5–8-sinflar uchun mashgʻulot ssenariysi:
9-mavzu: “Oʻzbekiston va jahon”
Dars maqsadi: umumiy maqsad:
Annotatsiya: Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi, mintaqadagi yetakchi roli va dunyo hamjamiyatida tutgan oʻrni “tinchlik va muzokara yoʻli” tamoyili, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik.
Oʻquvchilarga Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni, soʻnggi yillardagi tashqi siyosatdagi yutuqlari va tashabbuslari haqida tushuncha berish, Vatan manfaatlarini himoya qilish masʼuliyatini anglatish, tinchlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik qadriyatlarini mustahkamlash.
Aniq maqsadlar:
·Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi xalqaro obroʻ-eʼtiborining oshish sabablarini tahlil qilish.
·“Tashqi siyosat konsepsiyasi”ning mazmuni va amaliy ahamiyatini tushuntirish.
·Tinchlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik siyosatining mintaqaviy xavfsizlikdagi oʻrnini ochib berish.
·Oʻquvchilarda xalqaro voqealarni tahlil qilish va fuqarolik masʼuliyati bilan yondashish koʻnikmasini shakllantirish.
·Qoʻshni davlatlar haqida qisqa maʼlumotlarni xarita va faktlar asosida mustahkamlash.
Asosiy gʻoyalar: Oʻzbekiston – Markaziy Osiyo yuragi va tinchlik tashabbuslari markazi. Tashqi siyosat – mustaqillikni mustahkamlash, iqtisodiy manfaatlarni rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni taʼminlash vositasi. Hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik – tinchlik va taraqqiyot garovi. Har bir fuqaro, jumladan, oʻsmir yoshdagilar ham Vatan manfaatlari uchun bilim va malaka orttirishi lozim.
Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
· Oʻquvchi “xalqaro maydon”, “tashqi siyosat”, “mintaqaviy xavfsizlik” tushunchalarini biladi.
· Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillarini izohlay oladi.
· Qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik misollarini tahlil qiladi.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
· Vatan xalqaro maydonda yuksalayotganidan faxrlanish tuygʻusi ortadi.
· Tinchlik, hamkorlik va birdamlik gʻoyalariga nisbatan ijobiy munosabat shakllanadi.
3. Amaliy koʻnikmalarda:
· Xalqaro hodisalarni mustaqil tahlil qilishga urinadi.
· Xarita bilan ishlash orqali geografik bilimini kengaytiradi.
4. Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:
· Sinfda muloqot va bahs-munozara madaniyati shakllanadi.
· Mintaqaviy doʻstlik va hamkorlik ruhini mustahkamlaydi.
Metapredmet: bu taʼlimda oʻquvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qoʻllay oladigan umumiy koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Masalan, “ Oʻzbekiston va jahon ” darsida:
· Geografiya: Markaziy Osiyo xaritasida davlatlarni topish.
· Tarix: Tashqi siyosatdagi muhim voqealar va sammitlar.
· Adabiyot: Tinchlik va doʻstlik haqidagi maqollar, hikmatlar.
Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti xodimlari. www.milliytarbiya.uz
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashgʻulot shakli: Bilim beruvchi suhbat, taqdimot, videolavha, xarita bilan ishlash, interaktiv topshiriqlar, savol-javob.
Materiallar toʻplami:
· Ssenariy
· Taqdimot
· Videomateriallar
· Interaktiv xarita
· Qoʻshni davlatlar haqidagi qisqa maʼlumotlar
Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion
Darsning birinchi qismining maqsadi – oʻquvchilarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. 5–9-sinf oʻquvchilarining kelgusi faoliyatiga boʻlgan motivatsiya mavzuni aks ettiruvchi videolavha, xalqaro sammitdan parchalar yoki Prezident nutqidan iqtiboslarni koʻrish va ular yuzasidan suhbatlashishga asoslanadi.
2-qism. Asosiy
Asosiy qismda oʻquvchilar darsning asosiy maʼnolarini tushunish va ochib berishga yoʻnaltiriladi. Shu maqsadda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni, tashqi siyosat konsepsiyasidagi tamoyillar, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik haqidagi tasviriy materiallar tahlil qilinadi, videolar koʻriladi va mazmuni boʻyicha savol-javob oʻtkaziladi.
3-qism. Yakuniy
Dars gʻoyalarini umumlashtirish va mashgʻulotga yakun yasash. Oʻquvchilar bilan “Oʻzbekiston – Markaziy Osiyo yuragi” gʻoyasi boʻyicha xulosa chiqariladi, haftaning hikmati oʻqiladi hamda uyga vazifa beriladi.
Dars ssenariysi
1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)
Dars boshlanishidan oldin sinf xonalari dunyo xaritasi, globus, O‘zbekiston bayrog‘i bilan bezaladi. Past ovozda milliy kuy yoki vatanparvarlikka undovchi qo‘shiq yangrab turishi maqsadga muvofiq.
O‘qituvchi:
Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar!
Bir daqiqa tasavvur qiling: siz Tokio, London yoki Dubaydasiz. Bir xalqaro tadbirda yoshlar bilan suhbatlashyapsiz va kimdir sizdan: “O‘zbekiston qayerda joylashgan? U qanday mamlakat?” deb so‘raydi.
Siz nima deb javob berasiz? Faqat xaritaga ishora qilasizmi yoki faxr bilan: “Bu – mening yurtim, dunyo bilan teng qadam tashlayotgan, tinchlik va taraqqiyot bayrog‘ini baland ko‘targan davlat” – deb javob berasizmi?
Bugungi darsimizda aynan shu savolga javob izlaymiz. Biz o‘z yurtimizning dunyodagi nufuzini his qilishni, uning siyosiy, ilmiy, madaniy, tarixiy va hokazo sohalardagi yutuqlarini anglashni o‘rganamiz.
Lekin avval bir kichik sinov:
Doskadagi O‘zbekiston xaritasiga ishora qilib
Kimlar O‘zbekiston bilan chegaradosh davlatlarni to‘g‘ri ayta oladi?
Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston
Oʻzbekistonda nechta ma’muriy hudud bor?
(14 ta: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahri)
Qaysi viloyat maydon jihatdan eng katta?
(Navoiy viloyati, 100.800 kv.km)
Qaysi viloyatda aholi eng zich yashaydi?
(Andijon viloyati, bir kvadrat kilometrga 804,9 kishi)
Mamlakatimizda nechta tuman va shahar bor?
(208 ta tuman va shahar bor)
O‘qituvchi:Bu savollar orqali biz faqat geografiyani emas, o‘zligimizni bilib olamiz. Chunki har bir joy (tuman, shahar, mahalla, qishloq) nomi – bu tarix, bu meros, bu biz bilgan Vatanning bir bo‘lagi.
Kelinglar, biz o‘z yurtimizni qanchalik bilamiz, O‘zbekistonning ma’muriy-hududiy tuzilishi haqida qanday ma’lumotlarga egamiz degan savollarga javob topamiz. Ya’ni O‘zbekiston hududi va xaritasi haqidagi bilimlarimizni tekshirish uchun videojumboqqa e’tibor qaratamiz.
Ekranga qaraymiz.
O‘zbekiston xaritasini qay darajada bilasiz? (jumboq)
Oʻzbekistonning xaritasi. Javoblaringizni tekshiring!
O‘qituvchi (ilhomlantiruvchi ovozda):
Bolalar, bugun O‘zbekiston nomi butun dunyoda, katta xalqaro tashkilotlarning minbarlarida, Olimpiada arenalarida, xalqaro anjumanlarda yangramoqda. Dunyo xaritasidagi katta davlatlar orasida ham yurtimiz tinchlik tashabbuslari, ilmiy kashfiyotlari, yosh iqtidorlari bilan tanilyapti. Demak, mamlakatimizda har biringiz uchun ulkan imkoniyatlar bor.
Demak, ishonch bilan ayta olamizki, O‘zbekiston faqat xaritadagi joy emas, u dunyo sahnasidagi faol ishtirokchi.
Dars oxirida sizlar ham o‘zingizning kichik shioringizni yaratasiz: “Mening O‘zbekiston haqidagi g‘ururim nimada?”
Shunday qilib, yurtimiz va jahon o‘rtasidagi ko‘prikni birgalikda kashf etamiz. Tayyormisiz?
(Sinf javob beradi: “Haaa!”)
O‘qituvchi:
Aziz o‘quvchilar, orangizda kim samolyotda uchgan?
Bolalalar orasida shundaylar bo‘lsa, qo‘l ko‘tarishi so‘raladi. Qo‘l ko‘targanlardan aeroport haqida, u yerga birinchi marta borganida nima his qilgani haqida so‘rash mumkin.
O‘qituvchi:
Bolajonlar, dunyo globallashib, mamlakatlar bir-biriga yaqinlashib boryapti. Ya’ni odamlar ko‘p sayohat qilishyapti, sayohat qilish, xorijga o‘qish yo ishlashga borish tobora oddiy hol bo‘lib boryapti. Sizlar ham kun kelib albatta xorijga borasizlar. Shunda xalqaro aeroportdan uchishinglar mumkin. Aeroportda sizlarni nima kutib turibdi? Keling, shu mamlakatimizning darvozasi bo‘lgan aeroportimizdan reportaj ko‘ramiz.
Vizual kontent:
Toshkent xalqaro aeroportining aerovokzal kompleksi
Video muhokama qilinadi (2 daqiqa)
ASOSIY QISM. (25 daqiqa)
O‘qituvchi:
Aziz oʻquvchilar! Sizlar ham sezyapsizmi? Keyingi yillarda Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi, dunyodagi obroʻ-eʼtibori ortib bormoqda. Bu qanday holatlarda namoyon boʻlayapti? Keling, birgalikda tushunib olaylik.
Birinchidan, geosiyosatda O‘zbekistonning o‘rni juda muhim. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi deb ataladi. Chunki biz mintaqaning markazida joylashganmiz, beshta davlat bilan chegaradoshmiz va ularning barchasi bilan do‘stona aloqalar o‘rnatganmiz.
Ikkinchidan, tashqi siyosatda kuzatuvchi emas, tashabbuskor, faol mamlakatga aylanib boryapmiz. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi – o‘zaro hamkorlikka asoslangan tashqi siyosatga asos soldi.
O‘zbekiston bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom Hamkorlik Tashkiloti kabi ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qiladi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo ruhi”, “Transafg‘on transport yo‘lagi”, “Yoshlar diplomatiyasi” kabi tashabbuslar dunyo siyosatida yangicha yondashuv sifatida qabul qilinmoqda.
Bu tashabbuslar nafaqat Yangi Oʻzbekistonni, balki Yangi Markaziy Osiyoni yaratmoqda. Oʻzbekistonga ishonch – Markaziy Osiyoga ishonchga aylanyapti. Bugun yangi Markaziy Osiyo jahonni oʻziga tortadigan mintaqaga aylandi.

Shu yilning aprel oyi boshida bo‘lib o‘tgan Samarqanddagi “Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi” Sammiti buning isboti boʻldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Samarqand Sammiti haqida: “Bu sammit koʻp qirrali munosabatlarning yangi bosqichga oʻtish nuqtasi boʻladi!” – deb ta’kidladi. Bu sammit Markaziy Osiyo uchun yangi davrni boshlab berdi.
Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula xonim 12 milliard yevrolik investitsiya paketini eʼlon qildi. Ya’ni yurtimizga shuncha investitsiya kirib keladi, buning natijasida iqtisodimiz o‘sadi, farovonligimiz oshadi. Bu Oʻzbekistonning tashqi siyosatdagi gʻalabasi boʻlib, yurtimizga foyda keltiradi.
Masalan, Navoyi viloyatidagi 500 MVt quvvatdagi quyosh elektr stansiyasi mintaqadagi eng yirik loyihalardan biri bo‘lib, xalqaro investorlar ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Uchinchidan, O‘zbekiston xalqaro maydonda tinchlik va xavfsizlikka qaratilgan tashabbuslari bilan tanilmoqda. Oʻzbekiston hozir dunyoda, ayniqsa, biz yashab turgan mintaqada – Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash uchun koʻplab tashabbuslarni ilgari surmoqda. Yon qo‘shnimiz Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishi uchun Prezidentimiz BMT minbaridan turib jon kuydirib gapirdilar. Yoki qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni tiklash uchun aynan O‘zbekiston vositachilik qildi. Jahonning qaynoq nuqtalarida bo‘layotgan mojarolarni ham muzokaralar yo‘li bilan tinch hal etishni targ‘ib qilamiz.
Ushbu oqilona tashqi siyosat tufayli biz nimalarga erishmoqdamiz?
- Dunyodagi oʻrnimiz mustahkamlandi.
- Qoʻshnilar bilan yaxshi aloqalar oʻrnatildi.
- Tashqi iqtisodiy foyda, yaʼni savdo, investitsiya kabi sohalar rivojlanmoqda.
- Tinchlik va barqarorlik mustahkamlanmoqda.
O‘qituvchi:
Azizlar, endi O‘zbekistonning dunyodagi o‘rnini mustahkamlash uchun muhim bo‘lgan diplomatlarni tayyorlaydigan Universitet haqida videoni tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga sayohat
O‘qituvchi:
Aziz o‘quvchilar! O‘zbekiston nafaqat tashqi siyosat, balki ilm-fan, sport, san’at sohalarida ham dunyo mamlakatlari bilan yaqindan aloqalar o‘rnatyapti va yutuqlarga erishmoqda.
Ilm-fanda qanday yutuqlarimiz
Bugun dunyoning top universitetlarida yuzlab o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olyapti va tadqiqotlar qilyapti.
Masalan, Botir Qobilov, 2024-yilda Harvard universitetida raqamli iqtisodiyot sohasida tadqiqotlar qilishni boshladi.
Shuningdek, mamlakatimiz ilmiy tadqiqot institutlari ham jahonning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda loyihalar qilishmoqda. Masalan, genetik olimlarimiz Harvard universiteti bilan hamkorlikda loyiha qilishyapti. Yaqinda Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida o‘zbekshunoslik dasturi ochildi, uning ochilish marosimida Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Mamlakatimiz yoshlari, maktab o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etishyapti. Masalan, bu yilgi xalqaro kimyo olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi uchta oltin, ikkita kumush va ikkita bronza medal olishdi. Bu tariximizdagi rekord natija!
San’atdagi yutuqlarimiz
O‘zbekiston san’ati bugun xalqaro sahnalarda jarang sochmoqda. Pianist Behzod Abduraimov London xalqaro pianino musobaqasi va boshqa bir necha xalqaro pianino musobaqalari gʻolibi bo‘ldi.

Dirijyor Aziz Shohakimov esa Trasburg filarmoniyasining direktori bo‘lib ishlamoqda.

O‘zbekistonlik dizayner va arxitektor Taxmina Turdialiyeva Britaniya qirolligi tomonidan chop etilgan “Me’morlik olamini zabt etgan 100 ayol” kitobidan o‘rin oldi.

Sportdagi yutuqlarimiz
Sportda ham muvaffaqiyatlarimiz katta. Diyorа Keldiyorova, Oksana Chusovitina, Ulug‘bek Rashitov kabi sportchilar O‘zbekiston bayrog‘ini jahon arenalarida baland ko‘tardilar.
Bolajonlar, kelinglar hozir olimpiya chempionimiz Diyora Keldiyorovaning xalqaro maydonda O‘zbekiston nomini va bayrog‘ini baland ko‘tarib chiqqani haqidagi hikoyasini o‘zidan eshitamiz.
Vizual kontent:
“Fransuzlar biz bilan suratga tushgan” – Diyora Keldiyorova
Aziz oʻquvchilar, o‘ylaymanki, bugungi darsimiz hammangiz uchun qiziq bo‘ldi. Endi sizlar yuqoridagi kabi ma’lumotlarni bilib borish orqali “O‘zbekiston qanday davlat?” degan savolga to‘liq va aniq javob bera olasizlar.
3. YAKUNIY QISM (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Aziz bolalar, bugungi darsimiz yakunida sizlar O‘zbekistonning jahon sahnasidagi o‘rnini yanada chuqurroq tushundingiz, deb o‘ylayman. Endi sizlar daftaringizga: “O‘zbekiston qanday mamlakat?” degan savolga bitta gap bilan javob yozishingizni so‘rayman. Yozganlaringizni birma-bir o‘qib bering.
Eng original fikr egalarini rag‘batlantiramiz!
(Bolalar o‘z shiorlarini yozishadi, sinfda o‘qishadi. Dars “Biz tinchlik tarafdorimiz” nomli qisqa fleshmob bilan yakunlanadi.)