“Kelajak soati” 9-mavzu
“Kelajak soati” darsining 9-11-sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi
9-mavzu: “OʻZBEKISTON VA JAHON”
Dars maqsadi. umumiy maqsad:
Annotatsiya: Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining jahon miqyosida tobora yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori, bu natijalarning asl sabablari, mazkur yo‘nalishda mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar va ularning maqsad-mohiyati bilan o‘quvchilarni yaqindan tanishtirish, ularda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida tarixiy harakatga kirishgan o‘z Vatani, mustaqil mamlakati bilan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirish – mashg‘ulotning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Aniq maqsadlar:
1. O‘quvchilarga yurtimizning o‘tmish va bugungi kundagi jahon maydonida tutgan nufuzi, dunyo siyosatiga ta’siri xususida aniq ma’lumotlar berish.
2. Yoshlarga O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosati Konsepsiyasi maqsadi, mohiyati, uning mamlakat va fuqarolar taqdirida tutgan ahamiyatini anglatish.
3. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqaro maydonda ilgari surgan muhim tashabbuslari hamda ularning ro‘yobi haqidagi aniq misollar bilan o‘quvchilar bilim va tasavvurlarini boyitish.
4. Ular ongida O‘zbekistonning jahoniy nufuzi tobora ortib borayotgani va buning asl sabablari xususida aniq tushuncha hamda bilimlar hosil qilish.
Asosiy g‘oyalar: Bugungi O‘zbekiston – tenglar ichra teng mustaqil respublika. Qudratimizni bilmoqchi bo‘lsangiz, bizning maqsadlarimizga, g‘oyalarimizga, tashabbus va sa’y-harakatlarimizga boqing! Uchinchi Renessans poydevori ham shu o‘lkada qo‘yilajak! “O‘zbekiston faqat tinchlik, hamkorlik va barqarorlik tarafdoridir”. Shavkat Mirziyoyev
Darsdan keyin kutiladigan natijalar.
1. Aqliy va tushunchaviy darajada:
– O‘quvchilar o‘z yurtining azaldan dunyo tan olgan tamaddunlar markazi bo‘lgani, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu diyor bilan jahonning ko‘plab mamlakatlari hisoblashgani xususidagi bilimlarini mustahkamlaydilar.
– Mamlakatimiz Prezidentining Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasining tub mohiyatini tushunadilar.
– O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosati Konsepsiyasi maqsadi, ahamiyatini chuqur idrok etadilar.
2. Hissiy va qadriy yondashuvda:
– Respublikamiz imiji, xalqaro obro‘si yuksalishining ahamiyatini, bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar ko‘lamini his qiladilar.
– Ona yurti sha’ni, uning obro‘-e’tibori va qadrini yuksaltirish milliy o‘zlikni anglashda qanchalar muhim ahamiyat kasb etishini idrok etishadi.
– Shu ulug‘ xalq farzandi, nufuzi ortib borayotgan mamlakatning yosh fuqarosi ekanidan faxr va iftixor tuyg‘usini tuyadilar.
3. Amaliy ko‘nikmalarda:
– O‘quvchilar mamlakatimiz Rahbarining dunyo hamjamiyati bilan olib borayotgan muntazam muloqotlari, xalqaro tashriflari qanday amaliy natijalar keltirayotganini anglaydi.
– Yurtimizni dunyoga tanitish ishiga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlar, tengdoshlari izidan yurishga ichki rag‘bat hosil qilishadi.
– Mamlakatimizning hali ro‘yobga chiqib ulgurmagan imkoniyatlari xususida jiddiyroq o‘ylash ko‘nikmasini o‘zlashtiradi.
Metapredmet: bu ta’limda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.
Xususan, “O‘zbekiston va jahon” darsida o‘quvchi:
- Mavzuga oid tarixiy faktlar, hayotiy misollar bilan tanishadi (tarixiy idrok),
- Qo‘shiq eshitadi, videorolik tomosha qiladi (san’at),
- So‘ng mavzu, ko‘rgani va eshitganlari xususida shaxsiy mulohazalarini bayon qiladi (muloqot) – bu esa metapredmet yondashuv sifatida o‘z samarasini beradi.
Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim va taassurot beruvchi suhbat, taqdimot sharhi, videomateriallar, savol-javob va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
Materiallar to‘plami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
Dars tuzilishi
1-qism. Motivatsion
Darsning birinchi qismining maqsadi – o‘quvchilarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. Ushbu maqsadga o‘qituvchi tomonidan mavzuga oid e’lon qilinadigan muhim tarixiy va hayotiy misollar, ularning sharhi bilan bog‘liq mulohazalar evaziga erishiladi.
2-qism. Asosiy
Asosiy qismda o‘quvchilar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda o‘quvchilarga mavzuga oid savollar bilan murojaat qilinadi, muhim huquqiy hujjatning alohida jihatlari sharhlanadi, ta’sirli qo‘shiq eshitilib, uning mazmuni tahlil etiladi, videorolik namoyish etiladi.
3-qism. Yakuniy
Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.
Dars ssenariysi
Dars boshlanishidan oldin sinf xonalari dunyo xaritasi, globus, O‘zbekiston bayrog‘i bilan bezaladi. Past ovozda milliy kuy yoki vatanparvarlikka undovchi qo‘shiq yangrab turishi maqsadga muvofiq.
1. KIRISH. Motivatsion qism (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar!
Bir soniya o‘ylab ko‘ring: agar sizga “O‘zbekistonni uchta so‘z bilan tasvirla” desalar, nima der edingiz?
(Bir necha o‘quvchi javob beradi. Taxminiy javoblar: “Mustaqillik”, “Mehnatsevarlik”, “Go‘zal tabiat”, “Madaniyat”, “Tinchlik” va h.k.)
O‘qituvchi:
Har biringizning javobingiz to‘g‘ri. Lekin dunyodagi har bir davlatning haqiqiy qiyofasini bitta narsa belgilaydi – uning insonlari. Ya’ni bizlar.
Dunyo O‘zbekistonni qayerdan biladi? Kitobdan emas, xaritadan ham emas. U biz haqimizda tasavvurni bizning xatti-harakatimiz, yutuqlarimiz, fikrlarimiz orqali hosil qiladi.
Demak, savol tug‘iladi:
“Biz jahon sahnasida kimmiz?”
(Qisqacha sukut, o‘qituvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sinfga qaraydi.)
– Bu savol faqat siyosatchilar yoki olimlar uchun emas. Bu – har bir yosh uchun, har bir “men kimman?” deb o‘ylay boshlagan inson uchun. Chunki har biringiz dunyoning qandaydir burchagida O‘zbekiston haqida birinchi taassurot qoldiradigan norasmiy elchisiz.
Demak, bugungi mavzumiz “O‘zbekiston va jahon” deb nomlanadi. Lekin bu dars faqat geografiya yoki siyosat haqida emas. Bu – g‘urur haqida.
Bir daqiqa ko‘zlaringizni yuming va tasavvur qiling: siz xorijdasiz, balki samolyotda, yoki universitetda o‘qiyapsiz yo konferensiyaga bordingiz, yoki xalqaro musobaqada ishtirok etyapsiz. Kimdir sizning familiyangizni va qayerdan kelganingizni o‘qib, “Ooo, u O‘zbekistondan ekan! U yerda Mirzo Ulug‘bek yashagan va mukammal yulduzlar jadvalini tuzgan” deb hayrat bilan qarayapti. Shu onda yuragingizda nima tuyg‘u paydo bo‘ladi?
(Bir-ikki o‘quvchi javob berishi mumkin: “faxr”, “quvonch”, “hayajon” va h.k.)
O‘qituvchi: Ana shu tuyg‘uni “milliy g‘urur” deyiladi. Bu tuyg‘u har bir insonni harakatga chorlaydi. Bugungi darsimiz ham shu haqida – bizning Vatanimiz dunyoda qay darajada tanilayotgani va nima uchun bu muhim ekani haqida.
Bilasizlarmi, dunyo xaritasida har bir davlatning o‘z rangi, o‘z ovozi bor. Ayrim davlatlar fan va texnologiyasi bilan, ba’zilari sport yoki madaniyati bilan tanilgan. Endi savol:
Biz o‘zbeklar dunyoga nima bilan tanilyapmiz?
(O‘quvchilardan taxminiy javoblar quyidagicha bo‘lishi mumkin: “ilm”, “sport”, “tabiiy boyliklar”, “madaniyat” va h.k.)
O‘qituvchi: To‘g‘ri. Lekin bugungi kunda O‘zbekiston dunyoga nafaqat tarixi, balki yangi avlodi bilan tanilyapti. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek, “Uchinchi Renessans poydevorini aynan siz, yoshlar qurasizlar”. Demak, bu tarixning yangi sahifasi – aynan sizlar yozadigan sahifa.
Renessans – bu faqat kitobdagi so‘z emas, bu o‘qish va mehnat qilish uchun, ya’ni rivojlanish uchun rag‘bat (motivatsiya)dir. Ilm, texnologiya, san’at, sport – qaysi sohada bo‘lishidan qat’i nazar, har bir o‘zbek yigiti va qizi o‘z salohiyati bilan dunyoga chiqishi mumkin.
Ko‘pincha “jahon” so‘zi bizga juda ulkan, bizdan uzoqdek tuyuladi. Lekin aslida jahon – bu sen bilan men yashaydigan yagona makon. Dunyo seni ko‘rishini xohlasang, sen ham unga qara.
Shuning uchun bugungi darsimiz faqat bilim olish uchun emas, balki o‘ylanish uchun ham bo‘ladi. Biz gapiramiz, fikr almashamiz, bahslashamiz. Eng muhimi – “Mening Vatanim jahonda qanday o‘rinda, men bu jarayonda nima qila olaman?” degan savolga javob izlaymiz.
– Tayyormisizlar shunday fikrli suhbatga?
(O‘quvchilar: “Haa!”)
O‘qituvchi: Unda boshlaymiz – dunyoga o‘z nomini katta harflar bilan yozib qo‘yayotgan O‘ZBEKISTON haqida suhbatlashamiz!
Avvalo, ona Vatanimizni qay darajada bilamiz degan savolga javob topaylik. Kelinglar, shu mavzuda bir jumboq yechamiz.
Vizual kontent.
O‘zbekiston xaritasini qay darajada bilasiz? (jumboq)
Oʻzbekistonning xaritasi. Javoblaringizni tekshiring!
Demak, har biringiz O‘zbekistonimizni u yoki bu darajada bilasiz. Lekin bilimlaringizni muntazam to‘ldirib borishingiz kerak. Bu borada sizga tarix, geografiya, adabiyot, o‘zbek tili kabi darslar va albatta kitoblar yordam beradi. Ko‘proq kitob o‘qib turinglar.

Yaxshi bilasiz, bizning yurtimiz dunyo xaritasida kecha paydo bo‘lib qolgan davlat emas. Milodgacha va milodning o‘tgan 21 asrlik tarixida siz bilan biz yashayotgan mamlakatimiz hududida buyuk saltanatlar qurilgan, ularga ulug‘ shaxslar hukmronlik qilgan. Sharq bilan G‘arbni, Shimol bilan Janubni bir-biriga bog‘lovchi karvon yo‘llari yirik tamaddunlarni o‘zaro bog‘lovchi rolini bajargan. Shuning uchun bu o‘lkada ma’lumot va bilim ko‘p bo‘lgan, olim va kitob mo‘l edi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasining dadil ilgari surilishi mantiqli va oqil ishdir. Bu faqat ezgu orzu emas, balki real, amaliy sa’y-harakatlar bilan erishish mumkin bo‘lgan maqsaddir.
Mamlakatimizda ta’limga, fanlar rivojiga, innovatsion g‘oyalarga, ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektni faol qo‘llashga katta e’tibor ko‘rsatilayotgani sababi ham shu.
Ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirishga qodir Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar ochildi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilib, xorijdagi reytingi yuqori universitetlarga kirgan yoshlarning o‘qish va yashash xarajatlari qoplab berilyapti.
Yoshlarimiz ham katta natijalarga erishib, TOP universitetlarga kirishyapti, xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lishyapti va hokazo.
Yurtimizga dunyoda qiziqish ortganini yurtimizga kelayotgan turistlar oqimi ortganidan ham bilish mumkin. O‘tgan yili yurtimizga 10 million nafar sayyoh kelgan – bu tarixiy natija. Ushbu natijaga mamlakatimizning jahon miqyosida imijini oshirish va kelayotgan sayyohlar uchun sharoitlar yaratilgani bilan izohlash mumkin.
Shu bilan birga mamlakatimiz fuqarolarining xorijga ish, o‘qish va sayohat uchun chiqishi ham ko‘paydi. Instagramda va yutubda sayohat bo‘yicha o‘zbek tilidagi bloglar ko‘payganidan ham buni sezgandirsiz. Mamlakatimizdan chiqish va unga kirishda eng katta darvozalarimizdan biri – Toshkent xalqaro aeroporti ekanini bilasiz. Kelinglar, hozir shu haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent:
Toshkent xalqaro aeroportining aerovokzal kompleksi
ASOSIY QISM. (25 daqiqa)
O‘qituvchi:
Aziz o‘quvchilar. Ilgari dunyo bizni “Buyuk Ipak yo‘li”, “Samarqand”, “Amir Temur” orqali tanigan bo‘lsa, hozir butun dunyo Yangi O‘zbekiston haqida gapiryapti.
Bu yurt endi faqat boy tarixi bilan emas, balki yangi tashabbuslari, tinchlik va hamkorlik siyosati bilan ham tanilgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shunday so‘zlari bor:
“O‘zbekiston faqat tinchlik, hamkorlik va barqarorlik tarafdoridir.”
Bu gap shunchaki shior emas. Bu yangicha tashqi siyosatimizning asosiy yo‘nalishidir.
O‘zbekiston jahonning 150 dan ortiq mamlakati bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan. Toshkentda 50 ga yaqin chet el elchixonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda va xalqaro tashkilotlarda esa O‘zbekiston Respublikasining 59 ta diplomatik va konsullik vakolatxonalari mavjud. O‘zbekiston 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarning a’zosi bo‘lib, mamlakatimiz turli xil ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan o‘zaro sherikchilikni rivojlantiryapti.
Masalan, BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti) bilan hamkorlikda mamlakatimiz taklifi bilan bir qator muhim rezolyutsiyalar qabul qilindi:
• “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”,
• “Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar zonasi sifatida e’lon qilish”,
• “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va rivojlanish”,
• “Iqlim o‘zgarishiga qarshi hamkorlik”.
Shu tashabbuslar sabab dunyo O‘zbekistonni insonparvar, tinchliksevar davlat sifatida qabul qilmoqda.
O‘qituvchi:
Nima deb o‘ylaysiz, shunday tashabbuslar faqat diplomatlar uchunmi yoki oddiy fuqarolar uchun ham foydasi bormi?
(O‘quvchilar javob berishadi: “bu mamlakat imijini oshiradi”, “turizm, investitsiya keladi”, “xorijdagi fuqarolarimizga ishonch ortib boradi” va h.k.)
O‘qituvchi: To‘g‘ri. Har bir fuqaro o‘z yurtining elchisidir. Sizning odobingiz, nutqingiz, internetdagi munosabatingiz ham mamlakat haqida tasavvur hosil qilishga xizmat qiladi. Shuning uchun diplomatiya faqat elchixonada emas, hayotning har bir jabhasida kerak bo‘ladigan ko‘nikma.O‘zbekiston tashqi dunyo bilan – yaqin va uzoqdagi davlatlar bilan o‘zaro aloqaga kirishar ekan, birinchi navbatda, o‘zining milliy manfaatlari kelib chiqib harakat qiladi. O‘zbekistonning asosiy manfaatlari bular:
- mustaqilligi, tinchligi va xavfsizligini saqlash,
- o‘sha aloqalar mamlakatimizning xalqaro mavqeiga qanday hissa qo‘shishini inobatga olish,
- respublikamizning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy rivojiga ko‘rsatadigan ta’sirini nazarda tutish,
- aloqalarning milliy yuksalishimizga qo‘shishi mumkin bo‘lgan ijobiy hissasi.
Lekin bu degani ayni maqsadlarga boshqa mamlakatlar va xalqlarning xuddi shunday intilishlarini inkor etish evaziga erishiladi, degani ham emas, albatta. Shuning uchun ham hujjatlarda “o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosat” iborasi ishlatilmoqda. Demak, bizning tashqi siyosatimiz aloqaga kirishayotgan boshqa davlatlar va xalqlar ham bundan teng ulushda manfaat topishi, o‘zbekcha qilib aytganda, rozi bo‘lib gaplashishiga qaratilgandir.
O‘qituvchi: O‘zbekistonning tashqi siyosatda so‘nggi 8 yilda quyidagi tarixiy yutuqlarga erishdi.
1. Markaziy Osiyo bilan qo‘shnichilik va tinchlik – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan chegara masalalari hal etildi, savdo 5 baravar oshdi.
2. Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) ga a’zo bo‘ldik, bu bizning madaniy va iqtisodiy maydonimizga aylandi. O‘zbekiston bugun turkiy dunyodagi ilmiy va ta’lim markazlarini birlashtirayotgan yetakchi davlatlardan biri bo‘lmoqda.
3. BMT, SHHT, MDH, YXHT kabi tashkilotlarda faol ishtirok etyapmiz, bu nafaqat siyosiy nufuz, balki amalda investitsiyalar, ta’lim almashinuvi, texnologiyalar sohasida katta natijalar keltiryapti.
4. Uzoq xorij davlatlari (Yevropa, AQSH) bilan hamkorlik yangi darajaga chiqdi, ayniqsa, “yashil energiya”, “raqamli iqtisodiyot” yo‘nalishlarida.
5. Sharq mamlakatlari bilan aloqa – Xitoy, Koreya, Yaponiya va Arab davlatlari bilan iqtisodiy va madaniy sheriklik kuchaydi.

Qiyosiy uchun: masalan, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobar oshgan, eksport hajmi esa 40 foizga ko‘paygan. Bu degani, har bir yangi investor, har bir hamkorlik ortida yangi ish o‘rni, yangi imkoniyat, yaxshilangan turmush sifati bor.
Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda. BMT va “BMT oilasi”ga kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Interaktiv bo‘lim – “Men diplomat bo‘lsam...”
O‘qituvchi:
Agar siz diplomat bo‘lganingizda, O‘zbekistonni jahonga qanday tanitgan bo‘lar edingiz?
(O‘quvchilardan qisqacha javoblar olinadi: “madaniyatimiz bilan”, “fan orqali”, “sport bilan”, “texnologiya bilan” va h.k.)
O‘qituvchi: Mana, har biringizning javobingiz – dunyoga chiqishning bir yo‘li. Diplomat bo‘lish – faqat elchi bo‘lish emas. Bu – ona yurtni sevish va uni har joyda munosib namoyon qilish.
To‘g‘risi, XXI asrda eng kuchli “qurol” – bu so‘z va bilim. Kim so‘zni to‘g‘ri ishlatsa, bilim bilan fikr yuritsa – o‘sha g‘olib. Shuning uchun sizlar kelajakda nafaqat o‘qituvchi, muhandis, shifokor, balki – yurt elchisi, yurt g‘oyasini dunyoga olib chiquvchi insonlar bo‘lasiz.
O‘zbekistonda diplomatlarni tayyorlaydigan eng asosiy oliy ta’lim muassasaasi – bu Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidir. Hozir shu universitet haqida video tomosha qilamiz.
Vizual kontent
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga sayohat
O‘qituvchi:
Yodingizdami, o‘quv yilimiz boshida – Mustaqillikka bag‘ishlangan darsimizda aytgan, eslagan zamonamiz qahramonlari:
● shaxmatchilar Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov, Javohir va Islombek Sindorovlar, Gulruxbegim Tohirjonova;
● dzyudochi Diyora Keldiyorova,
● bokschi Hasanboy Do‘smatov va uning jamoadoshlari;
● futbol bo‘yicha o‘smirlar olimpiya terma jamoamiz Parij Olimpiadasiga chiqqani;
● kattalar terma jamoamiz esa 2026-yilda o‘tadigan Jahon chempionatiga chiqqani;
● matematika, mental matematika, kimyo, xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va boshqa fanlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro fan olimpiadalarida eng yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan yoshlarimiz...
Keling hozir shunday muvaffaqiyatli, O‘zbekiston nomini g‘olib sifatida jahonga tanitgan Diyora Keldiyorova bilan tayyorlangan videoni tomosha qilamiz.
Vizual kontent:
“Fransuzlar biz bilan suratga tushgan” – Diyora Keldiyorova
O‘qituvchi:
Har biringizda o‘z sohangizda yetuk mutaxassis, eng bilimdon, eng mohir va eng ilg‘or bo‘lish salohiyati bor. Eng muhimi – bunga ishonch bilan intilinglar!
Faqat bir talabni bajarsak bo‘ldi: tinimsiz o‘zimizni o‘stirishdan, qiziqqan sohamizga chuqur kirishdan, uning sir-sinoatlarini qunt bilan o‘zlashtirishdan, “men ham hech kimdan kam emasman!” deb belni mahkam bog‘lashdan erinmasak, bas.
Shu ish qo‘limizdan keladimi-yo‘qmi?
(Sinfdan “Keladi!” degan javob yangrashi ehtimoli yuqori.)
O‘qituvchi: Bugungi suhbatimizda ko‘rdikki, O‘zbekiston – jahonning obro‘-izzat qozonayotgan, tinchlik va hamkorlik siyosatini ilgari surayotgan rivojlanayotgan davlati. Bu yo‘lda Prezidentimiz har bir tashabbusi bilan xalq manfaatini himoya qiladi. Eng muhimi, har bir fuqaro bu siyosatning ishtirokchisi. Chunki Vatan imijini davlat emas, odamlar yaratadi.
Agar siz yaxshi o‘qisangiz, bu diplomatiyaning bir qismi. Agar siz internetda vataningizni himoya qilsangiz, bu ham diplomatiya. Agar siz yangilik yaratsangiz, bu ham elchilik. Demak, har biringizda diplomat bo‘lishingiz mumkin, buning birinchi belgisi – Vatanga muhabbat. Shuni unutmang, doimo ilm va tafakkur bilan aqlingizni boyiting.
3. YAKUNIY QISM (10 daqiqa)
O‘qituvchi:
Bugungi darsimizda ko‘p narsalarni muhokama qildik: O‘zbekiston dunyoda qanday ko‘rinishi, u nima bilan g‘ururlanishi haqida gaplashdik, vatanimizni rivojlantirishda har birimiz ishtirok eta olishimizni angladik.
Endi esa bir nechta savollarga javob berishingizni so‘rayman:
“Men bugungi darsdan nima oldim?”
Bitta gap bilan javob berish so‘raladi
“O‘zbekistonning jahondagi o‘rni qanday ekan?”
O‘quvchilardan javob olinadi.
“Men bu yurt uchun nima qila olaman?”
O‘quvchilarning javobi tinglanadi.
O‘qituvchi:
Nima deb o‘ylaysizlar, bugungi muloqotimizdan kelib chiqadigan xulosa, hafta hikmati sifatida qanday hikmatni, sitatani, ibratli misrani eslasak bo‘ladi? Menga qolsa, O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri, ustoz Erkin Vohidovning mashhur “O‘zbegim” qasidasidagi mana bu misralarni baralla kuylagan bo‘lardim:
Qayga borsang, boshda do‘ppi,
G‘oz yurarsan gerdayib,
Olam ichra dong‘i ketgan
O‘zbekiston, o‘zbegim!
E’tiboringiz, faol ishtirokingiz, jonkuyarligingiz, yurtsevarligingiz uchun katta rahmat, salomat bo‘linglar!