“Kelajak soati” 9-mavzu

“KELAJAK SOATI”

Oliy ta’lim muassasalari uchun 9-mavzu bo‘yicha dars mashg‘ulot

SSENARIYSI:

9-mavzu: “O‘zbekiston va jahon”

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

 

Annotatsiya: Talabalarni O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni, roli va ahamiyatini chuqur anglashga, mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlik yo‘nalishlari bilan tanishtirishga qaratilgan. Talabalarda milliy g‘urur va yurt sha’nini himoya qilish tuyg‘usini shakllantirish, ularni global jarayonlar, xalqaro hamkorlik va raqobatbardoshlik muhitida faol fuqarolar sifatida tayyorlash ko‘zda tutiladi.

Mavzu doirasida talabalar O‘zbekistonning tarixiy ildizlari, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, xalqaro tashkilotlardagi faoliyati hamda jahon mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarini o‘rganadilar. Shu orqali ular milliy taraqqiyot va xalqaro integratsiya o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni tushunib, zamonaviy dunyoda Vatan manfaatlarini munosib himoya qilishga intilishadi.

Aniq maqsadlar:

– talabalarga Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganining ahamiyatini tushuntirish;

– talabalarda jahon miqyosida Yangi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida keng tasavvur paydo qilish;

– talabalarga O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi sifatidagi o‘rni va ahamiyatini chuqur anglatish;

– Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi yanada ortishi sohasida mamlakatimiz Prezidenti olib borayotgan siyosatning ahamiyati haqida bilimlar berish va zarur ko‘nikmalarni shakllantirish.

 

Asosiy g‘oyalar: “O‘zbekiston va jahon” mavzusi yoshlarni zamonaviy dunyodagi global jarayonlar va mamlakatimizning ulardagi ishtirokini chuqur anglashga yo‘naltiradi. Asosiy g‘oya shundan iboratki, O‘zbekiston o‘zining boy tarixiy merosi, tabiiy boyliklari, mehnatkash va iqtidorli xalqi bilan jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashga intilmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz xalqaro miqyosda siyosiy barqarorlik, iqtisodiy islohotlar, madaniy aloqalar va ilm-fan sohasida yuksak natijalarga erishdi.

Talabalar milliy manfaatlarni xalqaro maydonda ilgari surish, boshqa davlatlar bilan o‘zaro hurmat va manfaatdorlik asosidagi hamkorlikni rivojlantirish, milliy qadriyatlarni dunyoga targ‘ib qilish zarurligini anglaydilar. Shuningdek, ularning ongida Vatan ravnaqi va xalq farovonligi jahon hamjamiyati bilan hamnafas rivojlanish, tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga chambarchas bog‘liqligi haqidagi tushunchalar shakllanadi.

 

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

1.   Aqliy va tushunchaviy darajada:

O‘zbekistonning keyingi yillarda jahon miqyosida nufuzi ortib borayotgani dalillar va misollar asosida tushuntiriladi;

Prezidentimizning xalqaro maydonda Vatanimiz nufuzini yanada orttirish yo‘lida olib borayotgan siyosati haqida bilimlar beriladi;

Talabalar O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni, roli va strategik ahamiyati haqida keng qamrovli tasavvurga ega bo‘ladilar. Ular mamlakatimizning siyosiy barqarorligi, iqtisodiy islohotlari, madaniy merosini dunyoga tanitish jarayonlari, xalqaro tashkilotlardagi faoliyati hamda ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik shakllari haqida chuqur bilim oladilar. Global siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarning mohiyatini tahlil qilish, milliy taraqqiyotning xalqaro maydon bilan uzviy bog‘liqligini tushunish va baholash qobiliyatiga ega bo‘ladilar.

2.   Hissiy va qadriy yondashuvda:

Yangi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarning qadrini va ahamiyatini anglatishga doir bilimlar hosil qilinadi;

Talabalarda Vatanga sadoqat, milliy g‘urur, o‘z xalqining tarixiy merosiga hurmat va xalqaro miqyosda O‘zbekiston obro‘sini yuksaltirish istagi yanada mustahkamlanadi. Ular tinchlik, o‘zaro hurmat va hamkorlik qadriyatlarini qabul qilib, dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli hamkorlik qilish g‘oyasiga ijobiy qarash hosil qiladilar. Jahon miqyosida bo‘layotgan o‘zgarishlarga daxldorlik hissi, Vatan sha’nini himoya qilishga tayyorlik va milliy manfaatlarni ustuvor qo‘yish yuksak qadriyat sifatida shakllanadi.

3.   Amaliy ko‘nikmalarda:

Mamlakatimizning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi haqida bilimlar hosil qilinadi

Talabalar xalqaro yangiliklarni tahlil qilish, manbalarni izlab topish, ularni solishtirish va milliy manfaat nuqtayi nazaridan baholash ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar. Ular xalqaro loyiha va dasturlarda ishtirok etish, xorijiy sheriklar bilan samarali muloqot qilish, diplomatik madaniyat va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘z g‘oyalarini yetkazish qobiliyatlarini rivojlantiradilar. Shuningdek, global iqtisodiy, ilmiy va madaniy jarayonlarda O‘zbekistonning imkoniyatlarini ko‘rsata olish, hamkorlik loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalda qo‘llash malakasi ortadi.

4.   Ijtimoiy-pedagogik jihatdan:

Talabalar o‘zini jamiyatning faol, mas’uliyatli, ongli va vatanparvar a’zosi sifatida his etadilar. Ular hamjihatlik, bag‘rikenglik, madaniyatlararo muloqot, o‘zaro hurmat tamoyillariga amal qilishni o‘rganadilar. Muloqot va jamoada ishlash ko‘nikmalari rivojlanib, ijtimoiy masalalarda faol pozitsiya egallash, tashabbus ko‘rsatish va yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishga intilish kuchayadi. Talabalarda fuqarolik mas’uliyati, milliy birlik va jahon hamjamiyati bilan hamnafas rivojlanish g‘oyalari chuqur singadi.

Bu boradagi islohotlarga daxldorlik, Vatan va millat taqdiri uchun javobgarlik, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilish ko‘nikmasi shakllantiriladi, mavzu bo‘yicha zarur bilim hamda ko‘nikmalar hosil qilinadi.

 

Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir. Talabalarda turli fanlar kesimida bilimlarni uyg‘unlashtirish va amaliy hayotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Masalan, talabalar O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham tushunib, turli sohalar kesimida milliy manfaatlarni global kontekstda ilgari surish bo‘yicha kompetensiyalarni rivojlantiradilar.

Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti. www.milliytarbiya.uz

Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

Materiallar to‘plami:

-       ssenariy;

-       uslubiy tavsiyalar;

-       videomateriallar;

-       interaktiv topshiriqlar;

-       taqdimot.

Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion

Darsning maqsadi – Dars jarayonida nafaqat O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini o‘rganamiz, balki o‘zimizning ham bu jarayondagi ahamiyatimizni his qilamiz. Har birimiz bilamizki, Vatan – bu faqatgina xaritadagi hudud emas, u bizning tariximiz, madaniyatimiz, orzu-intilishlarimiz va kelajagimizdir. Axborot texnologiyalari, global iqtisodiy munosabatlar, xalqaro hamkorlik – bularning barchasi O‘zbekistonni ham yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Sizning har bir g‘oyangiz, har bir tashabbusingiz, har bir kichik mehnatingiz O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘sini yuksaltirishga xizmat qiladi. Dunyo bilan tenglashish, hatto ba’zi sohalarda yetakchilik qilish – bu faqat davlat siyosati emas, balki har bir fuqaroning, jumladan, sizning ham burchingizdir.

2-qism. Asosiy

Asosiy qismda talabalar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda talabalarga videolarni ko‘rish va tahlil qilishga, bilishga qaratilgan savollar taklif etiladi.

3-qism. Yakuniy

Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.

 

Dars ssenariysi

Dars boshlanishidan oldin sinf xonalari dunyo xaritasi, globus, O‘zbekiston bayrog‘i bilan bezaladi.

1 qism. Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi

O‘qituvchi:

Aziz talabalar! Vatanimiz mustaqilligiga bag‘ishlangan 1-darsda dunyoda nechta til, qancha millat va elat borligini, ulardan nechtasi o‘z istiqloliga erishgani haqida bildirilgan ma’lumotlar esingizdami?

Talabalarning javobi:

O‘qituvchi: O‘sha darsda keltirilgan misolni yana bir eslaymiz: jahonda 7 mingga yaqin tilda gaplashadigan, 2 mingdan ortiqroq xalqlar, millat va elatlar yashaydi. Ulardan bor-yo‘g‘i 250 dan ortiqrog‘ining o‘z davlati bor xolos. To‘g‘ri. Bu har 8 ta xalqdan bittasigina o‘z davlatiga ega, deganidir.

Bu necha foizni tashkil qiladi?!

Talabalar javobi: (12.5 foiz)

Mustaqil mamlakatlar orasida aholisi 1.5 milliardlik Xitoy va Hindiston ham, bor-yo‘g‘i 500 ming fuqarosi bo‘lgan Bosniya va Gersegovina ham, hududi jihatidan nihoyatda katta Rossiya, AQSh, Kanada ham, kichik va bittagina shahardan iborat Monako, Andorra, Singapur, Vatikan (Rim shahrining bir bo‘lagi) kabi mitti davlatlar ham bor. Ularning har biri xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti, BMTning boshqalar bilan teng a’zosi sifatida e’tirof qilingan.

Aziz talabalar, o‘z davlatiga ega bo‘lgan 250 dan ortiq xalqlar orasida bizning xalqimiz ham borligi, mamlakatimizning 1992-yildan buyon BMTga a’zoligi barchamiz uchun ulkan yutuq, katta baxt, albatta.

Hozir O‘zbekiston a’zo bo’lga xalqaro tashkilotlarni logotiplari orqali taniysizmi-yo‘qmi, tekshiramiz. Bu sizga siyosiy bilimlaringizni yodga olishga yordam beradi.

Vizual kontent

O’zbekiston a’zo boʻlgan xalqaro tashkilotlar nomini toping! (Jumboq)

Endi javoblarni tekshiramiz

 

O‘qituvchi: Aziz talabalar, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi bilan bog‘liq masalalarning mazmun-mohiyatini yana bir bor chuqur tushunib olishingizni istayman.

Talabalardan biriga murojaat qiladi: Qani, siz ayting-chi, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini qanday tushunasiz?

Talabalar javobi.

O‘qituvchi: Sizlarning gapingizda jon bor. Dunyo mamlakatlari bilan teng va o‘zaro manfaatlar asosida munosabatlar o‘rnatish, mustahkam xavfsizlik, barqaror taraqqiyot uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi turmush darajasini ko‘tarish, konstitutsion tuzum asoslarini mustahkamlash, millatlar ahilligini, xalqlar do‘stligini ta’minlash, fuqarolar erkinliklari va haq-huquqlarini muhofaza qilish respublikamiz tashqi siyosatining asosiy maqsadlari hisoblanadi.

O‘zbekistonning jahondagi obro‘-e’tibori yuksalib borayotgani, eng avvalo, quyidagilarda namoyon bo‘lmoqda:

  “Inson – jamiyat – davlat” degan tamoyilga asoslangan islohotlarining ijobiy natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotgani;

– davlatimizning butun dunyoda, ayniqsa mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarida;

– har tomonlama puxta ishlangan “ko‘p vektorli” tashqi siyosatda.

O‘tgan yillarda ana shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish jarayonida jahon hamjamiyati bilan aloqalarni samarali yo‘lga qo‘yish uchun tashqi siyosiy faoliyatning milliy mexanizmlari yaratildi.

 

O‘qituvchi: Aziz talabalar, Mustaqillik yillarida ayniqsa, keyingi o‘n yillikda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish jarayoni qanday ta’minlangani haqida kengroq gaplashaylik:

Ushbu jarayon tadriji quyidagilardan iborat:

1.   O‘zbekiston Respublikasi 1991-yilda istiqlolga erishgandan so‘ng, xalqaro munosabatlar tizimida o‘z o‘rni va nufuzini belgilash borasida faol tashqi siyosati olib bora boshladi. Bu davrda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qoʻyish dolzarb vazifaga aylandi. Xalqaro hamkorlik esa dunyo davlatlari hamda turli xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro teng huquqli va manfaatli hamkorlikni talab etadi.

2.   Mamlakatimiz mustaqillikning birinchi yillaridan nufuzli xalqaro va moliyaviy tashkilotlarga a’zo bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini dunyo tan oldi va ko‘plab mamlakatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatildi.

3.    O‘zbekiston Respublikasi 1992-yil 2-martdan buyon BMTning, ko‘plab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xalqaro moliyaviy va iqtisodiy tuzilmalarning a’zosidir. Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) va uning ixtisoslashgan muassasalari YUNISEF, YUNESKO, butun jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (BSST), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YHHT), shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO), Yevropa ittifoqi (YI), iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (ESO), mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH), Shanxay hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli tuzilmalar shular jumlasidandir. 

Bularning barchasi “Ona – Vatan”, “Istiqlol”,  “Mustaqil davlat”, “Mustaqil tashqi siyosat” degan iboralar oddiy so‘zlar emas, balki har birimiz uchun  eng katta yutuqlarimiz asosi, eng buyuk boyligimiz, deb bilishimiz, qadriga yetishimiz shart. Ularni asrash, himoya qilish va yanada mustahkamlash har birimizning burchimizdir.

2 qism. Prezidentimizning xalqaro maydonda Vatanimizning nufuzini yanada orttirish sohasida olib borayotgan siyosati

O‘qituvchi: Aziz talabalar, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq jarayon bevosita muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oqilona siyosati samarasidir.

Hozir hurmatli Prezidentimizning shu yo‘ldagi sa’y-harakatlari haqida videorolik tomosha qilamiz.

Vizual kontent

Prezident jahon minbarlarida

 

O‘zbekiston Respublikasining bugungi kunda xalqaro maydonda olib borayotgan ko‘p tomonlama munosabatlarining tayanch paradigmalari va ustuvor tamoyillari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72- sessiyasidagi nutqida belgilab berilgan va mamlakatimiz ularga og‘ishmay amal qilib kelmoqda.

Darhaqiqat, ushbu hujjatga tayanib fikr yuritadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasining istiqlol yillaridagi taraqqiyoti va bugungi rivojlanish davrining eng muhim xususiyatlaridan biri, mamlakatimizning jahon hamjamiyati, uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatib, o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan  tashqi siyosat olib borayotganidir.

 Prezidentimizning nutqida mamlakatimizning bu boradagi siyosatining ustuvor tamoyillari quyidagicha ifodalanadi: “O‘zbekiston hech qanday blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolgan holda, ochiq muloqotga tayyordir. Biz barcha sheriklarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo‘lida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.”

Ushbu tayanch fikrga asoslanadigan bo‘lsak, bugungi O‘zbekistonning tashqi siyosatida, unga mos ravishda, quyidagi muhim tamoyillar asos qilib olinganini ta’kidlash lozim:

  milliy manfaatlar ustuvorligini saqlagan holda, boshqa davlatlar bilan o‘zaro tenglik asosida manfaatli hamkorlik qilish;

  xalqaro maydonda tinchlik va xavfsizlik, turli mamlakatlardagi ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori bo‘lish;

– hech qanday harbiy bloklarga kirmaslik, shuningdek, munozarali muammolarni kuch orqali, tahdid qilish yo‘li bilan hal qilishdan tiyilish;

– tashqi siyosatning boshqa davlatlarning ichki ishiga aralashmaslik, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan holda amalga oshirilishi;

– ichki davlat me’yorlariga nisbatan xalqaro huquq me’yorlarining ustuvorligini tan olish va barcha xalqaro huquq normalari va umuminsoniy andozalarga rioya qilish;

– uzoq va yaqin mamlakatlar bilan o‘zaro ishonch asosida, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tashqi aloqalarni o‘rnatish va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilish.

Bu tamoyillar davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, hududlar va chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalariga tayanadi.

 

3 qism. Yangi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar

O‘qituvchi: Aziz talabalar, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish yo‘lida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan qanday tashabbuslarni bilasiz?

O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72, 75, 76 va 78-sessiyalarida, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘ladilar. Nutqlarida Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishini, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, ta’lim, ma’naviyat, ekologiya, turizm, inson huquqlarini himoya qilish va boshqa sohalarni qamrab oluvchi 40 dan ortiq tashabbuslarni ilgari surdi.

BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan quyidagi Rezolyutsiyalarni qabul qildi:

– Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash

– Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi sifatida e’lon qilish;

– Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik;

– Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish;

– Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash;

– Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish.

Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda. BMT va “BMT oilasi”ga kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan bugungi kunda BMTning kun tartibiga quyidagi masalalar kiritildi:

-              BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan samarali hamkorlik o‘rnatish maqsadida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish va uning doirasida “Markaziy Osiyo yoshlarining kun tartibi – 2030” dasturini ishlab chiqish;

-              “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikda ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarini muhokama qilish va tajriba almashish uchun O‘zbekistonda jahon xotin-qizlari forumini o‘tkazish;

-              BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish hamda mintaqamizda qabul qilingan Yashil taraqqiyot dasturi doirasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni joriy etish;

-              BMT Bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbus doirasida BMT shafeligidagi “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butun jahon konferensiyasini o‘tkazish;

-              BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: umumiy farovonlik yo‘lida hamjihatlik” rezolyutsiyasini qabul qilish.

Albatta, bular mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq jarayonlarning yanada samarali bo‘lishiga xizmat qilayotgani shubhasiz.

4 qism. O‘zbekiston  Markaziy Osiyoning yuragi

O‘qituvchi: Aziz talabalar, O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning yuragi” degan iborani siz qanday tushunasiz?

Talabalar javob beradi.

O‘qituvchi: Ma’lumki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazida, dunyoni boshqa qit’alar bilan bog‘laydigan yo‘llar tutashgan, ko‘plab mamlakatlarning manfaatlari kesishadigan “mintaqa chorrahasi”da joylashgan. Shu ma’noda, “O‘zbekiston – Markaziy Osiyoning yuragi” degan tavsif bejiz shakllanmagan. Ayni shu holat tufayli mamlakatimiz tashqi siyosatida va xalqaro munosabatlarda nihoyatda muhim o‘rinni egallaydi.

Shuning uchun ham, O‘zbekiston tashqi siyosatining yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va uning barqarorligiga tahdid solayotgan holatlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi qat’iy kurash olib borishdan iborat.

Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlanganidek: “O‘zbekiston bugungi kunda o‘zining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Bu – har tomonlama chuqur o‘ylab tanlangan yo‘ldir. Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O‘zbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylanishidan bevosita manfaatdordir. Tinch-osoyishta, iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan Markaziy Osiyo – biz intiladigan eng muhim maqsad va asosiy vazifadir” degan fikr bejiz emas.

Mintaqamiz davlatlari bilan ochiq, o‘zaro manfaatli va yaqin hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlash tashqi siyosatimizning eng asosiy ustuvor yo‘nalishidir. Mushtarak siyosiy irodamiz va birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida mintaqamiz puxta qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik hamda barqaror rivojlanish makoniga aylanib bormoqda.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishdik. Bu amaliy jihatdan yangi mazmunga ega bo‘lgan vazifalarni hal etishga, ya’ni dunyoning boshqa mintaqalari bilan yanada yaqin aloqalar o‘rnatishga imkon beradi.

Mintaqamizda yangi siyosiy muhitning shakllanishida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida iqtisodiyotning turli tarmoqlari bo‘yicha hamkorlikning kengayishi mintaqa yalpi ichki mahsulotini yaqin 10 yilda kamida ikki barobar oshirish imkonini beradi. Aynan shuning uchun ham mintaqadagi hamkorlikni mustahkamlash barcha mamlakatlar ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim omildir.

Ayniqsa, keyingi yillarda bo‘lib o‘tgan qator dolzarb muammolarning amaliy yechimini topish, yangi shartnoma va kelishuvlarni imzolash imkonini bergan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuv va muzokaralari prinsipial jihatdan yangi formatdagi hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘ldi.

Oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo aylanmasi hajmi salkam 2 barobar o‘sdi. 2016-yilgacha O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yillik tovar aylanmasi hajmi o‘rtacha 2-2.5 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakuni bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 3 barobar ko‘paydi. Tovar aylanmasi Qirg‘iziston bilan 8-barobar, Tojikiston va Turkmaniston bilan 5 barobar, Qozog‘iston bilan esa 3 milliard dollarga o‘sdi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarini bog‘lab turgan eng muhim transport yo‘llari qayta tiklandi va modernizatsiya qilindi, yangi yer usti va havo yo‘llari ochildi. Joriy qilingan o‘zaro chegirmalar natijasida yuk tashish, avvalo, tranzit hajmi ortib bormoqda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ahillikda, bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda oldida turgan muammolarni samarali hal qila olishiga, mintaqaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga va mintaqa xalqlari farovonligini yuksaltirishga erishish mumkin, deb hisoblaydi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida ko‘p yillardan buyon yig‘ilib qolgan barcha muammolar suv resurslaridan oqilona foydalanishdan tortib, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlaridan o‘tish va chegara oldi hududlarida savdoni rivojlantirish kabi juda murakkab masalalarga yechim topish uchun mutlaqo yangi, konstruktiv siyosiy muhit va qulay sharoitlar yaratildi.

Endi esa aeroportimizga yo‘l olamiz. Aeroport, bilasizki, mamlakatning ostonasi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz ostonalarini yangilash va jahon darajasiga olib chiqish yo‘lida ko‘p ishlar qilinmoqda. Samarqandda yangi xalqaro aeroport qurib foydalanishga topshirildi. Andijon aeroporti ham rekonstruksiya qilinib, zamonaviylashtirildi. Yaqinda Prezidentimiz Toshkent biqinida yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun ajratilgan yerni borib ko‘rdi. Yangi aeroport qurilishi ehtiyoji ham aslida xalqaro munosabatlarimizning jadallashgani va yaxshilangani bilan bog‘liq. Yangi qurilishi rejalashtirilayotgan Toshkent xalqaro aeroporti Yangi O‘zbekistonning “tillo ostonasi” bo‘lishi shubhasiz.

Hozir biz esa Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan tayyorlangan videolavhani tomosha qilamiz.

 

Vizual kontent

Toshkent xalqaro aeroportining aerovokzal kompleksi

 

Umuman olganda, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli muloqot, barcha tomonlarning manfaatlarini inobatga olish va oqilona murosa asosida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlikni, Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasida birgalikdagi sa’y-harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Hamkorlikda amalga oshirilayotgan barcha sa’y-harakatlar, loyiha va dasturlar, hech shubhasiz, o‘zaro ishonch va hurmat muhitini mustahkamlab, Markaziy Osiyo xalqlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda va qardoshlarimizning manfaatlariga to‘liq javob beradigan bunday mintaqaviy hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

 

5 qism. Dars yakuni, savol-javoblar va xulosalar

Keyingi o‘n daqiqada mavzu va yuqorida bayon etilgan fikrlar talabalar bilan mohokama qilinadi. Muhokamada quyidagi masalalarga alohida e‘tibor qaratilishi lozim:

-  Prezidentimizning xalqaro maydonda Vatanimizning nufuzini yanada orttirish sohasida olib borayotgan siyosati.

-  Yangi O‘zbekiston tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslar.

-  Mamlakatimizning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorligi.

 

Xulosalovchi 5 daqiqa:

O‘qituvchi: Aziz talabalar! Bugungi darsimizdan Siz o‘zingiz uchun qanday xulosalar chiqardingiz?

Yurtimizning jahon maydonidagi o‘rni – har birimizning jahondagi o‘rnimiz degani. Biz esa eng yuqori o‘rinlarga munosibmiz.

Aynan shuni anglash va bu borada qo‘lingizdan kelgan ishni qilish – birinchi vazifa.

Ikkinchi vazifa esa, qalbingizda vatanparvarlik fazilatini hosil qilishingiz kerak. Bu – Vatanni sevish, asrash, uning nufuzini saqlash va yanada yuksakka ko‘tarish  uchun harakat qilish, demakdir.

Uchinchi vazifa – fidoyilik va mas’uliyat tuyg‘usini kuchaytirish, ya’ni bu – xalqimiz uchun, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yanada yuksakka ko‘tarish uchun foyda keltiradigan ishlarni qila bilishdir.

 Siz butun jahonda eng ilg‘or davlatlardan biri bo‘ladigan Yangi O‘zbekistonning nufuzini baland ko‘tara oladigan talabalarsiz!

Aziz talabalar, bugungi mashg‘ulot davomida biz O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni, xalqaro hamkorlikdagi faoliyati va global jarayonlardagi ishtirokini keng yoritdik. Shu orqali angladikki, mamlakatimiz taraqqiyoti faqat ichki islohotlar bilan emas, balki xalqaro maydonda olib borilayotgan o‘zaro manfaatli aloqalar bilan ham chambarchas bog‘liqdir. Bugungi kunda O‘zbekiston dunyo sahnasida ishonchli va faol hamkor sifatida tan olingan bo‘lsa – bu  xalqimizning fidokorona mehnati, davlatimizning oqilona siyosati va yosh avlodning yuksak salohiyati samarasidir.

Shu o‘rinda mamlakatimiz bayrog‘ini xalqaro madonlarda baland ko‘tarayotgan yoshlardan biri – dzyudo bo‘yicha olimpia chempioni Diyora Keldiyorovaning so‘zlariga quloq tutaylik.

Vizual kontent:

“Fransuzlar biz bilan suratga tushgan” – Diyora Keldiyorova

 

Sizlar ham yangi yutuqlar yaratuvchilari va O‘zbekiston nomini yanada yuksaklarga ko‘taradigan avlodsiz. Shuning uchun o‘z ustingizda tinimsiz ishlang, zamon talablari darajasida bilim oling, dunyodagi o‘zgarishlarni tahlil qiling va ulardan Vatan manfaatlari yo‘lida foydalana biling.

Unutmang, xalqaro maydonda munosib o‘rin egallash – bu nafaqat davlat rahbariyati va siyosatchilarning vazifasi, balki har bir fuqaroning, shu jumladan, sizlarning ham burchingizdir. O‘zbekiston va jahon – bu ajralmas tushuncha, va yurtimizning kelajagi sizning bilim, intilish va fidoyiligingizga bevosita bog‘liq. Bugungi mehnatingiz – ertangi kunimizning kafolatidir.

E’tiboringiz uchun rahmat!