“Kelajak soati” 1-mavzu

 

“Kelajak soati” darsining 5-8 sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:

1-mavzu: “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” 

Dars maqsadi: Umumiy maqsad:

Annotatsiya: “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” g‘oyasi (shiori), 1-sentabr Davlat mustaqilligi kuni, Yangi O‘zbekiston islohotlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida Vatan, millat va xalq haqidagi dastlabki ijtimoiy-ma’naviy tasavvurlarni shakllantirish, o‘z oilasi, maktabi va mahallasi orqali Vatanga muhabbat, elga hurmat, xalqga foydali bo‘lish hissini uyg‘otish. Prezident Shavkat Mirziyoyevning vatan, millat va xalq haqidagi fikrlarini bola tilida tushuntirish.


🎯 Aniq maqsadlar:

Oʻquvchilarga milliy mustaqillikning ahamiyatini tushuntirish;

Oʻquvchilarda xalqimizning mustamlakalik yillaridagi hayoti haqida tasavvur paydo qilish;

Oʻquvchilarga mustaqillikning mohiyatini, qadrini uqtirish; 

Mustaqillikni mustahkamlash uchun mamlakatimiz Prezidenti olib borayotgan siyosatning ahamiyati haqida bilimlar berish va zarur koʻnikmalarni shakllantirish.

Darsdan keyin kutiladigan natijalar:

- oʻquvchilar mustamlaka va mustaqillik farqini anglaydi;

mustaqillikning qadrini tushunadi;

mustaqillikni kundalik amaliy ishlar, fidoyilik, masʼuliyat bilan mustahkamlash zaruratini uqib oladi;

Prezidentimizning Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlidagi xalqparvar siyosati toʻgʻrisida maʼlumot va bilimlar oladi; 

- islohotlarga daxldorlik, Vatan va millat taqdiri uchun javobgarlik, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilish koʻnikmasi shakllanadi.


🧠 Metapredmet: bu taʼlimda o‘quvchilarning faqat bir fan doirasida emas, turli fanlar, hayotiy vaziyatlar va ijtimoiy muhitda qo‘llay oladigan umumiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir.

Masalan, “Vatan uchun, xalq uchun, millat uchun” darsida:

  • Bola Vatan haqida qo‘shiq va maqol aytadi (adabiyot fani),
  • Film tomosha qilib, taassurotini aytadi (san’at),
  • So‘ngra bu harakatlar haqida fikr bildiradi (muloqot),
    — bu esa metapredmet yondashuvining namunasidir.

🎒 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti xodimlari. www.milliytarbiya.uz

🗣 Dars davomiyligi: 45 daqiqa.

🧑🏫Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, zamona qahramoni yoki mashhur kishilar intervyulari, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.

🧩Materiallar to‘plami:

-     ssenariy;

-     uslubiy tavsiyalar;

-     videomateriallar;

-     interaktiv topshiriqlar;

-     taqdimot.

🧩 Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion

Darsning birinchi qismining maqsadi – o‘quvchilarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining kelgusi faoliyatiga bo‘lgan motivatsiya mashg‘ulot mavzusini aks ettiruvchi materialni ko‘rish va muhokama qilishga asoslanadi.

 

2-qism. Asosiy

Asosiy qismda o‘quvchilar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda o‘quvchilarga tasviriy materialni tahlil qilish, videolarni ko‘rish va bilishga qaratilgan savollar taklif etiladi.

3-qism. Yakuniy

Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.  

Dars ssenariysi


 Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).

🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)

Oʻqituvchi: Aziz oʻquvchilar! Hammamiz oʻz uylarimizda yashaymiz. Uyimizda ota-onamiz bor, ular bizga mehr beradi, bizni avaylab-asraydilar. Biz oʻz uyimizda tinch, erkin, xursand yashaymiz. Endi bir tasavvur qilib koʻraylik: bir kuni uyimizga begona odamlar soʻramasdan kirib kelib, “Endi bu uy bizniki. Biz sizlarga xoʻjayinmiz. Bundan keyin sizlar biz aytgandek yashaysiz, biz nima desak, shuni qilasiz”, deyishsa, siz qanday ahvolga tushasiz?

Mana shu holat, yaʼni birovning yurtini zoʻrlik bilan bosib olish  mustamlakalik deganidir. Bir davlat boshqa bir davlatni bosib olib, u yerda yashaydigan odamlarga oʻz qonunlarini, oʻz tilini, oʻz urf-odatini majburan oʻrgatadi. Bechora xalq oʻzini erkin his qilmaydi. Doim azobda, qiynalib, xoʻrlanib yashaydi. Mustamlakachilar sizga oʻz tilingizda gapirishga, oʻz bayramlaringizni nishonlashga ruxsat berishmaydi. 

Bizning Oʻzbekistonimiz ham bir paytlar ana shunday mustamlaka boʻlgan. Oʻsha paytlarda oʻzbek tili, milliy qadriyatlarimiz, bayramlarimiz taqiqlandi. Xalqimiz oʻz yeriga, oʻz uyiga, oʻzining boyliklariga ega emas edi. Qani aytinglarchi, shunday xalqni baxtli, desa boʻladimi?

Oʻquvchilar: Yoʻ-oʻ-q.

Oʻqituvchi: Shuning uchun ota-bobolarimiz qadim-qadimdan oʻz yurtini dushmanlardan, bosqinchilardan himoya qilish uchun kurashganlar. Bugun Oʻzbekitonimiz mustaqil davlat!

Qani, aytinglarchi, “Mustaqillik nima? Bu soʻzni sizlar qanday tushunasiz?”

(3-4 nafar oʻquvchi oʻz fikrlarini aytishadi).

Oʻqituvchi:  Javoblar juda yaxshi. Biri-birini toʻldirdi. Rahmat.

Mustaqillik – bu oʻz yurtimizda oʻzimiz xoʻjayin boʻlishimiz. Oʻzimiz xohlagandek yashashimiz. Oʻz tilimizda bemalol gaplashishimiz. Qonunlarimizni oʻzimiz ishlab chiqishimiz. Milliy bayramlarimizda zavq bilan, yayrab, oʻzimizning chiroyli urf-odatlarimizni erkin amalga oshirishimiz ekan. Mustaqillikning yana bir nomi Istiqloldir!

 

Mustaqillik ne demak,

Ne demakdir istiqlol?

Buni bilmog‘ing kerak,

Ma’nosini dilga sol.

 

O‘z yurting – yer, samosi.

Shahri gulshan ma’vosi.

Tongda esgan sabosi,

Tog‘i, bog‘i, daryosi

Endi o‘z mol-u mulking,

O‘z qo‘lingda o‘z erking.

Yurting nurga belanib

Ko‘ringaydir ko‘zingga,

Barcha oltin-gavharing

Buyursin-a o‘zingga.

 

Endi o‘zingga bog‘liq,

Ne ekib, ne o‘rmog‘ing.

Olqishlar seni borliq,

Zarur erur bilmog‘ing.

 

G‘ururing solib dilga,

Tezroq ulg‘ay, top kamol.

Erka farzandsan elga

Senikidir istiqbol.

Jumaniyoz Jabborov

 

Oʻzbekiston 1991-yil 31-avgust kuni oʻzining mustaqilligini  eʼlon qildi. 1-sentyabr – Mustaqillik bayrami kuni deb nishonlana boshlanadi. Oʻzbek tilimiz – Davlat tili boʻldi. Endi biz oʻz davlatimizga egamiz. Oʻz ixtiyori oʻzida boʻlgan xalqmiz.

Shuning uchun har yili 1-sentabrni mustaqillik bayramini katta tantanalar bilan nishonlaymiz. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev barchamizni Mustaqillik bayrami bilan tabriklaydilar. Kuni kecha Yangi Oʻzbekiston bogʻida boʻlib oʻtgan Mustaqillik bayramini koʻrdingizmi? Mushaklar otilganini mazza qilib tomosha qildingizmi? Prezidentimiz tabrigini eshitdingizmi? Prezidentimiz aytganlaridek, Mustaqillik – eng buyuk boyligimiz, uning qadriga yetishimiz shart.

Keling hozir biragalikda Mustaqillik bayrami boʻlib oʻtgan Yangi Oʻzbekiston bogʻiga ekran orqali sayohat qilamiz.

Yangi Oʻzbekiston bogʻi haqidagi 4 daqiqalik videolavha namoyish etiladi. Videolavhada nimalar koʻrsatilgani va nimalar yoqqani haqida bolalardan soʻraladi. 3 daqiqa.

 

Oʻqituvchi: Bolajonlar, Yangi Oʻzbekiston bogʻi sizga yoqdimi? Ana shu bogʻning oʻrtasida “Mustaqillik monumenti” degan joy bor. U yerdan davlatimiz tarixi, buyuk bobolarimiz haqida juda koʻp maʼlumotlar o‘rin olgan.

Hozir sizga bir videolavha koʻrsataman, unda xalqimizning buyuk farzandlarining qiyofasi aks etgan. Lavhani diqqat bilan tomosha qilib, ajdodlarimiz ismini birma bir aytamiz.

Sunʼiy intellekt yordamida Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi ajdodlarimiz siymosi ifodalangan 1 daqiqalik videolavha namoyish etiladi. Lavha davomida ekranda koʻringan qahramonlar ismini oʻquvchilar aytib boradi. Undan keyin xuddi shu lavhaning qahramonlar ismi yozilgan varianti oʻquvchilarga qoʻyib beriladi. Oʻquvchilar ismini topolmagan ajdodlarimiz nomini ikkinchi videolavha orqali bilib oladilar. Videolavha ortida “Kim yurtidan yovni quvsa, mendirman oʻsha” qoʻshigʻi yangrab turadi.

 

Oʻqituvchi: Barakalla, bolajonlar, koʻplab buyuk ajdodlarimizni yaxshi tanir ekansiz. Hammalarini doim esda tuting. Chunki ular yurtimiz mustaqilligi uchun, vatanimiz gullab-yashnashi uchun jonlarini ayamaganlar.

ASOSIY QISM. Mustaqillikning qadrini tushuntirish. (25 daqiqa)

Oʻqituvchi: Biz har bir tinch-osuda oʻtgan kunimizni, maktabimizni qadriga yetishimiz kerak. Chunki yaqin yillarda ham sentabr oyida siz kabi oʻquvchilar bugungidek sinfxonalarda emas, paxta dalalarida umr oʻtkazganlar. Ularning boshidan samolyotlar zahar sochib ketgan. Minglab bolalar kasal boʻlib qolganlar. Bu gaplar sizga ertakday tuyulishi mumkin. Lekin bularning hammasi yuz yillar davomida takrorlanib kelgan. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mana shunday yomon ishlarni toʻxtatdi. Keling bu haqida Oʻzbekiston xalq artisti, sevimli aktrisamiz Dilorom Karimovaning gaplarini tinglab tomosha qilamiz.

Yangi Oʻzbekiston bogʻida Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova mustaqillik haqida, paxta zahmatlari, bolalarning dalalarda oʻtgan umri haqida, bu fojialarga hurmatli Prezidentimiz chek qoʻygani haqida gapirib bergan  videolavha namoyish etiladi. 3 daqiqa.

 

Oʻqituvchi: Dilorom opaning xotiralarini eshitdingiz, qani kimda qanday fikr tugʻildi. Biz bugungi kunlarni qadriga yetishimiz uchun nimalar qilishimiz kerak?

Oʻquvchilar javobi.

Oʻqituvchi: Toʻgʻri aytdingiz, mustaqillikni, bugungi kunlarni  qadrlashni hozirdan oʻrganib borishingiz kerak. Sizlar ham oʻzingizni “men kichik bolaman, hali oʻquvchiman. Katta boʻlsam, oʻshanda yaxshi ishlarni boshlayman” deb oʻylamang. Chunki har biringiz – Yangi Oʻzbekiston farzandisiz. Shu Vatanning egalarisiz.  Buning uchun tirishqoqlik bilan oʻqib, izlanib, katta-katta ishlar qilishni oʻrganib boring. Ana shunda Oʻzbekiston sizlar bilan faxrlanadi.

Dunyoning koʻp joylarida urushlar boʻlayapti. Qon toʻkilayapti. Bolalar, keksalar qurbon boʻlayapti. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tinchlikparvar siyosati sababli biz tinch yashayapmiz. Biz buning qadriga yetishimiz kerak. Bu qanday boʻladi? Masalan, har kuni yangi bilimlar olishingiz, “Yashil makon” loyihasida qatnashib, bitta gul yoki nihol ekishingiz, ekilgan daraxtlarga suv qoʻyishingiz, koʻcha-koʻyda yoki sinfxonada yotgan chiqindilarni maxsus joyga tashlashingiz ham Vatanga xizmatingiz boʻladi.

Sizda hozirdan islohotlarga, yaxshi ishlarga hissa qoʻshish, vatan, millat taqdiri uchun masʼuliyat, faol fuqarolik tuygʻusi bor boʻlishi kerak. Nega? Kelinglar, birga bilamiz.

1. Islohotlarga daxldorlik – “Bu ishlar menga ham tegishli” deb qarash. Bu nima degani? Bu – mamlakatda boʻlayotgan yangilanish, oʻzgarishlarga “mening ham aloqam bor” deb qarashdir.

2. Vatan va millat taqdiri uchun javobgarlik nima? “Mengayam koʻp narsa bogʻliq” deb oʻylash. Bu nima degani? Bu – faqat davlat, faqat Prezident emas, har bir fuqaro – yaʼni  siz ham Vatan taqdiri uchun masʼul ekanligingizni anglatadi. Darsda yaxshi oʻqish ham shunga kiradi. Chunki kelajakdagi shifokor, muhandis, muallimlar boʻlib el-yurtga xizmat qilasiz?

3. Faol fuqarolik pozitsiyasi – “Men shunchaki kuzatuvchi emasman, men ishtirokchiman!” Nima degani bu? Bu – mamlakatda nima boʻlayotganini kuzatish, tushunish va unga nisbatan munosabat bildirish, oʻz hissangizni qoʻshish degani.

Oʻqituvchi: Endi oʻzingga 3 ta savol beramiz:

Vatan uchun kerakli bola boʻlishga intilayapmanmi?

Oʻquvchilar: Ha-a-a

Oʻqituvchi: Maktabim, sinfim hayotida faolmanmi?

Oʻquvchilar: Ha-a-a

Oʻqituvchi: Boshqalar bilan ahilmanmi?

Oʻquvchilar: Ha-a-a

Oʻqituvchi: Agar hamma javoblar “ha” boʻlsa – demak siz Yangi Oʻzbekistonning munosib farzandisiz!

Siz hali yoshsiz, ammo sizni katta maqsad kutyapti! Demak, siz oʻzgarishlar ishtirokchisi, Vatan himoyachisi, masʼul farzand, faol fuqaro boʻlishingiz shart!

Shunda yurtimiz nomini butun dunyoga yoyayotgan aka-opalaringiz kabi zoʻr insonlar boʻlib kamolga yetasiz. Xalqimiz faxrlanadigan yurtdoshlarimiz orasida tezkor shaxmat boʻyicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham bor. Keling hozir ularning olamshumul muvaffaqiyatlarga qanday erishgani haqida oʻzlaridan eshitamiz.

O‘quvchilarga Nodirbek Abdusattorovning fikrlari qoʻyib beriladi.

 

Oʻqituvchi: Qadrli oʻquvchilar, Nodirbekning siz hozir tinglab tomosha qilgan gaplarini aeroportda yozib olishibdi, Nodirbek Dubaydagi musobaqadan qaytib, AQSHga yana bir katta musobaqaga uchib ketayotgan ekan. Unga havasingiz keldimi?

Oʻquvchilar: Ha-a-a

 

Oʻqituvchi: Bugun Nodirbekka faqat biz emas, butun dunyo yoshlari havas qiladi. U bilan butun Oʻzbekiston faxrlanadi. Ana shunday yutuqlarga erishish uchun bugundan tinimsiz oʻqish, izlanish kerak. Qaysi sohani tanlashingizdan qatʼiy nazar oʻz ustingizda boshqalardan koʻproq ishlamasangiz kutilgan natijaga erisholmaysiz. Yangi Oʻzbekiston farzandlari nimalarga qodir ekanligini Nodirbek Abdusattorov kabi chempionlarimiz jahonga namoyon etishyapti.

Siz yana qaysi chempionlarimizni bilasiz?

 

Oʻquvchilar javobi.

 

Oʻqituvchi: Barakalla, kelgusida bu chempionlar safida sizning ham nomingiz boʻlishini tilaymiz. Ana shunda Vatanimiz, millatimiz, xalqimiz siz bilan faxrlanadi. 

Aziz oʻquvchilar, mustaqilligimizning 34 yillik bayrami yurtimizda Prezidentimiz taklifi bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu shior ostida nishonlandi.

 Bu soʻzlar faqat bayramda aytiluvchi balandparvoz soʻzlar emas. Vatan – siz yashayotgan yurt, uning tarixi, tabiati, bayrogʻi, madhiyasi. Millat – oʻzbek xalqining tili, dini, urf-odati, anʼanalari. Xalq – sizning ota-onang, qoʻshnilaringiz, mahallangiz, maktabdosh doʻstlaringiz va yurtimizdagi turli millat vakillari demakdir.

Hamisha Vatan, millat, xalq degan tushunchalar yoniga vatanparvarlik, hamjihatlik, fidoyilik degan soʻzlarni qoʻshib aytamiz.

Vatanparvarlik bu – Vatanni sevish, asrash, uning ravnaqi uchun harakat qilish.

 2. Mehr-oqibat va hamjihatlik bu – millatning birdam boʻlishi demak. Masalan, sinfxonangizga yangi kelgan bola oʻzini yolgʻiz his qilayotganini koʻrdingiz. Siz uni boshqalarga tanishtirdingiz, oʻyinga qoʻshdingiz – siz bolalarni birlashtirdingiz!

Fidoyilik va masʼuliyat bu - xalq uchun foyda keltiradigan ishlarni qila bilish. Oddiy misol, yoʻldan oʻtishga qinalayotgan bir keksaga yordam berdingiz, bu sizning xalq uchun xizmatingizdir.

Ana shunda siz“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” yashayotgan Yangi Oʻzbekistonning munosib farzandi boʻlasiz.

Bu nima uchun muhim?!:

Bunday farzandlar koʻp boʻlsa – Vatanimiz qudratli boʻladi!

“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori sizni harakat qilishga chorlaydi. 

3. YAKUNIY QISM

Bundan yuz yillar oldin yurtimiz farzandlari hammadan zoʻr boʻlib ulgʻayishini istagan jadid bobolarimiz ham barchamizni tinimsiz harakatga, ilm olishga chaqirgan. Qadrli oʻquvchilar, keling endi hammamiz hozir jadid bobolarimiz yod etilgan mashhur qoʻshiqni tinglab, birgalikda kuylaymiz.

O‘quvchilarga Jahongir Poziljonov ijrosidagi “Jadidlar” qo‘shig‘i qoʻyib beriladi va karaoke tarzida birga kulanadi.

 

Qadrli oʻquvchilar “kelajak soati” darsimizni jadid bobomiz Abdurauf Fitratning quyidagi gaplari bilan yakunlaymiz: 

Turma – yugur,

Tinma – tirish,

Bukilma – yuksal,

Hurkma – kurash,

Qoʻrqma – yopish,

Yorilma – qoʻzgʻal. 

Kim bu gaplarni hayotining shioriga aylantirsa, albatta oilasiga, Vataniga, millatiga, xalqiga munosib xizmat qiladigan inson boʻlib kamolga yetadi!