
“Kelajak soati” 1-mavzu
“Kelajak soati” darsining 9-11 sinflar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
1-mavzu: “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun”
Dars maqsadi:
Oʻquvchilarga milliy mustaqillik ahamiyatini anglash,
mustamlaka davri davri koʻrguliklari,
istiqlol yoʻlida jafokash xalqimiz koʻrsatgan matonat,
Yangi Oʻzbekistonning bunyod etilishida mamlakatimiz Prezidenti olib borayotgan mustaqil, xalqparvar siyosatning ahamiyati xususida taʼsirli maʼlumot va koʻnikmalar berish.
✅ Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
- oʻquvchilar mustamlaka va mustaqillik farqini anglaydi;
- mustaqillikning qadrini tushunadi;
- mustaqillikni kundalik amaliy ishlar, fidoyilik, masʼuliyat bilan mustahkamlash zaruratini uqib oladi;
- Prezidentimizning Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlidagi xalqparvar siyosati toʻgʻrisida maʼlumot va bilimlar oladi;
- islohotlarga daxldorlik, Vatan va millat taqdiri uchun javobgarlik, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilish koʻnikmasi shakllanadi.
🎒 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti xodimlari. www.milliytarbiya.uz
🗣️ Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
🧑🏫Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, zamona qahramoni yoki mashhur kishilar intervyulari, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
🧩Materiallar to‘plami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
🧩 Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion
Darsning birinchi qismining maqsadi – o‘quvchilarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining kelgusi faoliyatiga bo‘lgan motivatsiya mashg‘ulot mavzusini aks ettiruvchi materialni ko‘rish va muhokama qilishga asoslanadi.
2-qism. Asosiy
Asosiy qismda o‘quvchilar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda o‘quvchilarga tasviriy materialni tahlil qilish, videolarni ko‘rish va bilishga qaratilgan savollar taklif etiladi.
3-qism. Yakuniy
Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.
Dars ssenariysi
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).
🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)
Oʻqituvchi: – Aziz oʻquvchilar. Eshitgansiz, oʻqigansiz – fidoyi jadid bobomiz Choʻlponning:
Koʻngil, sen bunchalar nega,
Kishanlar birla doʻstlashding?
Na faryoding, na doding bor,
Nechun sen buncha sustlashding?...
Tiriksan, oʻlmagansan,
Sen-da odam, sen-da insonsan.
Kishan kiyma, boʻyin egma,
Ki, sen ham hur tugʻulgʻonsan!
degan oʻtli misralari bor. Shoirning bu xitobi siz bilan bizga hurlik va ozodlikning qanchalar qadrli ekanini har daqiqa eslatib turadi. Shu bilan birga, hech qachon mustamlakachilikka boʻyin egmaslik, boshqa barcha millat va elatlar bilan teng huquqqa ega oʻzbek xalqi oʻz erki va mustaqilligi yoʻlida tinimsiz kurashmogʻi kerakligini uqtirib turadi.
Siz hozirga qadar “Tarix”, “Adabiyot” darslari orqali uzoq va yaqin oʻtmishimizda yurtimiz, xalqimiz boshiga tushgan mustamlaka, istibdod, zulm va zoʻravonliklarning koʻplab misollari bilan tanishgansiz. Va anglagansizki, turli bosqinchilarning bizning dunyoda tengi yoʻq ona diyorimizni oʻziga boʻysindirish, uning xalqini qul qilish istagi olis tarixning biror davrida susaygan emas.
Biroq oʻz erki, hurligini har narsadan ustun qoʻygan ona xalqimiz ham biror bosqinchiga tek qarab turmagan: elu yurtni ozod qilish, oʻz yerida mustaqil davlat barpo etish yoʻlida doimo mardonavor kurashgan.
Keling hozir sizlar bilan Vatanimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan jasur bobolarimizni yodga olamiz.
Lavhani diqqat bilan tomosha qilib, ajdodlarimiz ismini birma bir aytamiz.
Sunʼiy intellekt yordamida Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi ajdodlarimiz siymosi ifodalangan 1 daqiqalik videolavha namoyish etiladi. Lavha davomida ekranda koʻringan qahramonlar ismini oʻquvchilar aytib boradi. Undan keyin xuddi shu lavhaning qahramonlar ismi yozilgan varianti oʻquvchilarga qoʻyib beriladi. Oʻquvchilar ismini topolmagan ajdodlarimiz nomini ikkinchi videolavha orqali bilib oladilar. Videolavha ortida “Kim yurtidan yovni quvsa, mendirman oʻsha” qoʻshigʻi yangrab turadi.
Oʻqituvchi: Barakalla, bolajonlar, koʻplab buyuk ajdodlarimizni yaxshi tanir ekansiz. Hammalarini doim esda tuting. Chunki ular yurtimiz mustaqilligi uchun, vatanimiz gullab-yashnashi uchun jonlarini ayamaganlar.
Shuning uchun ham poytaxtimizda qad rostlagan muhtasham Yangi Oʻzbekiston bogʻining oʻrtasidagi Mustaqillik monumentidan hozir biz koʻrgan bobolarimizning haykallari oʻrin olgan.
Ular Aleksandr Makedonskiy, Doro, Qutayba, Chingizxon, chorizm, shoʻro hukmdorlari va boshqalar boshchiligidagi bosqinlar, ona yerimizga, madaniyatimizga, eʼtiqodimiz va tilimizga, erkinlik hamda ozodligimizga qarshi qaratilgan jamiki xurujlarga qarshi kurashdilar. Bugun biz mustaqil davlatmiz!
ASOSIY QISM. Mustaqillikning qadrini tushuntirish. (25 daqiqa)
Kuni kecha Yangi Oʻzbekiston bogʻida davlatimiz mustaqilligining 34 yilligini katta shodiyonalar bilan nishonladik. Keling hozir biragalikda Mustaqillik bayrami boʻlib oʻtgan Yangi Oʻzbekiston bogʻiga ekran orqali sayohat qilamiz.
Yangi Oʻzbekiston bogʻi haqidagi 4 daqiqalik videolavha namoyish etiladi.
Yangi Oʻzbekiston bogʻi hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan. Mustaqillik bayramida Prezidentimiz barchamizni samimiy tabriklab, mustaqilligimizni asarab-avaylashga undadi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek:
“Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. Oʻzbekiston yangi tarixiy davrga qadam qoʻydi. Aynan istiqlol tufayli jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladik”.
Prezidentimiz boshchiligida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renensansning mustahkam poydevorini qoʻyish, dunyoning eng rivojlangan davlatlari qatoridan oʻrin egallash yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz mevalarini bera boshladi. Qisqa muddatlarda
yalpi ichki mahsulot hajmining ikki baravardan koʻproqqa ortgani,
ishlab chiqarish, ijtimoiy va boshqaruv sohasi xodimlari oylik maoshlarining keskin koʻtarilgani,
nafaqat shaharlar, balki tumanlar va olis qishloq-ovullarda ham odamlar hayotini farovonlashtirishga xizmat qiladigan infratuzilmaning yaratilgani,
taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya tizimidagi ilgari koʻrilmagan ijobiy oʻzgarishlar va yangilanishlar,
oʻsib kelayotgan yosh avlod kelajagiga daxldor barcha sohalar rivojiga ustuvor eʼtibor qaratilayotgani...
bularning barchasi, shubhasiz, mustaqillikning, millat va xalqning oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqi qanchalar muhim qadriyat ekanini koʻrsatadi.
Lekin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev bu yutuqlar hali yetarli emasligi, xalqimiz, xususan, yoshlarimiz mamlakat va millat manfaatlarini himoya qilish yoʻlida tinimsiz izlanishi lozimligini doimiy taʼkidlaydi:
“Erishgan natijalarimizga mahliyo boʻlmasdan, jahondagi vaziyatga sergaklik bilan qarab, barchamiz – kim boʻlishimiz, qaysi vazifada ishlashimizdan qatʼi nazar, mamlakatimizning milliy manfaatlarini taʼminlash haqida jiddiy oʻylashimiz zarur”.
Aziz oʻquvchilar, harqalay siz “mustaqillikni mustahkamlash, Vatanimiz dovrugʻini dunyoga keng yoyish ishiga men – hali oʻspirin inson qanday hissa qoʻshishim mumkin”, deb oʻylayotgan boʻlsangiz kerak. Keling, shu savolga birgalikda javob topishga harakat qilamiz.
Undan avval eʼtiboringizni ekranga qaratsangiz. Hozir Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining 4-bosqich kursanti Shuhratbek Olimjonovning fikrlarini tinglaymiz.
Jamoat xavfsizligi universitetining 4-bosqich kursanti Shuhratbek Olimjonov intervyusi tinglanadi. U otasi xizmat burchini bajarayotganda chegarada halok boʻlgani, “Jasorat” medali bilan taqdirlangan, otasi kabi vatan himoyachisi boʻlishni niyat qilgani haqida gapirib beradi.
Oʻqituvchi: Aytingchi, aziz oʻquvchilar, Shuhratbekning otasi nima uchun “Jasorat” medali bilan taqdirlandi?
Oʻquvchilar javobi
Oʻqituvchi: Shuhratbek tutgan yoʻl, oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari haqida siz qanday fikrdasiz?
Oʻquvchilar javobi
Oʻqituvchi: Endi sizlarga yana bir misol aytaman. Yoshligida otasidan ayrilib, poytaxtimizdagi kichikkina hovlida yashab, katta orzulari sari dadil qadam tashlagan yurtdoshlarimizdan biri shaxmat byoʻicha jahon chempioni Rustam Qosimjonovni bugun hamma yaxshi biladi. U 2004-yilda Liviyaning Tripoli shahrida oʻtkazilgan toj uchun kurashda ingliz grossmeystri Adamsni magʻlub etib, 17-Jahon chempioni, degan yuksak unvonni qoʻlga kiritgan edi.
Sizlarning har biringiz bugun ega boʻlgan sharoit va imkoniyatlar Rustamjonnikidan koʻp boʻlsa koʻpki, aslo kam emas. Demak...
Demak, hamma gap odamning oʻziga bogʻliq! Uning harakatlariga, intilishlariga, oldiga katta maqsadlar qoʻya olishiga, shu maqsadlar yoʻlida tinimsiz izlanishi, mehnat qilishiga bogʻliq!
Mana shu izlanish, oʻqib-oʻrganish, oʻzini tinimsiz rivojlantirish, ishoningki, mustaqilligimizning mustahkamlanishiga, Vatanimizning yana-da rivojlanishi va dunyoga dovrugʻ solishiga, albatta, salmoqli hissa boʻlib qoʻshilajak!
Xalqimiz faxrlanadigan yurtdoshlarimiz orasida tezkor shaxmat boʻyicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov ham bor. Keling hozir ularning olamshumul muvaffaqiyatlarga qanday erishgani haqida oʻzlaridan eshitamiz.
Oʻquvchilarga Nodirbek Abdusattorovning fikrlari qoʻyib beriladi.
Oʻqituvchi: Qadrli oʻquvchilar, Nodirbekning siz hozir tinglab tomosha qilgan gaplarini aeroportda yozib olishibdi, Nodirbek Dubaydagi musobaqadan qaytib, AQSHga yana bir katta musobaqaga uchib ketayotgan ekan. Unga havasingiz keldimi?
Yoki sport sohasidagi boshqa qahramonlarimizni ham eslaylik: bokschilarimiz, yosh shaxmatchilarimiz, yengil atletikachilarimiz, dyuzdochilarimiz, qilichbozlarimiz, futbol boʻyicha oʻsmirlar terma jamoasi va boshqalar erishayotgan yutuqlardan koʻnglimiz togʻdek koʻtariladimi-yoʻqmi?
Xalqaro fan olimpiadalarida ham sizning tengdoshlaringiz, hatto sizdan-da yoshroq oʻzbekistonlik oʻquvchilar qozonayotgan gʻalabalar yurtimizni, xalqimizni dunyoga qayta tanityaptimi-yoʻqmi?
Men bunday misollarni yana koʻplab keltirishim mumkin.
Endi ayting-chi, sizlarning oʻsha – xalqimizning faxriga aylanayotgan tengdoshlaringizdan biror kam joyingiz bormi?
Demak, hamma gap odamning oʻziga bogʻliq! Uning harakatlariga, intilishlariga, oldiga katta maqsadlar qoʻya olishiga, shu maqsadlar yoʻlida tinimsiz izlanishi, mehnat qilishiga bogʻliq!
Mana shu izlanish, oʻqib-oʻrganish, oʻzini tinimsiz rivojlantirish, ishoningki, mustaqilligimizning mustahkamlanishiga, Vatanimizning yana-da rivojlanishi va dunyoga dovrugʻ solishiga, albatta, salmoqli hissa boʻlib qoʻshiladi!
Qadrli oʻquvchilar, bugun sizda hamma imkoniyat bor. Yaqin yillarda ham sentabr oyida siz kabi oʻquvchilar bugungidek sinfxonalarda emas, paxta dalalarida umr oʻtkazganlar. Ularning boshidan samolyotlar zahar sochib ketgan. Minglab bolalar kasal boʻlib qolganlar. Bu gaplar sizga ertakday tuyulishi mumkin. Lekin bularning hammasi yuz yillar davomida takrorlanib kelgan. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mana shunday yomon ishlarni toʻxtatdi. Keling bu haqida Oʻzbekiston xalq artisti, sevimli aktrisamiz Dilorom Karimovaning gaplarini tinglab tomosha qilamiz.
Yangi Oʻzbekiston bogʻida Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova mustaqillik haqida, paxta zahmatlari, bolalarning dalalarda oʻtgan umri haqida, bu fojialarga hurmatli Prezidentimiz chek qoʻygani haqida gapirib bergan videolavha namoyish etiladi. 3 daqiqa.
Oʻqituvchi: Hozir Dilorom opa aytib bergan voqealar aks etgan qaysi badiiy adabiyot namunalari, kino va teatr asarlaridan xabardorsiz? Ularning birortasidagi Sizga eng kuchli taʼsir qilgan epizodni sharhlab bering-chi.
(Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romani va shu asar asosida suratga olingan badiiy film, Shukur Xolmirzayevning “”Qora kamar” pyesasi asosida tayyorlangan shu nomdagi spektakl, Xayriddin Sultonovning “Qanchalar shirinsan, achchiq hayot” nomli hikoyasi, tarixiy mavzudagi, jadid namoyandalari faoliyati yoritilgan badiiy va hujjatli kinoasarlar xususida erkin bahs olib boriladi).
Oʻqituvchi: Sizningcha, bugungi kunda mamlakatimiz mustaqilligi, milliy xavfsizligimizga tahdid soluvchi qanday tahdidlardan ogoh boʻlishimiz kerak?
(Oʻquvchilarning faol ishtirokida oʻtishi talab etiladigan bu muhokamada milliy mustaqillikka real xavf tugʻdiruvchi zamonaviy tahdidlar: radikalizm va ekstremizmga asoslangan terrorizm xavfi, gegemon davlatlar va ularning sheriklari tomonidan turli bahonalar bilan qoʻzgʻatiladigan ichki va tashqi mojarolar, millatlar oʻrtasida nizolar chiqarishga urinishlar, ommaviy madaniyat targʻiboti orqali singdirilayotgan xalq va mamlakat taqdiriga beparvolik, takasaltanglik, molparastlik, dabdababozlik singari illatlar muhokama predmeti boʻlmogʻi kerak).
Oʻqituvchi: Ona yurtimiz mustaqilligini asrab-avaylash, mustahkamlashga siz nima bilan, boʻlgʻusi qanday harakatlaringiz bilan hissa qoʻsha olaman, deb hisoblaysiz?
(Bu savolga javob berishni istagan oʻquvchilarning umumiy gaplar bilan emas, balki har birining oʻz intilishlari, aniq moʻljallari asosida gapirishiga erishish qolgan oʻquvchilarda ham ularga ergashish, motivatsiya olish, yurt taqdiriga daxldorlik hissini uygʻotishi juda muhimdir).
Shundan soʻng oʻqituvchi oʻzbek xalqining vatanparvarlik, yurtni asrash, elni eʼzozlashga doir quyidagi maqollarini shogirdlariga eslatadi, ularni qisqacha sharhlab beradi:
“Eldan ayrilguncha, jondan ayril!”
“Vatangado boʻlguncha, kafangado boʻl!”
“Yovdan qoʻrqqan – yovga doʻst,
Elni suygan – erga doʻst”.
“Xalqqa suyansang, toʻlasan,
Xalqdan chiqsang, soʻlasan”.
“El boshiga tushgan ish –
Er boshiga tushgan ish”.
“Yurtdan chiqsang ham, eldan chiqma!”
3. YAKUNIY QISM
Oʻqituvchi sheʼriy asarni ifodali oʻqiy oladigan oʻquvchisiga Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub “Sen davlatsan, aziz vatandosh” nomli sheʼrni beradi. Oʻquvchi tengdoshlari qarshisida uni taʼsirli ovozda oʻqiydi:
Oʻquvchi: Doʻstim!
Sen oʻzni koʻp hokisor tutma,
Ojiz bandaman, deb egib yurma bosh.
Yurtning egasisan, zinhor unutma,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Mustaqil, moʻtabar mamlakat – sensan,
Mamlakatda oliy mashvarat – sensan,
Xalqsan, hukumatsan, saltanat sensan,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Panada turmoqning fursati emas,
Bu tuproq faqirlar turbati emas,
Sohib boʻl, davlatning murvati emas,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Gʻayratsiz zotlarga zamonlar yomon,
Jasorat yoʻq yerda yomonlar omon,
Davlat ne, mardona boʻlmasang qalqon,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Diyonatli oʻtgan naslu nasabing,
Nohaqlikka bardosh bermas asabing,
Keragida boʻlsin qahring, gʻazabing,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Yurt farzandi asli oʻzi yurt boʻlar,
Koʻzi chaqnoq boʻlar, qalbi oʻt boʻlar,
Qatorda nori bor vatan but boʻlar,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Men deb koʻkrak kerib yurguvchi oʻzing,
Yurtga soqchi boʻlib turguvchi oʻzing,
Buyuk kelajakni qurguvchi oʻzing,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Oʻqituvchi: – Anglagan boʻlsangiz, sheʼrning butun ruhida yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlarimizning mutelik, befarqlik, shijoatsizlik singari illatlardan xalos boʻlishga, oʻzini shu yurtning egasi sifatida his qilishga chaqiriq ufurib turibdi. Zero, ona yurti, tugʻib katta qilgan xalqining buguni va ertasiga daxldorlikni his qilib yashaydigan – oʻqiydigan, ishlaydigan, ilm va ijod qiladigan insonlargina Vatanni obod qilishadi, uning mustaqilligini ongli muhofaza eta olishadi. Aks holda, shoir aytmoqchi, “Gʻayratsiz zotlarga zamonlar yomon, Jasorat yoʻq yerda yomonlar omon” boʻlaveradi.
Agar eʼtibor bergan boʻlsangiz, bugungi suhbatimizda eslaganimiz xalq maqollarida ham, tinglaganimiz qoʻshiq va suhbatlarda, sheʼrlarda ham mana shu masala – har bir fuqaroning shaxs boʻlib shakllanishi, Vatan va xalq taqdiriga, milliy mustaqillikni asrash va mustahkamlash ishiga daxldor boʻlib yashashga oʻtli daʼvatlar bor. Shunday ekan, bugungi jonli muloqotimiz, oʻzimiz va oʻzligimizni anglashga bagʻishlangan suhbatimizning hikmatini ham Prezidentimiz daʼvatidan olsak toʻgʻri boʻladi, menimcha:
“VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN YASHAYLIK!”
Mana shu muqaddas vazifa – mustaqilligimizni mustahkamlash, Yangi Oʻzbekistonni bunyod etib, jahonga tanitish yoʻlida sizlarga kuch va quvvat, soʻnmas shijoat, oʻqishingiz hamda boʻlgʻusi hayotingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman!
Bundan yuz yillar oldin yurtimiz farzandlari hammadan zoʻr boʻlib ulgʻayishini istagan jadid bobolarimiz ham barchamizni tinimsiz harakatga, ilm olishga chaqirgan. Qadrli oʻquvchilar, keling endi hammamiz hozir jadid bobolarimiz yod etilgan mashhur qoʻshiqni tinglab, birgalikda kuylaymiz.
Oʻquvchilarga Jahongir Poziljonov ijrosidagi “Jadidlar” qoʻshigʻi qoʻyib beriladi va karaoke tarzida birga kulanadi.
Qadrli oʻquvchilar “kelajak soati” darsimizni jadid bobomiz Abdurauf Fitratning quyidagi gaplari bilan yakunlaymiz:
Turma – yugur,
Tinma – tirish,
Bukilma – yuksal,
Hurkma – kurash,
Qoʻrqma – yopish,
Yorilma – qoʻzgʻal.
Kim bu gaplarni hayotining shioriga aylantirsa, albatta oilasiga, Vataniga, millatiga, xalqiga munosib xizmat qiladigan inson boʻlib kamolga yetadi!
Mashgʻulotda faol ishtirok etgan barcha oʻquvchilarimizga esa alohida rahmat aytaman.
Xayr, salomat boʻlinglar!