
“Kelajak soati” 1-mavzu
“Kelajak soati” darsining MTTlar uchun mashg‘ulot ssenariysi:
1-mavzu: “OʻZBEKISTON- MENING VATANIM”
Davra suhbatining maqsadi:
- Bolalarga “Vatan” so‘zi nima ekanligini anglatish;
- O‘zbekiston hammamizning uyimiz ekanligini tushuntirish, ularning qalbida vatanga mehr uyg‘otish.
Kutilayotgan natija:
-“Vatan” so‘zi nima ekanligini anglaydi;
- O‘zbekiston hammamizning uyimiz ekanligini tushunadi;
- Ona vatanini yaxshi ko‘radi.
Kerakli jihozlar:
- Rasmlar (Uy, bog‘ va tog‘lar, shahar va qishloqlar aks etgan);
- Proektor yoki ekran (agar mavjud bo‘lsa).
Davra suhbatining davomiyligi: 7-10 daqiqa
I.KIRISH QISMI:
Tarbiyachi: Assalom alaykum, aziz bolajonlar! Bugun men sizlar bilan juda qiziqarli mavzuda suhbatlashaman. Tayyormisizlar?
Bolalar: Ha…!
Tarbiyachi: Aytingchi, Vatan degani nima o‘zi?...Man bu rasmlarga qaraymiz!
(tarbiyachi quyidagi rasmlarni bolalarga ko‘rsatadi)
Tarbiyachi: Bolajonlar, rasmlarda nimalarni ko‘rdingiz? (uy, bog‘, tog‘)
Tarbiyachi bolalarning javoblarini tinglaydi va hissiy ta’sir etish maqsadida savollar bilan murojaat qiladi.
Rasmlar bo‘yicha quyidagi savollar beriladi:
-Ular sizga yoqadimi?
-Uyda ota-ona va opa-singil, aka-ukalar bilan birga bo‘lishi mazzami?
-Bog‘larda sayr qilish sizga zavq beradimi?
-Tog‘larga borib dam olganmisiz?
-Qanday chiroyli joylar-a?
Bolalar: Ha…!
Tarbiyachi: Demak, bolajonlar har biringizni uyingiz - bu Vatanning kichik shaklidir. Vatan bu uyimiz, mahallamiz, atrofdagi barcha joylar, bog‘chamiz, do‘stlarimizdir! Uyimizni qanday yaxshi ko‘rsak, undagi ota-ona va opa-singil, aka-ukalarni ham yaxshi ko‘rsak, Vatanimizni ham yaxshi ko‘rishimiz kerak! Bizning Vatanimiz “O‘zbekiston” deb ataladi. O‘zbekiston hammamizni yagona katta uyimizdir!
Tarbiyachi: Aziz shirintoylarim, Oʻzbekistonimizning Prezidenti kim ekanligini bilasizlarmi?
Bolalar: Ha-a-a!
Tarbiyachi: Juda yaxshi, barakalla, qani siz aytingchi, Prezidentimiz kim ekan?
Bola: Shavkat Mirziyoyev!
Tarbiyachi: Barakalla, qani bolajonlar hammamiz birgalikda javob beramiz, Prezidentimiz kim ekan?
Bolalar: Shavkat Mirziyoyev!
Tarbiyachi: Prezidentimiz sizlarni juda yaxshi koʻrishadi, sizlarga mana shunday chiroyli bogʻchalar qurib berishadi. Sizlar ham Prezidentimizni yaxshi koʻrasizlarmi?
Bolalar: Ha-a-a!
Tarbiyachi: Sizlar odobli, tarbiyali, bilimli bolalar boʻlsangiz Prezidentimiz xursand boʻladilar!
Tarbiyachi: odobli boʻlamizmi?
Bolalar: Ha-a-a!
Tarbiyachi: bilagʻon boʻlamizmi?
Bolalar: Ha-a-a!
Tarbiyachi: barakalla bolajonlar!
Tarbiyachi bolalarga mavzu doirasida ertak aytib beradi. Mavzuni hissiy ta’sir etishini kuchaytirish maqsadida qo‘lqopli qo‘g‘irchoqlardan qahramon sifatida foydalanish tavsiya etiladi.
Tarbiyachi: Aziz bolajonlar, bugun sizlar bilan birga ertakchi boboning “Quyoshli yurt qaldirg‘ochi” deb nomlangan ertagiga quloq solamiz! Diqqat bilan tinglaysizmi?
Bolalar: Ha…!
“QUYOSHLI YURT QALDIRG‘OCHI” ertagi
Uzoq-uzoqlarda bir kichkina qaldirg‘och bor edi. U har bahor kelganda, ko‘k osmonni kezib, yashil vodiy tomon uchib kelardi. Qaldirg‘och quyoshli yurtda tug‘ilgan edi. Bu yerda daraxtlar ko‘p, suvlar tiniq, osmon esa ochiq edi. Qaldirg‘och bu joyni juda yaxshi ko‘rardi.
Kuz kelganda esa boshqa issiq mamlakatlarga uchib ketar, lekin har bahor, albatta, qaytib kelardi. Chunki quyoshli yurtni juda sog‘inar edi.
Bir kuni qaldirg‘och boshqa yurtlarda qolib yashashga qaror qildi. Quyoshli yurtga qaytib, uchib kelmadi. Lekin vaqt o‘tkach, sog‘inchdan kasal bo‘lib qoldi. U tog‘larni, soylarni, o‘z daraxtini, do‘stlarini esladi. Qanotlarini keng yozib, vatani sari uchdi.
Va nihoyat, qaldirg‘och quyoshli yurtga qaytdi. O‘z uyiga yetganda daraxti uni kutib turgan edi. Daraxt barglarini quvonchdan silkitdi. Qaldirg‘ochni do‘stlari ham uni ko‘rib hursand bo‘ldi. Qaldirg‘och baxtdan shodlandi.
Endi qaldirg‘och bilar edi: vatan — bu doim sog‘inadigan joy, doim qaytib keladigan joy. Vatan yurakdagi eng shirin uy ekanligini.
Ertak bo‘yicha savollar:
Tarbiyachi:
- “Quyoshli yurt” qaysi makon edi?
- Bildingizmi, bolajonlar?
- Albatta, bu yurt O‘zbekiston edi.
Tarbiyachi bolalar bilan interaktiv so‘z o‘yini orqali mavzuni mustahkamlaydi.
Interaktiv o‘yin:
O‘yin qoidasi
“Men Vatanimni yaxshi ko‘raman, chunki...” deb gapni bolalar davom ettiradi.
Bolalarning har birini javobi tinglanadi.
Masalan: ...........unda mening oilam yashaydi.
…….....unda shirin mevalar bor.
…….....u tinch va go‘zal.
XULOSA
Tarbiyachi: Bolajonlar, O‘zbekistonimiz chiroyli, tinch va u yerda bolalar juda xursand va baxtli yashashadi. Kelinglar, biz o‘z yutimiz O‘zbekistonni yaxshi ko‘raylik! O‘zbekistondagi barcha bolalar do‘st va inoq yashaylik!
Yod olish uchun she’rlar
(barcha bolalar baravar qaytaradi)
Jonajon, O‘zbekiston!
Har tomon bo‘g‘i bo‘ston!
Sen bizning uyimizsan!
Asraymiz seni har on!
Biz yurtning bolalari,
Ochilgan lolalari!
Yurtimiz O‘zbekiston
Doim bo‘lgin, tinch, omon!