
“Kelajak soati” 1-mavzu
“Kelajak soati” darsining oliy ta’lim muassalari uchun mashg‘ulot ssenariysi:
1-mavzu: “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun”
Dars maqsadi:
Oʻquvchilarga milliy mustaqillik ahamiyatini anglash,
mustamlaka davri davri koʻrguliklari,
istiqlol yoʻlida jafokash xalqimiz koʻrsatgan matonat,
Yangi Oʻzbekistonning bunyod etilishida mamlakatimiz Prezidenti olib borayotgan mustaqil, xalqparvar siyosatning ahamiyati xususida taʼsirli maʼlumot va koʻnikmalar berish.
✅ Darsdan keyin kutiladigan natijalar:
Talabalarga milliy mustaqillikning ahamiyatini tushuntirish;
Ularda xalqimizning mustamlakalik yillaridagi hayoti haqida tasavvur paydo qilish;
Talabalarga mustaqillikning mohiyatini, qadrini uqtirish;
Mustaqillikni mustahkamlash uchun mamlakatimiz Prezidenti olib borayotgan siyosatning ahamiyati haqida bilimlar berish va zarur koʻnikmalarni shakllantirish.
3. Kutilayotgan natija:
- talabalar istibdod va istiqlolning farqini anglaydi;
- mustaqillikning qadrini tushunadi;
- mustaqillikni kundalik amaliy ishlar, fidoyilik, masʼuliyat bilan mustahkamlash zaruratini uqib oladi;
- Prezidentimizning Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish yoʻlidagi xalqparvar siyosati toʻgʻrisida maʼlumot va bilimlarga ega bo‘ladi;
- islohotlarga daxldorlik, Vatan va millat taqdiri uchun javobgarlik, faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon qilish koʻnikmalari shakllanadi.
🎒 Dars hamkori: Qori Niyoziy nomidagi milliy tarbiya instituti xodimlari. www.milliytarbiya.uz
🗣️ Dars davomiyligi: 45 daqiqa.
🧑🏫Tavsiya etilgan mashg‘ulot shakli: bilim beruvchi suhbat, video parchalar, zamona qahramoni yoki mashhur kishilar intervyulari, o‘yin elementlari va qo‘shimcha materiallardan foydalanishni nazarda tutadi.
🧩Materiallar to‘plami:
- ssenariy;
- uslubiy tavsiyalar;
- videomateriallar;
- interaktiv topshiriqlar;
- taqdimot.
🧩 Dars tuzilishi 1 qism. Motivatsion
Darsning birinchi qismining maqsadi – o‘quvchilarning mavzu muhokamasida faol ishtirok etishlari uchun sharoit yaratishdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining kelgusi faoliyatiga bo‘lgan motivatsiya mashg‘ulot mavzusini aks ettiruvchi materialni ko‘rish va muhokama qilishga asoslanadi.
2-qism. Asosiy
Asosiy qismda o‘quvchilar darsning asosiy ma’nolarini tushunish va ochib berishga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda o‘quvchilarga tasviriy materialni tahlil qilish, videolarni ko‘rish va bilishga qaratilgan savollar taklif etiladi.
3-qism. Yakuniy
Dars g‘oyalarini umumlashtirish, mashg‘ulotga yakun yasash.
Dars ssenariysi
Dastlabki 10 daqiqada mavzuning siyosiy-ijtimoiy ahamiyati, Davlat rahbari tomonidan ayni mavzuga oid amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bayon etiladi (prezentatsiya).
🟦 1. KIRISH. Motivatsion qism(10 daqiqa)
Dars boshlanishidan talabalar qarshisidagi ekranda (devorda) davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlari aks etadi:
Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. Oʻzbekiston yangi tarixiy davrga qadam qoʻydi. Aynan istiqlol tufayli jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egalladik.
Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Oʻqituvchi: Aziz talabalar! Dunyoda nechta til, qancha millat va elat borligini, ulardan nechtasi oʻz istiqloliga erishgani va qay birining mustaqil davlati borligini bilasizmi?
3-4 nafar talaba javobi tinglanadi.
Oʻqituvchi: Men soʻragan masala insoniyatning eng ogʻriqli savollaridan biri. Mana dunyo xaritasiga qaraylik-da, bugungi dunyoda 7 mingga yaqin tilda gaplashadigan, 2 mingdan ortiqroq xalqlar, millat va elatlar yashaydi. Ulardan bor-yoʻgʻi 250 dan ortiqrogʻining oʻz davlati bor xolos.
Bu necha foizni tashkil qiladi?!
Talabalar: ...%ni, ustoz.
Oʻqituvchi: Toʻgʻri. Bu har sakkiztadan bir millatgina mustaqil hayot kechirayapti, bu esa, har 8 ta xalqdan bittasigina oʻz davlatiga ega, deganidir.
Bilasizlarmi, jahonda hali-hamon chinakam mustaqillikni orzu qilib yashayotgan millatlar, istiqlolini boy berib, aziyat chekayotgan xalqlar va millatlar oz emas. Masalan, Avstraliya davlati oʻz mustaqilligini nishonlaydigan kunni shu yerning tub aholisi, yaʼni butun mamlakat aholisining bor-yoʻgʻi 2 foizini tashkil qiladigan mahalliy kishilar bu kunni bayram qilmaydilar. Aksincha, ular “Bu sana bizning mustaqilligimiz boy berilgan, huquqlarimiz paymol qilingan, davlatimiz yoʻqotilgan va asoratga solinganimiz timsoli boʻlgan kun” deb hisoblaydilar. Va shu kuni ular qarshilik namoyishlariga chiqadilar, Qoʻllarida oʻzlarining qadimgi bayroqlarini tutadilar, mashinalari, kichik kema va qayiqlarida qora bayroq hilpiraydi va hokazo. Shu tariqa ular oʻz noroziliklarini turli shakllarda ifodalaydilar.
Mustaqil mamlakatlar orasida aholisi 1,5 milliardlik Xitoy va Hindiston ham, bor yoʻgʻi 500 ming fuqarosi boʻlgan Bosniya va Gersogovina ham, hududi jihatidan nihoyatda katta Rossiya, AQSH, Kanada ham, kichik va bittagina shahardan iborat Monako, Andorra, Singapur, Vatikan (Rim shahrining bir boʻlagi) kabi mitti davlatlar ham bor. Ularning har biri xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti, BMTning boshqalar bilan teng aʼzosi sifaktida eʼtirof qilingan.
Oʻz davlatiga ega boʻlgan 250dan ortiq halqlardan boshqa millatlar uchun mustaqillik, oʻz davlatiga ega boʻlish hali-hamon orzu, eng yuksak maqsad boʻlib qolmoqda. Bu butun dunyodagi holat, bugungi kunning real manzarasidir.
Bizning xalqimiz ham bir necha bor istibdod domiga tushgan, mustamlakaga aylangan. Va bu mustamlaka zamonlari bir necha oʻn yillardan bir necha asrlarga choʻzilgan. Lekin har gal mustaqillikka erishgan va oʻzining milliy davlatchiligini tiklagan. XX asr oxirida ham shunday boʻldi, Vatanimiz mustaqillikka erishdi va milliy davlatchiligini tikladi. Shu kunlarda biz oʻztgan asrdagi eng katta yutugʻimiz – xalqimizning oʻz istiqloliga erishgan kunning 34 yilligini nishonlamoqdamiz.
Aziz talabalar, ayni shu qutdugʻ kunda “Istiqlol” va “Mustaqillik” kabi tushunchalar mazmun-mohiyatini yana bir bor chuqur tushunib olishingizni istayman. Aytinglarchi “Istiqlol” nima? “Mustaqillik”tushunchasi nimani anglatadi. Ikkalasii bir narsa emasmi? Siz shunga qoʻshimcha qilingchi yana nimalarni ayta olasiz?
Talabalar javobi
Oʻqituvchi: Javoblaringiz yaxshi. Aniq aytadigan boʻlsak, “istiqlol” arabcha soʻz va u “ozodlik”, “mustaqillik”, “erkin boʻlish”, “inson”, “millat”, davlatning erkin rivojlana olish imkoniyatini ifodalovchi tushunchadir. “Istiqlol” soʻzi “mustaqillik” soʻzining oʻzagi hisoblanadi.
ASOSIY QISM. Mustaqillikning qadrini tushuntirish. (25 daqiqa)
Mustaqillikka erishish istiqlolning toʻla maʼnoda vokelikka aylangani, yaʼni boshqalarga tobe boʻlmay, oʻz erki bilan yashash, oʻzini-oʻzi boshqarish va oʻz taqdirini oʻzi belgilash kabi tamoyillarning toʻla amalga oshganini bildiradi. Istiqlol, asosan, siyosiy jihatdan erkin boʻlishni anglatadi, mustaqillik – barcha sohalarda toʻla ozodlikka erishilgani, ixtiyori oʻzida ekanini ifodalaydi.
Keling hozir asrlar davomida xalqimiz mustaqilligi uchun kurashgan, davlatchiligimiz yuksalishiga buyuk hissa qoʻshgan ajdodlarimizni yodga olamiz.
Lavhani diqqat bilan tomosha qilib, ajdodlarimiz ismini birma bir aytamiz.
Sunʼiy intellekt yordamida Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi ajdodlarimiz siymosi ifodalangan 1 daqiqalik videolavha namoyish etiladi. Lavha davomida ekranda koʻringan qahramonlar ismini oʻquvchilar aytib boradi. Undan keyin xuddi shu lavhaning qahramonlar ismi yozilgan varianti qoʻyib beriladi. Oʻquvchilar ismini topolmagan ajdodlarimiz nomini ikkinchi videolavha orqali bilib oladilar. Videolavha ortida “Kim yurtidan yovni quvsa, mendirman oʻsha” qoʻshigʻi yangrab turadi.
Oʻqituvchi: Barakalla, koʻplab buyuk ajdodlarimizni yaxshi tanir ekansiz. Hammalarini doim esda tuting. Chunki ular yurtimiz mustaqilligi uchun, vatanimiz gullab-yashnashi uchun jonlarini ayamaganlar.
Eʼtibor berganmisiz, biz mustaqillik bayramidan avval qatagʻon qurbonlarini xotirlaymiz. Bu orqali avlodlarga mustaqillikka qancha qatagʻonlar, qurbonlar evaziga erishganimizni uqtirib kelamiz.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizni paxta qulligidan ozod qilinishi haqida yaxshi film namoyish etildi. Koʻrganlar bormi?
Talabalar: ha
Oʻqituvchi: ana oʻsha filmda mustabid tuzumning kirdikorlari, oq paxtaning qora qismati, umri saratonu qahratonda dalada oʻtib, yana kamiga “oʻgʻri, muttaham” degan isnodga qolgan minglab yurtdoshlarimiz taqdiri yoritilgan.
Masalan, bugun siz bilan oliygoh auditoriyasida erkin suhbatlashib oʻtiribmiz. Lekin yaqin tarixda ham talabalar va ustozlar sentyabrni paxta dalalarida kutib olardi.
Biz oʻsha filmda oʻz taassurotlarini aytgan Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova siz aziz talabalar uchun alohida intervyu berganlar, Keling hozir ularning gaplarini tinglab tomosha qilamiz.
Yangi Oʻzbekiston bogʻida Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova mustaqillik haqida, paxta zahmatlari, bolalarning dalalarda oʻtgan umri haqida, bu fojialarga hurmatli Prezidentimiz chek qoʻygani haqida gapirib bergan videolavha namoyish etiladi. 3 daqiqa.
Oʻqituvchi: Hozirgina Dilorom opa aytib bergan eski voqealar bugun qora tushdek eslanadi. Yangi Oʻzbekistonda hurmatli Prezidentimiz Shavkapt Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi bilan majburiy mehnatga chek qoʻyildi. Inson qadr topdi.
Bugun aholisi 38 million sari ildamlayotgan davlatimiz dunyo mamlakatlari orasida tashabbuslar, yangilanishlar diyoriga aylandi.
“Yangi Oʻzbekistonni barpo etish bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir”.
Ushbu fikrlar Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobining muqaddimasida yozilgan ushbu fikrda muhim va dolzarb vazifalarni loʻnda va yaxlit ifodalangan.
Qadrli talabalar, Yangi Oʻzbekiston islohotlari deaganda birinchi navbatda qaysi oʻzgarishlarni sanagan boʻlardingiz?
Talabalar javobi
Menimcha Yangi Oʻzbekiston farzandlarida quyidagi 4 fazilat albatta boʻlishi kerak:
1. Milliy qadriyatlar, davlat ramzlari (bayroq, gerb, madhiya) va tarixiy shaxslarga hurmat bilan qarash;
2. Ona tilida toʻgʻri va faxr bilan gapirish;
3. Jamoat ishlarida faol boʻlish;
4. Internetda koʻradigan maʼlumot, roliklarni tanqidiy baholab, nima toʻgʻri va nima notoʻgʻri ekanligini tushunish, mustaqil fikrga ega boʻlish.
Aziz talabalar. Mana shu fazilatlar yoshlarimizda qanday namoyon boʻlayapti, deb oʻylaysiz? Keling, bir blis soʻrov oʻtkazamiz. Auditoriyada necha kishi bor? ... kishi. Juda yaxshi. “Talabalarda
“1 – islohotlarga daxldorlik;
2 – millat taqdiri uchun masʼuliyat,
3 – faol fuqarolik tuygʻusi zoʻr”, deganlar qoʻl koʻtarsin.
Hisoblaymiz. Necha kishi ekan? …… ta. Yaxshi.
Endi “Talabalarda xuddi shu sifatlar oʻrtacha”, deganlar qoʻl koʻtarsin.
Hisoblaymiz. Necha kishi? …… ta. Yaxshi.
Endi “Talabalarda islohotlarga daxldorlik, millat taqdiri uchun masʼuliyat, faol fuqarolik tuygʻusi past”, deganlar qoʻl koʻtarsin.
Hisoblaymiz. Necha kishi ekan? …… ta. Tushunarli. Demak, uchala raqamni qoʻshib, yigʻindini 3 ga boʻlsak, oʻrtacha koʻrsatkich chiqadi. Mana, oʻrtacha koʻrsatkich …. ekan.
Rahmat. Azizlar. Bu qoʻllar bekorga koʻtarilmadi. Bu raqamlar bizni oʻylatishi kerak. Men alohida taʼkidlab oʻtgan uch fazilat toʻgʻridan-toʻgʻri mustaqilligimizni himoyalashimizda juda muhim ahamiyatga ega.
Keling hozir Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetining 4-bosqich kursanti Shuhratbek Olimjonovning fikrlarini tinglab, suhbatimizni keyin davom ettiramiz.
Jamoat xavfsizligi universitetining 4-bosqich kursanti Shuhratbek Olimjonov intervyusi tinglanadi. U otasi xizmat burchini bajarayotganda chegarada halok boʻlgani, “Jasorat” medali bilan taqdirlangan, otasi kabi vatan himoyachisi boʻlishni niyat qilgani haqida gapirib beradi.
Oʻqituvchi: Shuhratbek tutgan yoʻl, oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari haqida siz qanday fikrdasiz?
Talabalar javobi
Vatan himoyasi haqidagi hikoyalar qadimdan ibrat boʻlib kelgan. Ana shunday hikoyatlarning biri qadim ajdodimiz Oʻgʻuzxon bilan bogʻliq. Oʻgʻizxon “...Men Vatanimni oʻz ishqim oʻgʻrisiga xor etmayman!.. Vatan faqatgina bizning mulkimiz emasdir! Mozorda yotgan ota-bobolarimizning va bundan keyin tugʻilajak avlod-ajdodlarimizning bu muborak tuproq ustida haqlari bor! Vatandan ozgina boʻlsa ham, bir qarich boʻlsa ham yer bermakka hech kimsaning haqqi yoʻq... Yer davlatning asosidir; uni qanday qilib tortiq qilib, berib yuborish mumkin?!..”
Oʻgʻuzxonning bu soʻzlari yozilishi bilan bogʻliq rivoyatga koʻra, qoʻshni podsholardan biri, undan avval sevimli otini, soʻngra suyukli kanizagini soʻraydi. Tinchlikni saqlash va qoʻshnichilik aloqalariga putur yetkazmaslik uchun bu talablar bajariladi. Bundan qoniqmagan qoʻshni podsho Oʻgʻizxondan mamlakatining eng chetidagi kichik bir joyni ham berishni soʻraydi. Yuqoridagi soʻzlarda Oʻgʻizxonning bu talabga nisbatan keskin javobi, kelajak avlodlarga Vatanni koʻz qorachigʻidek asrash, uning xududlari daxlsizligini saqlash zarurligi toʻgʻrisidagi vasiyati, oʻgiti yaqqol aks etgan.
Sizningcha vatanni asraydigan, mustaqillikni qadrlaydigan talabalar qanday boʻlishadi?
Talabalar javobi
Avvalo, maklakatimiz istiqlolining tarixi va tadrijini yaxshi bilishlari lozim. Istiqlol yillarida Oʻzbekistonimiz erishgan yutuqlar qadrini, bularga erishish oson boʻlmaganini anglab olishlari zarur. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldor boʻlib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda oʻz qoʻlidan kelgan hissalarini qoʻshish har biringizning masʼuliyatli burchingizdir.
Mustaqillikni qadrlashni hozirdan oʻrganib borishingiz kerak. Chunki mustaqillikning qadrini yaxshi bilgan, bilimlarini xulqida namoyon qilib borgan yoshlar – ertangi kunning haqiqiy egalari boʻlishadi. Shunday ekan, sizlar ham oʻzingizni “men yoshman, hali talabaman. Katta boʻlsam, oʻshanda boshlayman” deb oʻylamang.
Nima uchun?
Chunki har biringiz – Yangi Oʻzbekiston farzandisiz. Shu Vatanning egalarisiz. Buning uchun tirishqoqlik bilan oʻqib, izlanib, katta-katta ishlar qilishni oʻrganib boring. Ana shunda Oʻzbekiston sizlar bilan faxrlanadi. Yurtimiz faxri boʻlgan farzandlardan biri, tengdoshingiz, tezkor shaxmat boʻyicha Jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov fikrlariga quloq tutamiz.
Oʻquvchilarga Nodirbek Abdusattorovning fikrlari qoʻyib beriladi.
Oʻqituvchi: Nodirbekning siz hozir tinglab tomosha qilgan gaplarini aeroportda yozib olishibdi, Nodirbek Dubaydagi musobaqadan qaytib, AQSHga yana bir katta musobaqaga uchib ketayotgan ekan. Unga havasingiz keldimi?
Yoki sport sohasidagi boshqa qahramonlarimizni ham eslaylik: bokschilarimiz, yosh shaxmatchilarimiz, yengil atletikachilarimiz, dyuzdochilarimiz, qilichbozlarimiz, futbol boʻyicha oʻsmirlar terma jamoasi va boshqalar erishayotgan yutuqlardan koʻnglimiz togʻdek koʻtariladimi-yoʻqmi?
Xalqaro fan olimpiadalarida ham sizning tengdoshlaringiz, hatto sizdan-da yoshroq oʻzbekistonlik oʻquvchilar qozonayotgan gʻalabalar yurtimizni, xalqimizni dunyoga qayta tanityaptimi-yoʻqmi?
Men bunday misollarni yana koʻplab keltirishim mumkin.
Endi ayting-chi, sizlarning oʻsha – xalqimizning faxriga aylanayotgan tengdoshlaringizdan biror kam joyingiz bormi?
Demak, hamma gap odamning oʻziga bogʻliq! Uning harakatlariga, intilishlariga, oldiga katta maqsadlar qoʻya olishiga, shu maqsadlar yoʻlida tinimsiz izlanishi, mehnat qilishiga bogʻliq!
Mana shu izlanish, oʻqib-oʻrganish, oʻzini tinimsiz rivojlantirish, ishoningki, mustaqilligimizning mustahkamlanishiga, Vatanimizning yana-da rivojlanishi va dunyoga dovrugʻ solishiga, albatta, salmoqli hissa boʻlib qoʻshiladi!
Bu esa, oʻz navbatida hali zimmamizda juda koʻp dolzarb vazifalar turganidan va bunda har birimizning mustaqillikning qadriga yetadigan sobit vatanparvar, faol islohotchi, el-yurt koriga yaraydigan kishilar boʻlishimiz zarurligi davr talabiga aylanganidan dalolat beradi.
Xabaringiz bor, mustaqilligimizning 34 yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida nishonlanyapti. Sizingcha nega aynan Vatan, millat va xalq tushunchalariga urgʻu berilgan?
Talabalar javobi
Aziz talabalarim!
Prezidentimiz aytganlaridek, “Oltin avlod” boʻlish uchun sizlar nima qilishlaringiz kerak? Men hali yoshman, desangiz, adashasiz. Bobur bobomiz 12 yoshida davlat boshqaruvidek masʼuliyatni zimmasiga olgan, Mirzo Ulugʻbek 14 yoshida Samarqandni idora qila boshlagan, Ibn Sino 16 yoshida mashhur tabib sifatida tanilib, amirni davolagan. Bunday misollarni yuzlab keltirish mumkin.
Sizda hozirdan islohotlarga daxldorlik, millat taqdiri uchun masʼuliyat, faol fuqarolik va Ona-Vatanimizni sevish tuygʻusi bor boʻlishi kerak. Nega? Kelinglar, birga bilamiz.
“Islohotlarga daxldorlik” tushunchasi nimani anglatadi?
Islohotlarga daxldorlik – “Bu ishlar menga ham tegishli” deb qarash. Bu nima degani? Bu – mamlakatda boʻlayotgan yangilanish, oʻzgarishlarga “mening ham aloqam bor” deb qarashdir.
Vatan va millat taqdiri uchun javobgarlik – “Mengayam koʻp narsa bogʻliq” deb oʻylash. Bu nima degani? Bu – faqat davlat rahbari emas, har bir fuqaro – yaʼni siz ham Vatan taqdiri uchun masʼul ekanligingni anglatadi.
Faol fuqarolik pozitsiyasi – “Men shunchaki kuzatuvchi emasman, men ishtirokchiman!” Nima degani bu? Bu – mamlakatda nima boʻlayotganini kuzatish, tushunish va unga nisbatan munosabat bildirish, oʻz hissangni qoʻshish.
Aziz talabalar, diqqat qiling!
Bugungi kunda tobora globallashib borayotgan notinch dunyoning koʻp joylarida urushlar boʻlayapti. Qon toʻkilayapti. Bolalar, keksalar qurbon boʻlayapti. Hurmatli Prezidentimizning tinchlikparvar siyosati tufayli biz tinch yashayapmiz. Biz buning qadriga yetib, tinchlik sharoitida vatanparvarlik qilishimiz kerak.
Aziz shogirdlarim!
Aksaringiz 12-22 yoshdasiz. Lekin sizlarda katta yurak bor. Ana shu yurak Vatanga, xalqimizga, Prezidentimizga sadoqatga toʻla boʻlsa, siz sherdek shijoatli boʻlasiz. Yangi Oʻzbekiston ana shunday sheryurak yigit-qizlarning qoʻllari bilan quriladi. Buning uchun Oʻzbekiston bayrogʻi sizlarning vijdoningizda hilpirab turishi kerak. Boshqalar koʻradimi, koʻrmaydimi, shuni yaxshi bilingki, sizning har bir yaxshi ishingiz mustaqillikni mustahkamlaydi!
Baʼzan oʻzgarishlarga daxldorlik tugul, oʻz yurtida boʻlayotgan yaxshi ishlarni ham koʻrmayotgandek fikrlaydiganlar topiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda oʻz davlatiga qarshi goho oshkor, goho pinhon toshlar otadi.
Bundan ming yillar avval Mahmud Koshgʻariy bobomiz “Devonu lugʻotit-turk”, yaʼni “Turkiy soʻzlar devoni” asarida “Tulku oʻz iniga ursa, ujuz boʻlur” yaʼni “Tulki oʻz uyasiga qarab ulisa qoʻtir boʻladi”, degan maqolni yozib qoldirgan. Ming yillar osh yashab kelayotgan bu maqol muallifning izohlashicha, “oʻz elini, urugʻini va mamlakatini yomonlovchilarga qarata aytiladi”.
3. YAKUNIY QISM
Oʻqituvchi sheʼriy asarni ifodali oʻqiy oladigan talabaga Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub “Sen davlatsan, aziz vatandosh” nomli sheʼrni beradi. Talaba tengdoshlari qarshisida uni taʼsirli ovozda oʻqiydi:
Talaba: Doʻstim!
Sen oʻzni koʻp hokisor tutma,
Ojiz bandaman, deb egib yurma bosh.
Yurtning egasisan, zinhor unutma,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Mustaqil, moʻtabar mamlakat – sensan,
Mamlakatda oliy mashvarat – sensan,
Xalqsan, hukumatsan, saltanat sensan,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Panada turmoqning fursati emas,
Bu tuproq faqirlar turbati emas,
Sohib boʻl, davlatning murvati emas,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Gʻayratsiz zotlarga zamonlar yomon,
Jasorat yoʻq yerda yomonlar omon,
Davlat ne, mardona boʻlmasang qalqon,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Diyonatli oʻtgan naslu nasabing,
Nohaqlikka bardosh bermas asabing,
Keragida boʻlsin qahring, gʻazabing,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Yurt farzandi asli oʻzi yurt boʻlar,
Koʻzi chaqnoq boʻlar, qalbi oʻt boʻlar,
Qatorda nori bor vatan but boʻlar,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Men deb koʻkrak kerib yurguvchi oʻzing,
Yurtga soqchi boʻlib turguvchi oʻzing,
Buyuk kelajakni qurguvchi oʻzing,
Sen oʻzing davlatsan, aziz vatandosh.
Oʻqituvchi: – Anglagan boʻlsangiz, sheʼrning butun ruhida yurtdoshlarimiz, xususan, yoshlarimizning mutelik, befarqlik, shijoatsizlik singari illatlardan xalos boʻlishga, oʻzini shu yurtning egasi sifatida his qilishga chaqiriq ufurib turibdi. Zero, ona yurti, tugʻib katta qilgan xalqining buguni va ertasiga daxldorlikni his qilib yashaydigan – oʻqiydigan, ishlaydigan, ilm va ijod qiladigan insonlargina Vatanni obod qilishadi, uning mustaqilligini ongli muhofaza eta olishadi. Aks holda, shoir aytmoqchi, “Gʻayratsiz zotlarga zamonlar yomon, Jasorat yoʻq yerda yomonlar omon” boʻlaveradi.
Agar eʼtibor bergan boʻlsangiz, bugungi suhbatimizda eslaganimiz xalq maqollarida ham, tinglaganimiz qoʻshiq va suhbatlarda, sheʼrlarda ham mana shu masala – har bir fuqaroning shaxs boʻlib shakllanishi, Vatan va xalq taqdiriga, milliy mustaqillikni asrash va mustahkamlash ishiga daxldor boʻlib yashashga oʻtli daʼvatlar bor. Shunday ekan, bugungi jonli muloqotimiz, oʻzimiz va oʻzligimizni anglashga bagʻishlangan suhbatimizning hikmatini ham Prezidentimiz daʼvatidan olsak toʻgʻri boʻladi, menimcha:
“VATAN UCHUN, MILLAT UCHUN, XALQ UCHUN YASHAYLIK!”
Mana shu muqaddas vazifa – mustaqilligimizni mustahkamlash, Yangi Oʻzbekistonni bunyod etib, jahonga tanitish yoʻlida sizlarga kuch va quvvat, soʻnmas shijoat, oʻqishingiz hamda boʻlgʻusi hayotingizda katta muvaffaqiyatlar tilayman!
Bundan yuz yillar oldin yurtimiz farzandlari hammadan zoʻr boʻlib ulgʻayishini istagan jadid bobolarimiz ham barchamizni tinimsiz harakatga, ilm olishga chaqirgan. Qadrli oʻquvchilar, keling endi hammamiz hozir jadid bobolarimiz yod etilgan mashhur qoʻshiqni tinglab, birgalikda kuylaymiz.
Oʻquvchilarga Jahongir Poziljonov ijrosidagi “Jadidlar” qoʻshigʻi qoʻyib beriladi va karaoke tarzida birga kulanadi.
Qadrli oʻquvchilar “kelajak soati” darsimizni jadid bobomiz Abdurauf Fitratning quyidagi gaplari bilan yakunlaymiz:
Turma – yugur,
Tinma – tirish,
Bukilma – yuksal,
Hurkma – kurash,
Qoʻrqma – yopish,
Yorilma – qoʻzgʻal.
Kim bu gaplarni hayotining shioriga aylantirsa, albatta oilasiga, Vataniga, millatiga, xalqiga munosib xizmat qiladigan inson boʻlib kamolga yetadi!
Mashgʻulotda faol ishtirok etgan barcha oʻquvchilarimizga esa alohida rahmat aytaman.
Xayr, salomat boʻlinglar!