O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari X.Umarova Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlis va Xalqimizga Murojaatnomasi haqida
Kecha mamlakatimizda muhim siyosiy voqelik – Oʻzbekiston Prezidentining Oliy Majlis va Xalqimizga Murojaatnomasi boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida ta’lim sohasiga alohida urgʻu berganliklari barchamizni quvontirdi. Murojaatnomadagi ta’limga oid raqam, yutuqlar va kelgusidagi vazifalarni eslatib oʻtsam:
– O‘quvchi va talabalarimiz joriy yilda xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z bilim va salohiyatini butun dunyoga namoyish qildi.
– 2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab o‘quvchilari o‘rtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar talabalari o‘rtasida muhandislik yo‘nalishlarida, Turkiy davlatlar texnikum o‘quvchilari o‘rtasida kasb yo‘nalishlarida xalqaro olimpiada o‘tkaziladi.
– Maktab kutubxonalari har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan ta’minlab boriladi.
– Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
– 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 tadan texnikum to‘liq ta’mirlanib, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boriladi.
– Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or ta’lim dasturlari joriy qilingan texnikumlar soni 100 taga yetkaziladi.
– 2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
– Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritsa, “Kasblar shaharchasi” maktab o‘quvchilarini qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
– “Dual ta’lim” asosida o‘qitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha 5 ball beriladi. Korxonalar ishga olgan texnikum o‘quvchisi uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi.
– 2026-yildan boshlab texnikumlarda “dual ta’lim” asosida ta’lim olayotgan 100 ming o‘quvchiga ilk bor stipendiya to‘lanadi. “A’lo” baholarga o‘qiyotgan, tanlagan kasbini puxta egallayotgan o‘quvchilarga esa oshirilgan miqdordagi stipendiyalar beriladi.
– Jizzax politexnika institutini Vengriyaning nufuzli “Obuda” universiteti boshqaruviga berishga qaror qilindi. O‘zbekistonda “Sukuba” milliy universiteti bilan hamkorlikda aniq fanlar bo‘yicha yangi oliygoh tashkil qilish haqida kelishib olindi. Bu tajriba davom ettirilib, aniq fanlar va texnika yo‘nalishidagi oliygohlarimizga dunyoning eng nufuzli universitetlari jalb qilinadi.
– Yana bir masala – mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy ma’lumotli kadrlar kirib kelmoqda. Endi oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratiladi. Unda talabalarning akademik ko‘rsatkichlari va korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “onlayn” tarzda ko‘rinib turadi. Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘ziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.
“Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatdosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida kasbiy ta’limning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz”,
– dedi Prezidentimiz.