Qo‘qonda xalqaro simpozium ish boshladi
Milliy g‘urur va vatanparvarlik bir-biriga yaqin, egizak tushunchalardir. Milliy g‘ururi baland insonlargina o‘z vatanini sevadi, uni asrab-avaylaydi.
Qo‘qon shahrida “O‘quvchilarni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning individual va differensial texnologiyalari” mavzuida xalqaro pedagogik simpozium o‘z ishini boshladi. U Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti, Qo‘qon shahar hokimligi va Qo‘qon universiteti tomonidan o‘tkazilmoqda. Unda mamlakatimiz va xorijdagi sohaning taniqli olimlari, tadqiqotchilari ilmiy izlanishlari natijalari bilan o‘rtoqlashadilar. Yosh avlod o‘rtasida milliy qadriyatlarni e’zozlash va targ‘ib qilishga bag‘ishlangan simpoziumda amaliy strategiyalar, ilmiy sessiyalar, qiziqarli panel muhokamalari, interaktiv seminarlar bo‘lib o‘tadi.
Simpozium o‘tkazish uchun Qo‘qon shahri tanlangani bejiz emas edi. Avvalo,Qo‘qon so‘nggi yillarda mamlakatning yirik ilmiy o‘quv markazlaridan biriga aylandi. Hozir bu yerda ikkita universitet faoliyat yuritmoqda. Qolaversa, o‘zbek pedagogika ilmi asoschilaridan biri akademik Qori Niyoziy aynan Farg‘ona viloyatida ilk faoliyatini boshlab nazariy tadqiqotlarini yaratgan edi. Milliy g‘urur va vatanparvarlik haqida gap ketganda, ona tilimiz, qadriyatlarimiz, bayrog‘imiz, madhiyamiz va gerbimiz kabi milliy ramzlarimizni eslash zarur. Bugungi kunda dunyoda 50 milliondan ortiq inson o‘zbek tilida so‘zlashadi. O‘zbek tili 70 dan ortiq xorijiy universitetlarda o‘qitilmoqda.
– Buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy aytganidek, “Ona tili – inson qalbining eng nozik torlarini chertadigan vosita”. Shu bois ona tilimizni e’zozlash va uni yosh avlod ongiga singdirish biz pedagoglarning muqaddas burchidir, – deydi Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori Xolboy Ibragimov. – Mazkur xalqaro simpozium yoshlar qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, degan umiddamiz.
Simpoziumning ochilishida so‘zga chiqqan olim va ma’murlar pedagogik mezon, me’yorlar zamon talabidan kelib chiqib, ya’ni ta’lim texnologiyalari rivoji ta’sirini inobatga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi, moslashtirilishi lozimligini ta’kidladilar.
Ertaga simpozium turli yo‘nalishdagi seksiyalarda davom etadi.