Shavkat Mirziyoyev bugun Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev bugun Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falihni qabul qildi, shuningdek, Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ma’lumot uchun: ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli 27 milliard dollardan oshdi. Shu bilan birga, joriy yil boshidan buyon yurtimizda Saudiyaning 2 milliard dollarlik investitsiyalari o‘zlashtirildi. Aviaqatnovlar soni haftasiga 60 martadan ortdi.

➖ Bugungi kunda "ACWA Power" kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda 15 milliard dollarlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, "yashil" vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda.

➖ "Data Volt" kompaniyasi Toshkent shahrida zamonaviy ma’lumotlar markazini tashkil etish loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar qurilishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining raqamli tashabbuslardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

➖ Toshkent va Samarqand viloyatlarida "Kelajak metallari texnoparki" tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

➖ Infratuzilma sohasida "Miahona" kompaniyasi bilan Farg‘ona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilinayotgani qayd etildi.

➖ "Saudi Tabreed" kompaniyasi bilan kommunal sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.