Til – millat ko‘zgusi
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi istiqlolga erishish yo‘lidagi asosiy qadamlardan biri bo‘lgan edi. Yurtimiz mustaqil bo‘lgach, ona tilimiz o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘ldi. Bugunga kelib o‘zbek tilimiz xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Xalqaro anjumanlarda o‘zbekona kalomning aytilishi, chet eldagi ta’lim dargohlarida o‘zbek tilini o‘rganish markazlarining borligi tilimizning nufuzi oshib borayotganidan dalolat.
Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirni Qori Niyoziy nomidagi TPMI direktori til bayramiga atalgan nutqi bilan ochib berdi. So‘ng, Avaz O‘tarning “Til” g‘azali asosida mumtoz qo‘shiq yangradi. Tadbirda doktorantlar o‘zbek tilining tarixi va bugunga qadar bosib o‘tgan yo‘li haqida qiziqarli ma’lumotlar keltirib o‘tishdi.
Jumladan, Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asaridagi lug‘at tili, ya’ni eski o‘zbek tilining leksik boyligi, grammatik qurilishi haqida qimmatli ma’lumotlar berildi. Tadbir qatnashchilari ishtirokida “Nutqimiz ko‘rki” mavzusida maqollar bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar tilga oid qiziqarli maqollardan bir nechtasini keltirib o‘tishdi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘zbek tilini o‘rganishga katta qiziqish va istak bildirayotganlari ayniqsa e’tiborli.
Shu ma’noda, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi – Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Rennesans davri poydevorini mustahkamlash yo‘lida ona tilimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani har qancha tahsinga loyiq.
Xulosa qilib aytganda, ona tili millatning ruhi, borligimiz va birligimiz, davlat timsoli ekanini e’tiborga olgan holda, uni asrash va rivojlantirish har bir fuqaroning insoniy burchi hisoblanadi. Bu kabi ma’rifiy tadbirlar o‘zbek tilini yanada rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA