Turkiy davlatlar tashkiloti Turkiy universitetlar Ittifoqi (TÜRKÜNİB)ning 8-Bosh Assambleyasiga mezbonlik qilmoqda.
Yaqinda Gabala shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va unda Prezidentimiz bir qancha tashabbuslarni ilgari surgan edi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, 2025-2026-yillarda mamlakatimiz Turkiy universitetlar ittifoqiga raislik qilishini ma’lum qilgandi.
Ayni shu kunlarda poytaxtimiz Toshkent Turkiy davlatlar tashkiloti Turkiy universitetlar Ittifoqi (TÜRKÜNİB)ning 8-Bosh Assambleyasiga mezbonlik qilmoqda.
Unda TDT bosh kotibi Kubanychbek Omuraliyev, Turkiy Akademiya prezidenti, professor Shahin Mustafayev, TÜRKÜNİBga a’zo OTM rahbarlari, 69 ta xorijiy universitetlardan jami 200 nafarga yaqin rektor va prorektorlar ishtirok etdi.
Bugun tadbirda qardosh hamkorlarimiz bilan uchrashdik, hamkorlik masalalarini muhokama qildik.
Assambleyada Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya, Shimoliy Kipr va O‘zbekiston vakillari qatnashdi.
TÜRKÜNİBga yangi universitetlarning a’zolik arizalarini ko‘rib chiqish, almashinuv dasturini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot, innovatsiya jamg‘armasiga oid va boshqa bir qancha ishlarni muhokama qildik.
Ertaga ham tadbirlar davom etadi. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Qoraxoniylar – Alp Er To‘nga (Afrosiyob) avlodlari: Qoraxoniylar davridagi turkiy va islom olami” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.